O‘zbekiston | 17:20 / 24.06.2021
15963
8 daqiqa o‘qiladi

Shahidlar xotirasi majmuasi tendersiz, shahar yerlarini sotish evaziga ta'mirlanadi

Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” majmuasida olib boriladigan qurilish-ta'mirlash ishlari Toshkent shahar hokimligi mahalliy budjeti va majmua atrofidagi 3,7 gektar yerni sotish hisobidan moliyalashtiriladi. Obektlarni qurish va jihozlash uchun tender o‘tkazilmagan. Qurilish vaziri o‘rinbosari jamoatchilikka noto‘g‘ri ma'lumot bergani ma'lum bo‘ldi.

Foto: Qurilish vazirligi

Aprel oyida Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hududida qurilish va ta'mirlash ishlari bajarilishi bo‘yicha tarqalgan xabar jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgandi.

O‘shanda poytaxt hokimligi va Qurilish vazirligi bergan izohlarda, majmuada hukumat qarori bilan qatag‘on qurbonlari nomi aks etadigan ramziy kitob, muzey xodimlari uchun bino, milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari, amfiteatr, veloyo‘laklar qurilishi bildirilgan.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev 28 apreldagi matbuot anjumanida jurnalistlar savobiga javoban qurilishga qancha pul ajratilishi va pudratchilar hali noma'lum ekani, loyihalar tenderlar asosida amalga oshirilishini aytgandi.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev

Ammo keyingi voqealar vazir o‘rinbosarining gaplari yolg‘on ekaniga ishora qilyapti. Jamoatchilik, hukumatning ochiq e'lon qilinmay kelayotgan tegishli qarori 2021 yil 3 aprelda qabul qilingani, ya'ni barchasi 3 apreldayoq aniq belgilab qo‘yilganidan xabar topdi. Ya'ni 28 apreldagi matbuot anjumaniga qadar binolarni kimlar quradi, taxminan qancha pul ajratiladi, bari oldindan tasdiqlangan bo‘lgan.

Qurilish-ta'mirlash ishlariga qancha mablag‘ sarflanadi?

Gazeta.uz taqdim etgan qaror suratida “Shahidlar xotirasi” majmuasi qurilish-ta'mirlash ishlariga birinchi bosqichda Toshkent shahar hokimligining mahalliy budjetidan 20 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi ko‘rsatilgan. Ikkinchi bosqichda esa yerlarni lotlarga ajratishda sarmoyadorlardan tushadigan mablag‘lar hamda yetmagan qismi hokimlik mahalliy budjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan yo‘naltiriladi.

Hujjatda majmua yaqinidagi 3,7 gektar yer uchastkalari sotilishi va buning uchun ular shahar hokimligi zaxirasiga beg‘araz taqdim etilishi belgilangan.

Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Bo‘sh obektlardan samarali foydalanishni tashkil qilish markazi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi balansidagi, maydoni 2,67 gektar bo‘lgan yer uchastkasi (Yunusobod tumani Bo‘zsuv bo‘yi ko‘chasi, 28-uy) hokimlik balansiga bepul o‘tkazib beriladi. Ushbu obekt “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi yonida joylashgan:

Shu bilan birga, «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma markaziga tegishli Amir Temur shohko‘chasi 107-uy manzilidagi 0,9 gektar yer maydoni ham poytaxt hokimligi zaxirasiga o‘tkaziladi.

“Yandeks.Karta” va 2GIS ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur manzilda “Toshkentlend” yonidagi Aqva Bog’i akvaparki joylashgan. Ushbu yer maydonlarini zamonaviy xizmat ko‘rsatish obektlari, jumladan biznes markazlari, milliy ovqatlanish joylarini tashkil etish uchun investorlarga sotish rejalashtirilgan.

Yerlar “E-IJRO Auksion” elektron savdo maydonchasi orqali yoki aniq investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotiladi.

Istisno tariqasida yerlarni sotishdan tushgan mablag‘lar majmua hududidagi obektlar qurilishini moliyalashtirish uchun buyurtmachi (Toshkent hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi) hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Kanal va akvapark hududi o‘rtasidagi 1 gektarlik va 0,5 gektarlik maydon mulkdorlarga “davlat va jamoat ehtiyojlari uchun” olingan hududlar o‘rniga tovon sifatida mulkdorlarga qaytarib beriladi.

