Toshkentda mototsikl haydovchisi tezlikni 310 km/soatgacha olib chiqqani aks etgan videoni Instagram'ga joyladi.
Poytaxt IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov ma’lum qilishicha, haydovchiga MJtKning 128-3-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu moddada 9 BHM – 3,37 mln so‘m jarima jazosi ko‘zda tutilgan.
Qahramon Xudoyberganov mototsikl haydovchisiga nechta holat bo‘yicha bayonnoma tuzilganiga aniqlik kiritmagan. Bloger joylagan videoda qoidabuzarlik kamida ikki marta sodir etilganini ko‘rish mumkin: haydovchi BMW S1000RR rusumli mototsiklda tezlikni 310 km/soatgacha, Yamaha R1 rusumli mototsiklda esa 299 km/soatgacha olib chiqqan.
Bundan tashqari, qoidabuzarning Instagram sahifasida u avval ham tezlik bilan bog‘liq qoidabuzarliklar sodir etgani aks etgan videolarni ko‘rish mumkin.
O‘zini “O‘zbekistondagi birinchi motobloger” deb ta’riflovchi shaxs YHXB matbuot kotibining savoliga javoban 310 km/soat tezlikda harakatlangani aks etgan videosini avgust oylarida olganini aytgan va bu holat “boshqa qaytarilmasligi”ga va’da bergan.
“Tarixda birinchi marta YPX xodimi 310 tezlikka protokol tuzyapti. Endi savol-da, 310 tezlikka “shtraf” nech pul bo‘ladi? Kim nima deb o‘ylaydi?” – deya kulgan u storisga joylagan videosida.
“Hammaga rahmat. Asosiysi, kontentni to‘xtatmaymiz”, – degan u boshqa bir storisda.
Qoidabuzar tezligi bilan maqtangan videosini sahifasidan o‘chirib yubormagan.











