O‘zbekiston | 11:49 / 26.12.2025
652
3 daqiqa o‘qiladi

Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 8,5 trln so‘m ajratiladi

2026 yil - “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida mahallalar infratuzilmasini tubdan yaxshilash bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etilishi belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, bu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinishi ma’lum qilindi. Dasturda yurtdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z aksini topishi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘yilmoqda va bu yo‘lda har bir soha hamda tarmoqda chuqur transformatsiya zarur. Davlat rahbari maqsad yaqin yillarda O‘zbekistonni daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga olib chiqish ekanini, fuqarolar esa islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerakligini ta’kidladi.

Prezident 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan birinchisi sifatida mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish vazifasini ko‘rsatdi.

«Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport ta’minoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi», — dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi. Unga ko‘ra, har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlab olinib, ushbu tumanlardagi barcha mahallalarda mavjud muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qilishga qaratilgan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, bu hududlarda tadbirkorlik infratuzilmasi ham parallel ravishda rivojlantirilishi belgilandi.

Mazkur maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi. “Yashil hudud” va “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputat tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi ham belgilandi.

Prezident ta’kidlaganidek, ushbu yondashuv orqali 2030 yilgacha sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarga “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ni olib kirish maqsad qilingan.

Mavzuga oid