O‘zbekiston | 19:00 / 26.04.2022
128069
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident o‘zbekistonliklar Ramazon hayiti munosabati bilan 5 kun dam olishi haqida gapirdi

Budjet tashkilotlari xodimlariga yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi.

Foto: Kun.uz

Shavkat Mirziyoyev turizm masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Ramazon hayiti munosabati bilan fuqarolarga dam olish kunlari belgilanishini ma’lum qildi. 

«Joriy yilda Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeylar aholiga chegirma bergani, ziyorat obektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi.

Bu orqali Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming mahalliy turistlar bordi.

Kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham aholimizga yana 5 kunlik dam olish beriladi.

Bu hududlarda ichki turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat. 

Endi ushbu ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha yangi tartibni joriy etamiz», dedi prezident.

Jumladan, 2022 yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun 2022 yil may oyidagi dam olish kunlari / Foto: Kun.uz

Dekabr oyida imzolangan prezident farmoniga asosan, 2022 yilda haftasiga 6 kun ishlaydigan xodimlar uchun 4 va 5 may qo‘shimcha dam olish kunlari deb belgilangan. Bunda Ramazon hayiti 3 mayga to‘g‘ri kelishi taxmin qilingan.

Ramazon oyi 2 aprel kuni boshlangani hisobga olinsa, hayit bayrami 1 may yoki 2 may kuni nishonlanadi. Davlat rahbarining so‘zlaridan kelib chiqilsa, qo‘shimcha dam olish kunlari deb belgilangan Hayitdan keyingi ikki kunga uchinchi kun ham qo‘shilishi mumkin.

2022 yil may oyi boshidagi dam olish kunlari – haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun*:

  • 1 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 2 may, dushanba – Ramazon hayiti – ishlanmaydigan bayram kuni*
  • 3 may, seshanba – qo‘shimcha dam olish kuni*
  • 4 may, chorshanba – qo‘shimcha dam olish kuni*
  • 8 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 9 may, dushanba – Xotira va qadrlash kuni – ishlanmaydigan bayram kuni

* Ramazon hayiti Oy chiqishiga qarab 1 may yoki 2 may kuni nishonlanadi. Qo‘shimcha dam olish kunlari prezident farmoni asosida o‘zgartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin.

Haftasiga 5 kun ishlovchilar uchun may oyida qo‘shimcha dam olish kuni belgilanmagan. Biroq ular ham 3–4 may (dushanba–chorshanba) kunlari dam olishadi. Aniqrog‘i, 5 kun ishlovchilarning 7 may (shanba) va 14 may (shanba)dagi dam olish kunlari Hayit bayramidan keyingi kunlarga ko‘chiriladi.

2022 yil may oyi boshidagi dam olish kunlari – haftasiga 5 kun ishlaydiganlar uchun*:

  • (30 aprel, shanba – odatiy dam olish kuni)
  • 1 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 2 may, dushanba – Ramazon hayiti – ishlanmaydigan bayram kuni*
  • 3 may, seshanba – 7 may, shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni*
  • 4 may, chorshanba – 14 may, shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni*
  • 8 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 9 may, dushanba – Xotira va qadrlash kuni – ishlanmaydigan bayram kuni

* Ramazon hayiti Oy chiqishiga qarab 1 may yoki 2 may kuni nishonlanadi. 7 va 14 maydan ko‘chirilgan dam olish kunlari shunga muvofiq surilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, budjet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini qisqartirish hisobiga qoplanadi.

Mavzuga oid