Sport | 11:29 / 18.08.2025
7836
18 daqiqa o‘qiladi

«MYu» kuchli o‘ynab yutqazdi, «Chelsi» durang bilan boshladi. Kun o‘yinlari

Modrich «Milan»da debyut qildi, «Atletiko» 15 yildan buyon ilk bor 1-turda yutqazdi. Yakshanba oqshomida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Arsenal» «Old Trafford»dan 3 ochko bilan qaytdi

APL. 1-tur
«Manchester Yunayted» — «Arsenal» 0:1
Gol:
Kalafiori (13).
«Manchester Yunayted» — Bayindir, Dalot (Diallo, 55), Yoro, Le Ligt, Shou (Maguayr, 80), Dorgu, Kazemiro (Ugarte, 65), Fernandesh, Maunt (Sheshko, 65), Mbeumo, Kunya.
«Arsenal» — Rayya, Uayt (Timber, 72), Gabriel, Saliba, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 72), Rays (Merino, 83), Subimendi, Edegor, Saka, Martinellli (Madueke, 60), Gokeresh (Haverts, 60).
Ogohlantirishlar: Kalafiori (42), Dorgu (85), Rayya (85), Timber (90+1), Lyuis-Skelli (90+3).

Angliya premer ligasida 2025/26 yillar mavsumining birinchi turi futbol muxlislariga birdaniga ikki top uchrashuvni taqdim etdi. Juma oqshomida hujum chizig‘ini yangilagan «Liverpul» «Bornmut»ga qarshi o‘yinda iroda ko‘rsatib, 4:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Yakshanba kuni esa ingliz klassikasi bo‘lib o‘tdi — «Manchester Yunayted» «Old Trafford»da «Arsenal»ni qabul qildi.

Bu jamoalar yozgi transferlarni faol o‘tkazdi, ayniqsa, o‘tgan mavsumni 15-o‘rinda yakunlagan «MYu» 230 million yevro sarflab, hujum chizig‘iga Kunya, Mbemo va Sheshko kabi to‘purar futbolchilarni sotib oldi va bu mavsumda o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Qatorasiga uch mavsumda chempionlik poygasini boy bergan «Arsenal» uchun esa yangi mavsumni g‘alaba bilan boshlash juda muhim edi.

«Arsenal» ham transferlar uchun 200 million yevroga yaqin xarajat qildi va tarkibini yarimhimoyachilar Martin Subimendi va Kristian Norgar, hujumchilar Noni Madueke va Viktor Gyokeresh, himoyachi Moskera va darvozabon Kepani o‘z safiga qo‘shib oldi.

Murabbiylar o‘z ixtiyoridagi eng kuchli tarkibni maydonga tashladi. Amorim faqat jamoaga qo‘shilganiga ko‘p bo‘lmagan Sheshkoni zaxirada qoldirdi — Mbemo va Kunya ilk daqiqalardan harakat qildi. Arteta esa yangi xaridlardan Gyokeresh va Subimendini boshlang‘ich tarkibga kiritdi.

Bayindirning xatosi va Kunyaning magiyasi

«Yunayted» o‘yinni tetik boshladi — mezbonlar darhol to‘pni o‘z nazoratiga oldi va bir necha bor turli qanotlardan raqib jarima maydoniga kirib borishga urindi. Ayniqsa Kunya va chap qanot himoyachisi Patrik Dorgu jonbozlik ko‘rsatishdi — ular dastlabki 10 daqiqalikda bir necha xavfli vaziyatlar yaratishdi.

«Arsenal»dan esa kuchli bosimga dosh berish talab etildi va ular buni uddalashdi. 10-daqiqadan keyin esa mezbonlar bosimni susaytirdi va buning uchun to‘lov qilishdi. 13-daqiqada «kanonirlar» hujumga o‘tishdi va burchak to‘pi ishlashdi — «Arsenal» sardori Martin Edegorning qanotdan uzatmasidan keyin Mateys de Ligt to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Standart vaziyatlar esa hamon mankunianlar uchun nozik nuqta ekani ayon bo‘ldi.

