«Manchester Yunayted» navbatdagi marta beqaror mavsum o‘tkazmoqda. Shu bilan birga, bu mavsumda APLdagi raqobatchilarning aksarida ham muammolar kuzatilmoqda. Shu tufayli turnir jadvalining yuqori qismida jamoalar tig‘iz joylashgan. Va «Bornmut» bilan o‘yin yakunlariga ko‘ra Ruben Amorim jamoasida kuchli to‘rtlikka kirib olish imkoniyati yuzaga kelgandi. Qolaversa, ushbu raqib so‘nggi olti turda atigi ikki ochko jamg‘argandi. Ammo vaziyat «MYu» uchun reja bo‘yicha ketmadi.
«Bornmut» bilan o‘yin – «Manchester Yunayted» uchun 3-4-3 sxemasidagi so‘nggi o‘yin bo‘lishi mumkin. Angliyadagi nashrlar Amad Diallo, Brayan Mbeumo va Nussayr Mazraviy Afrika Kubogiga ketishi munosabati bilan Ruben Amorim sxemani 4-3-3 ko‘rinishiga o‘zgartirayotgani haqida yozishdi. Ammo portugaliyalik mutaxassis hozircha bunga qo‘l olmadi. Shu bilan birga, «MYu» boshlang‘ich tarkibida 19 yoshli himoyachi Eyden Heven tushirildi.
Birinchi bo‘limda «Manchester Yunayted» munosib o‘yin ko‘rsatdi. Futbolchilar orqa chiziqda deyarli xatosiz harakatlandi, oldingi chiziqda esa muntazam ravishda vaziyatlar yaratib, hujumkor futbol bilan muxlislarni xushnud etishdi. «Bornmut» uchun esa o‘yin starti ko‘ngilsiz kechdi: mehmonlar beshinchi daqiqadayoq jarohat tufayli Tayler Adamsdan ayrilishdi. Amerikalik ushbu futbolchi – Andoni Iraola tizimidagi muhim futbolchilardan biri sanaladi. Natijada «Bornmut»ning o‘yin uchun rejasiz jiddiy o‘zgarishga uchradi.
«MYu» aynan shundan foydalangan bo‘lishi mumkin. Mezbonlarning ilk daqiqalardan uyushtirgan bosimi 13-daqiqada hisob ochilishiga olib keldi. Diogu Dalo qanotdan darvozabon hududiga to‘p oshirdi, Mateus Kunya bosh bilan yaxshi zarba berolmadi, ammo «Bornmut» darvozaboni Jorde Petrovichni chalg‘ita oldi. Serbiyalik posbon to‘pni ushlab ololmadi, qaytgan to‘pga Amad Diallo birinchi bo‘lib yetib keldi – 1:0.
«MYu» shundan keyin ham hujum uyushtirishda davom etdi: Mateus Kunya, Kazemiro va Brian Mbemoda golli vaziyatlar bo‘ldi, Diallo dublga yaqin keldi.
28-daqiqada «MYu» uchun ilk ogohlik qo‘ng‘irog‘i chalindi – darvozabon Senne Lammens Markus Taverniyening boshda yo‘llagan zarbasini qiyinchilik bilan qaytardi. Bo‘lim oxirida esa u baribir Semenyo qarshisida ojiz qoldi. 40-daqiqada Lyuk Shou qanotda to‘p uchun kurashni boy berdi, ganalik vinger mezbonlarni bu xato uchun kechirmadi – 1:1.
Birinchi bo‘limni bunday hisobda yakunlash mezbonlar uchun alamli bo‘lgan bo‘lardi. Jamoa dastlabki 45 daqiqalikda 2,49 xG (kutilgan gollar) ko‘rsatkichiga erishganji. Va ularning baxtiga bo‘lim oxirida mehmonlar darvozaboni yordamlashib yubordi. Birinchi golda ham qisman aybdor bo‘lgan Petkovich 45+4-daqiqada yaqqol xatoga yo‘l qo‘ydi. Fernandesh burchakdan to‘pni Kazemiroga yetkazdi, braziliyalik yarimhimoyachi boshda oddiy zarba yo‘lladi, ammo darvozabon bu zarbani qaytara olmadi – to‘p uning qo‘llaridan sirg‘alib chiqib, darvoza to‘riga yo‘l oldi.












