Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlar bilan havo sifatini birlamchi baholash mumkin bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev xuzurida "Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi. Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.
Prezident tibbiyotda sun’iy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin bo‘lgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi. Shu munosabat bilan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sun’iy intellektni o‘qitish boshlanadi. Buning uchun informatika o‘qituvchilari tayyorlanmoqda. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatib, o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shunda o‘qituvchida o‘z ustida ishlashga ko‘proq vaqt qoladi, deb ta’kidlandi yig‘ilishda.

Taqdimotda bu boradagi yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, maktab ta’limi uchun sun’iy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif etildi. Bunda o‘qituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi. Ushbu yechim o‘qituvchilarga mavzuga doir ma’ruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda ko‘maklashadi.
Yig‘ilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilarining malakasini oshirish dasturi haqida axborot berildi.
Transport sohasida ham sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sun’iy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temir yo‘lda avariyalar xavfini kamaytirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar bo‘yicha yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. “Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi. Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari ko‘rib chiqilgan loyihalar ijrosini jadallashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
22:54 / 25.03.2026
Tramp Texnologiya kengashiga Tsukerbergni tayinladi
21:59 / 24.03.2026
O‘zbekiston Italiyadan sun’iy intellekt bilan ishlaydigan agrotexnologiyalarni xarid qiladi
15:15 / 20.03.2026
Toshkentda sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha forum o‘tkaziladi
12:20 / 17.03.2026