Arteta jamoasi esa aksincha bunday vaziyatlarda maksimal xavfli harakat qiladi va o‘tgan mavsumda shunday vaziyatlardan eng ko‘p gol urgan jamoalar qatorida bo‘lgandi. «Arsenal» yana burchak zarbasidan gol urdi. Bu holatda mezbonlar juda sust harakat qilishdi. Deklan Rays oddiy uzatma berdi, ammo darvozabon Altay Bayindir to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pni ortida bo‘sh turgan Rikkardo Kalafioriga o‘tkazib yubordi. Italiyalik himoyachi hech qanday qarshilikka uchramasdan bir necha santimetrdan bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

O‘tkazib yuborilgan gol «qizil iblislar»ning o‘yiniga ta’sir ko‘rsata olmadi — ular o‘yinni oldingi sur’atda davom ettirib, «Arsenal» himoyasini turli qanotlardan buzib o‘tishga urinishdi. Bunday urinishlar o‘tgan mavsumdagi bilan solishtirganda ancha yaxshi chiqdi, ayniqsa Kunya ancha yaxshi taassurot qoldirdi — braziliyalik hujumchi ikki bor «Messi rejimi»ni yoqdi va driblingi bilan bir necha raqibni ortda qoldiri. Mbemo ham ancha foydali harakat qildi. Lekin birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra mezbonlar zarbalar bo‘yicha ikki barobar ustunlikka (10:5) erishganiga qaramay, gol ura olishmadi. «Arsenal» amalda hisobga qarab o‘ynadi va tanaffusga g‘olib holda yo‘l oldi.

«MYu»da yana bir sifatli bo‘lim

Ikkinchi bo‘limda Arteta oldingi chiziqda o‘yinga umuman qo‘shila olmagan Gyokeresh va Martinellini zaxiraga oldi (shvetsiyalik hujumchi biror marta zarba berolmadi, biror marta aldab o‘tolmadi va to‘qqiz pasdan beshtasi xato chiqdi). Ularning o‘rniga Madueke va Havers tushirildi. Ammo «Arsenal» ikkinchi raqamda o‘ynashda davom etti va Bayindir darvozasi qarshisida xavfli vaziyatlar deyarli yaratmadi.

«MYu» esa, aksincha, to‘xtovsiz hujum uyushtirdi. 65-daqiqada Amorim Meyson Maunt o‘rniga Sheshkoni ham jangga tashladi, ammo baribir to‘p darvozaga kirmadi.

O‘yin oxiriga borib «qizil iblislar» o‘yinni soddalashtirib, uzun uzatmalar bilan o‘ynashga o‘tdi. Mehmonlar esa vaqt cho‘zishga va qo‘pollik bilan raqibni to‘xtatishdan tortinmadi. 85-daqiqadan keyin londonlik futbolchilar uchta sariq kartochka olishdi. Shundan ikkitasi — ochiqchasiga vaqt cho‘zgani uchun darvozabon David Rayya va himoyachi Yurriyen Timberga ko‘rsatildi.

Shunga qaramay, «Arsenal»ning taktikasi o‘z maydonida doim kuchli o‘yin ko‘rsatadigan «Manchester Yunayted»ga qarshi ish berdi. Barcha parametrlar bo‘yicha ortda qolganiga qaramay (XG bo‘yicha 1.59 ga 1.05 va zarbalar bo‘yicha 22-9 mezbonlar foydasiga), Arteta shogirdlari safardan uch ochko olib qaytishdi. Ammo «Manchester Yunayted» o‘zining yaxshi o‘yini bilan ko‘pchilikni ajablantirdi, yangi futbolchilar ham jamoaga yaxshi qo‘shilib ketishgani ko‘rindi. Agar Amorim jamoasi shu ruhda o‘ynashda davom etadigan bo‘lsa, g‘alabalar ham keladi. Arteta esa chempionlikka erishmoqchi bo‘lsa, hali ko‘p ish qilishi kerak.

