16:57 / 30.04.2021
9759

Qarshida muhokamaga sabab bo‘lgan flagshtok o‘rniga yotoqxona ta'mirlab beriladigan bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrida o‘rnatiladigan flagshtok ustunining o‘ziga 1,35 milliard so‘m sarflanishi ma'lum qilingach, bu ijtimoiy tarmoqlarda keskin munosabatlarni qo‘zg‘adi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev bu borada o‘z fikrlarini bayon etdi:

«Avvalo, ushbu masalani keng jamoatchilik e'tiboriga olib chiqqan OAVlarga rahmat. Har birimizning Vatanga bo‘lgan muhabbatimiz cheksiz. Ramzlari ham qadrli. Lekin, buning uchun xalqdan, tadbirkorlardan kelayotgan mablag‘ evaziga bu qiymatdagi qurilishni bugungi vaziyatda sarflash befoydadek, chog‘i. Bu fikrni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik yurtdoshlarimiz ham bildirib o‘tishibdi.

O‘zim ham davolanishda bo‘lganim sababli, shifoxonada ushbu xabarni o‘qib qoldim. Muhtaram yurtboshimizning talab va maqsadlari xalqni rozi qilish, xalqning yashash sharoitlarini yaxshilashdan iborat bo‘lib turgan bir paytda, bu kabi qurilish ishlariga o‘zim ham qarshiman.

O‘zim ham har kuni aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida tuman va shaharlarda bo‘laman. Yaqinda Qarshi shahridagi 136-sonli oilaviy yotoqxonaga borib uysiz fuqarolarimizni majburlikdan xarobaga aylangan binoda qo‘nim topgani meni qiynadi.

Men bilan hamroh bo‘lib borgan rahbarlarning ham ozroq bo‘lsa-da, vijdoni qiynalgan bo‘lsa kerak. Ayrimlari hayot sinovlarini yengib o‘ta olmagan bo‘lsa ham, ularning shirindan-shakar farzandlarida nima gunoh? Ular ham baxtli yashashga haqli.

Yonimizdagi yotoqxona xaroba ahvolda bo‘lsa-yu, biz «ustun quramiz», deb xalqning jig‘iga tegib o‘tirsak.

Ushbu xaroba yotoqxonani ta'mirlash uchun 2,5–3 mlrd so‘m atrofidagi mablag‘ning manbasini qayerdan topishni bilmay turgandim.

Ustun uchun sarflanayotgan 1,35 mlrd. so‘mni ushbu yotoqxona ta'miriga yo‘naltiramiz. Qolgan summaning ham manbasini topib, ushbu yotoqxonani katta tantana bilan topshiramiz. Mustaqilligimizning 30 yillik bayramiga ustun emas, fuqarolarimiz uchun shinam xonadonlar tuhfa qilamiz.

Ustun masalasiga kelsak, biror homiy tomonidan ixtiyoriy qo‘llab-quvvatlansagina quriladi. Davlat budjetidan mablag‘ sarflanmaydi», degan ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan Zoyir Mirzayev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning bir nechta shaharlarida flagshtoklar o‘rnatilgan. Ularning eng balandi Urganch shahrida bo‘lib, uning balandligi 66 metrni tashkil etadi va jahonda 15-o‘rinni egallaydi. Urganchdagi bayroq Toshkent va Guliston (65 m), Buxoro (60 m) va Nukus (55 m) dagi bayroqlardan balandroq joylashgan. Qarshidagi bayroqning balandligi 62,5 metr bo‘lishi rejalashtirilgan edi.

Top