Qarorda qurilish ishlari tendersiz amalga oshirilishi belgilangan. Vaholanki, Qurilish vazirligi mulozimi loyihalar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi, qurish-ta'mirlash bo‘yicha tender o‘tkazilishini aytgandi.

Hujjatda keltirilishicha, qurilish-ta'mirlash ishlarining bosh loyihachisi – “O‘zshaharsozlik LITI” DUK, bosh pudratchisi – “Mimar Group” MChJ. Ular tomonidan xiyobonda ramziy kitob barpo etiladi, ramziy rotonda rekonstruksiya qilinadi va muzey xodimlari uchun ma'muriy bino qurilib, jihozlanadi. Qurilish-montaj ishlarini 2021 yilning 1 sentyabriga qadar loyihalash-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Savdo do‘konlari, ochiq amfiteatr va Wi-Fi hududlarini tashkil etish kabilar jamoatchilik e'tirozidan so‘ng loyihadan chiqarilgan.

Jamoatchilik nimadan norozi?

Qurilish ishlari ketayotgan majmua atrofi o‘rab olingan.
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Qaror ochiqlanganidan keyin, unda belgilangan ayrim masalalar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar va e'tirozlar yana avj olishiga sabab bo‘ldi. Xususan, hujjatda shahar yerlarini sotish orqali qurilish ishlarini bajarish keltirilgani noroziliklar bildirilishiga olib keldi.

“Kompleks atrofidagi 3,7 gektar tillo narxdagi yerni egallab olish uchun o‘ylab topilgan rekonstruksiya loyihasi go‘yo. Boshqacha iqtisodiy motiv mantiqsiz. Sharmanda. Muhr. Bu mening o‘ta shaxsiy fikrim. Shahid ketganlar ruhi chirqirayotgani aniq. Chirqiratadiyam. Agar Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi buni o‘rganmasa, bilmadim, yana nimani o‘rganish kerak”, – deb yozadi bloger Otabek Bakirov telegam kanalida.

Davletovuz kanali muallifi holatni achinarli deb ta'riflab, quyidagicha savolni o‘rtaga tashladi:

“Pulimiz bo‘lmasa, ta'mirlash kerak edimi? Shunaqa paytlar muammomiz pul topish emas, balki bor pulni oqilona sarflash ekani ayonlashadi”.

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev mazkur qaror uchun asos qilib olingan prezident farmoyishida majmuada faqatgina ramziy kitob yaratish va Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimlari uchun alohida xizmat binosini qurish belgilangani, maishiy xizmat binolari yoki savdo do‘konlari, Wi-Fi hududlari yoki amfiteatr qurish umuman ko‘zda tutilmaganiga e'tibor qaratdi.

“Prezidentimizning Yer munosabatlarini tartibga solishga oid 8 iyundagi PF-6243-sonli farmoniga asosan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarning sotilishi faqat elektron onlayn-auksion orqali bo‘lishi belgilangan bo‘lib, farmon rasman e'lon qilingan kundan boshlab qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar mazkur farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat'iyan to‘xtatilgan. Shundan kelib chiqib, VM qarorida investorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi ko‘zda tutilgan yerlar savdosi to‘xtalishi kerak emasmi? (agar farmon chiqquncha sotib ulgurilmagan bo‘lsa, albatta)” – deya yozadi deputat.

Doniyor G‘aniyev “Shahidlar xotirasi” xiyoboni moddiy madaniy meros obektlari ro‘yxatida turishi, bu ro‘yxatdagi obektlarga shikast yetkazish va ularning hududlarida moddiy madaniy meros obekti hisoblanmaydigan bino-inshootlar hamda boshqa obektlarni ruxsatnoma olmasdan qurish ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatgan.

“Shundoq ham Toshkentning bir necha bog‘ va xiyobonlari kimlarningdir tijoriy maqsadlari yo‘lida xususiylashtirildi yoki tugatilib, o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurib bo‘lindi. Shu kungacha bu ishlarni hammamiz bilib, bilmaslikka oldik, hammasiga ko‘z yumib keldik”, – deb yozdi deputat G‘aniyev telegram sahifasida.

Mazkur qurilishlar natijasida majmua xotira maydoni emas, ko‘proq ko‘ngilochar joyga aylanib qolish ehtimolining yuqoriligi aholini xavotirga solmoqda.

Mavzuga oid