«Chelsi» — «Kristal Pelas» 0:0
«Chelsi» — Sanches, Jyeyms (Gyusto, 79), Achimpong, Chaloba, Kukurelya, Kaysedo, Fernandes (Santos, 79), Netu, Palmer, Gittens (Estevao, 54), Pedro (Delap, 73).
«Kristal Pelas» — Henderson, Richards, Lakrua, Gehi, Munyos, Uorton, Hyuz (Lerma, 70), Mitchell, Sarr, Eze (Devenni, 84), Mateta.
Ogohlantirishlar: Jyeyms (24), Munyos (28), Mateta (33), Hyuz (49), Estevao (74).

«Chelsi» hujum chizig‘i «Kristal Pelas» mudofaasini yorib o‘tolmadi. Yaqinda klub muzeyiga Angliya Superkubogini ham qo‘shib qo‘ygan va keyingi mavsumda yevrokubokdagi ishtirokini boshlaydigan mehmonlar esa o‘yin debyutida darvozani ishg‘ol etishdi. Ammo Eze jarima zarbasidan urgan gol xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi: videohakamlar arbitrni monitor qarshisiga taklif etishdi va bu gol bekor qilinishiga olib keldi. Hakamlar zarba beruvchi tomon himoyachisi Gehi qoidani buzib, «jonli devor»ga bir metrdan kam masofada yaqinlashganiga e’tibor qaratishdi. O‘yin davomida jamoalar jami 31 bor zarba berishdi, lekin hisob ochilmay qoldi. Oxirgi bor birinchi turda bunday hujumkor o‘tgan o‘yinda golsiz durang qayd etilishi2018 yilda «Byornli» va «Sauthempton» o‘rtasidagi o‘yinda (34 zarba) qayd etilgandi.

«Nottinghem Forest» — «Brentford» 3:1
Gollar:
Vud (5, 45+2), Ndoyye (42) — Igor (78, penalti).
«Nottinghem Forest» — Zels, Ayna, Milenkovich, Murillo, Uilyams, Sangare, Anderson, Ndoyye (Jota Silva, 79), Gibbs-Uayt (Yyeyts, 84), Hadson-Odoi, Vud (Igor Jyesus, 79).
«Brentford» — Kelleher, Kayode, Kollinz, van den Berg, Genri (Hiki, 88), Yyensen (Henderson, 69), Yarmolyuk, Lyuis-Potter (Oniyeka, 69), Milambo (Shade, 46), Karvalyu, Igor Tiago.
Ogohlantirishlar: Kollinz (52), Uilyams (53), Hiki (90).

O‘tgan mavsumda shov-shuv ko‘targan «Nottinghem» yangi chempionatni ham kuchli boshladi, «Brentford» esa «Tottenhem»ga ketgan bosh murabbiyi Tomas Franksiz hamda hujum chizig‘i yetakchilarisiz (Mbemo, Norgar va Vissa) bu mavsumda ligada qolish uchun kurashishi ko‘rinib qoldi. Masalan, «asalarilar» birinchi burchak zarbasidayoq gol o‘tkazib yuborishdi, o‘tgan mavsumda esa jamoa faqat 18-turga kelib standart vaziyatdan gol o‘tkazgandi. Vud esa beshinchi daqiqadagi goli bilan «o‘rmonchilar»ning APL birinchi tur o‘yinlaridagi eng tezkor goli muallifiga aylandi. Bo‘lim oxirida yangi zelandiyalik hujumchi Andersonning himoyachilar orasidan o‘tib kelgan uzun pasini golga aylantirib, dublini nishonladi. Bu orada Ndoya debyut golini urgandi. Yozda «Bolonya»dan xarid qilingan shveysariyalik vinger Gibbs-Uaytning uzatmasidan keyin boshi bilan olis burchakni aniq nishonga oldi.

Ispaniya: Niko benefisi va Simeonening qoqilishi

La Liga. 1-tur. 17 avgust
«Atletik» — «Sevilya» 3:2
Gollar:
N.Uilyams (36, penalti), Sannadi (43), Navarro (81) — Lukebakio (60), Agume (72).
«Atletik» — Simon, Areso (Gorosabel, 83), Vivian, Paredes, Berchich, de Galarreta (Vesga, 78), Xauregisar, I.Uilyams, Berenger (Navarro, 67), N.Uilyams (Rego, 83), Sannadi (Guruseta, 67).
«Sevilya» — Nyuland, Sanches, Kastrin (Yanuzay, 61), Salas, Karmona, Agume, Gudel (Markan, 82), Lukebakio, Sou (Romero, 87), Idumbo (Ejuke, 46), Adams.

Yozda Niko Uilyamsning «Barselona»ga o‘tishi bo‘yicha saga uning «Atletik» bilan o‘n yillik shartnoma imzolashi bilan yakunlandi. Bu amalda umrbod shu klubda qolish degani, ammo bilbaoliklar uchun bu odatiy amaliyot. Bu jamoada faqat mahalliy futbolchilar o‘ynaydi. Aka-uka Uilyamslarning kichigi esa — «San-Mames»ning haqiqiy javohiri va qiroli. Yakshanba kuni Niko penalti ishladi va uni o‘zi aniq ijro etdi. Keyin finti bilan himoyachini dog‘da qoldirib, to‘pni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqib kelgan Sannadiga yetkazib berdi. Ikkinchi bo‘limda Ernesto Valverde jamoasi xotirjamlikka berilganda «Sevilya» ikki gol bilan javob qaytardi, ammo o‘yin masalasini baribir Nikoning harakatlari hal qildi. U akasi Inyakining kesib o‘tuvchi pasiga yetib bordi va Navarroni golli pas bilan ta’minladi. «Atletik» futbolchisi la liganing bir o‘yinida penalti ishlashi, gol urishi va golli paslar berishi afsonaviy to‘purar Aduris zamonidan buyon kuzatilmagandi.

«Espanyol» — «Atletiko» 2:1
Gollar:
Rubio (73), Milya (84) — Alvares (37).
«Espanyol» — Dmitrovich, Al Hiloli, Kalero (Rubio, 66), Kabrera Romero, Eksposito, Losano, Xofre (Dolan, 46), Terrats (Garsiya, 46), Puado (Salinyas, 88), Fernandes (Milya, 74).
«Atletiko» — Oblak, Lorente, Le Norman, Hansko, Rujyeri, Gallaher (Barrios, 46), Kardoso (Koke, 46), Simeone, Baena (Grizmann, 68), Almada (Raspadori, 68), Alvares (Syorlot, 82).
Ogohlantirishlar: Kardoso (42), Kalero (54), Le Norman (67), Lorente (72), Al Hiloli (74), Salinyas (90+3).

Boshlang‘ich tarkibda birdaniga besh nafar yangi futbolchi tushirish — konservator sifatida nom qozongan Diyego Simeonega xos kartina emas. «Espanyol» esa raqibning yangi futbolchini qiyin sinovdan o‘tkazdi va madridliklar himoyasiga qattiq bosim uyushtirdi. Mehmonlar bu bosimga dosh berishdi, birinchi bo‘lim oxirida esa Xulian Alvares jarima zarbasini a’lo darajada ijro etib, jamoani hisobda oldinga olib chiqdi. Agar o‘tgan mavsum startidan hisoblansa, bu ushbu argentinalik hujumchi uchinchi bor standart vaziyatdan gol urishi bo‘ldi. Top-5 ligalarda bu — Brunu Fernandesh («MYu») va Marmush («Manchester Siti» va «Ayntraxt») bilan bir qatorda eng yaxshi ko‘rsatkich.

Lekin «matraschilar»ga pragmatik o‘yin yetishmadi va kataloniyaliklar bundan foydalanib, kambek amalga oshirishdi. Jarima zarbasi ijro etilganida Rubio mehmon jamoa himoyachilari ortiga ochildi va hisobni tenglashtirdi. Ko‘p o‘tmay Milya boshda olis to‘qqizlik tomon chiroyli zarba berdi va g‘alaba golini nishonladi. «Atletiko» 15 yildan buyon ilk bor birinchi turda yutqazdi.

Fransiya: chempionlar foydasiga rikoshet

Liga 1. 1-tur. 17 avgust
«Nant» — «PSJ» 0:1
Gol:
Vitinya (67).
«Nant» — Antoni Lopesh, Avazem, Tati, Kozza, Amyan, Xok Kyu Kvon (Koklen, 79), Lepeno, Leru (Assumani, 86), Benattab (Xyun Sok Xong, 59), Girassi (Ablen, 59), Mustafo Muhammad (Kamara, 79)
«PSJ» — Shevale, Zair-Emeri, Zabarniy, Beraldo, Ernandes (Mendesh, 61), Li Kang (Due, 55), Vitinya, Ruis (Hakimi, 61), Mbayye (Dembele, 61), Barkolya, Ramush (Kvaratsxeliya, 78).
Ogohlantirishlar: Amyan, 45 - Hakimi, 80

«PSJ» o‘tgan mavsumdagi ikki o‘yinda ham doimgidek ligada qolish uchun kurashgan «Nant»ni yenga olmagandi (ikki o‘yinda ham 1:1). Bu safar ham chempionlar «kanareykalar» maydonida qiynalishdi. Klublar mundialidagi ishtiroki tufayli shusiz ham ta’til muddati qisqargan jamoa bir haftalik mashg‘ulotlardan keyin qahramonlik ko‘rsatib, Yevropa Superkubogini qo‘lga kiritgandi. Shu tufayli Luis Enrike finaldan to‘rt kun o‘tib o‘tkazilgan o‘yinda aralash tarkibni tushirdi va yetakchilarning katta qismini — Markinos, Kvaratsxeliya, Dembele, Hakimi, Nunu Mendesh va Dueni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi.

Ancha vaqtgacha hisob ochilmagach, murabbiy baribir zaxiradagi futbolchilarni maydonga tashladi. Yangi futbolchilar bosimni kuchaytirishdi va Mendeshning uzatmasidan keyin Vitinya (u sardorlik bog‘ichida maydonga tushgandi) uzoq masofadan zarba berdi, to‘p rikoshet bo‘lib darvoza to‘riga borib tushdi. Bu gol o‘yin taqdirini hal qildi, Gonsalu Ramushning goli ofsayd tufayli bekor qilindi. Shundan keyin superkubok o‘yini qahramoni o‘z o‘rnini Xvichaga bo‘shatib berdi va parijliklar xotirjamlik bilan g‘alabali hisobni ushlab qolishdi.

Italiya: Modrichda omadli debyut

Italiya kubogi. 1/32 final
«Milan» — «Bari» 2:0
Gollar:
Leau (14), Pulishich (48).
«Milan» — Menyan, Tomori, Gabbia, Pavlovich, Salemakers (Ofakor, 82), Loftus-Chik (Yashari, 65), Richchi (Modrich, 65), Fofana, Estupinyan, Pulishich (Musa, 65), Leau (Ximenes, 17).
«Bari» — Cherofolini, Dikmann, Vikari, Nikolau, Dorval (Tripaldelli, 82), Bellomo (Verret, 51), Braunoder, Pagano (Partipilo, 68), Pereyro (Rao, 51), Sibilli, Monchini.

Italiya chempionatining o‘tgan mavsumidagi kamtarona natija (8-o‘rin) «Milan» kubokdagi ishtirokini 1/32 finaldan boshlashiga sabab bo‘ldi. Boshqa tomondan, «San-Siro»ga qaytgan Massimiliano Allegri uchun aynan shunday start foydali bo‘lishi mumkin. Rossonerilar bilan 15 yil oldin skudettoni qo‘lga kiritgan mutaxassis zaxira o‘rindig‘idan joy ololmasdi. U «Yuventus»dagi diskvalifikatsiyani o‘tashi kerak edi.

«Milan»da gollarni doimgi yetakchilar urishdi, hisobni ochgan Rafael Leau yetti yil ichida ilk bor mavsumning ochilish o‘yinida gol muallifi bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda esa Pulishich va Santyago Ximenes uyushtirgan kombinatsiyadan keyin amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi, biroz o‘tib Modrich maydonga tushirilishi tribunalarni junbishga keltirdi. Xorvatiyalik futbolchi debyutida gol urishi mumkin edi, u fint bilan ikki himoyachini ortda qoldirdi, ammo zarbaga aniqlik yetishmadi. Umuman olganda, faxriy futbolchi mavsum davomida gollari bilan muxlislarni xursand qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, hozircha uning debyuti g‘alabali bo‘ldi.

Mavzuga oid