Jahon | 14:50 / 17.10.2025
5765
5 daqiqa o‘qiladi

Urush yana muzlatildi. Uzoq muddatli tinchlikka nima xalal beradi?

13 oktyabr kuni Misrning Sharm-ash-Shayx shahrida G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha sulh imzolandi. Kelishuv to‘rtta vositachi davlat o‘rtasida tuzildi: AQSh, Misr, Turkiya va Qatar. Xo‘sh, endi G‘azoda tinchlik bo‘ladimi? Isroil va Hamas o‘rtasida urush butunlay to‘xtadimi? Afsuski, hali bunday xulosa chiqarish uchun juda erta.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil har doim o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi. Bu – uning eng asosiy siyosiy texnologiyasi bo‘lgan. Shu sababdan ham dunyoda ma’lum darajada antisemitizm saqlanib, ba’zan o‘sib borishidan Isroil siyosiy elitasi manfaatdor bo‘lgan: “Mana ko‘rayapsizmi, qo‘shnilarimizning hammasi – antisemit, ayniqsa falastinliklar... Biz jon saqlashimiz uchun agressiv bo‘lishimiz kerak...”

Biroq oxirgi ikki yilda Isroilning global reputatsiyasi birinchi marta bu qadar pastga quladi. Hatto Isroil tarafdori bo‘lgan G‘arb davlatlari ham undan masofa saqlay boshladi... Eng asosiy homiysi bo‘lmish AQSh esa uni sulhga majburlab ko‘ndirdi.

Bosh vazir Netanyahu asirlikdagi isroilliklarni ozod qilish bahonasida urushni davom ettirib kelayotgan edi. Uning uchun urush – bu hokimiyatda o‘tirish garovi edi. Sudlarni orqaga surish, favqulodda holatni cho‘zish vositasi edi.

Umuman, Isroil elitasi va jamoatchiligining salmoqli qismini bosqinchilik siyosatiga qarshi deb bo‘lmaydi. Aynan shu – uzoq muddatli tinchlikka rahna soluvchi fundamental omil bo‘lib qolmoqda.

G‘azoliklar bu kelishuv bilan bir qancha maqsadiga erishdi. Birinchidan, urush to‘xtatildi. Ikkinchidan, Isroil qamoqlaridagi minglab g‘azoliklar ozod bo‘ldi. Uchinchidan, Falastin zaminidagi tarixiy adolatsizlik va Falastin davlatchiligi masalasi global jamoatchilik kun tartibiga yana olib chiqildi.

Isroil esa misli ko‘rilmagan darajada yakkalandi, BMT va xalqaro sudlar darajasida genotsidda ayblandi.

Biroq hozirgi kelishuv – haqiqiy “tinchlik kelishuvi” emas. Chunki bu kelishuv falastinliklarning tarixiy haq-huquqlarini ta’minlash, bu davlatni tashkil qilish borasida real choralar haqida gapirmaydi. Bu kelishuv – tarixiy adolatsizlikni davom ettiruvchi, Isroilning reputatsiyasini oqlovchi kelishuv. To‘g‘ri, Isroil ham bu kelishuvdan u qadar xursand emas. Biroq, falastinliklarning muammolari hal qilinmasdan turib, uzoq muddatli tinchlik haqida gapirish imkonsiz.

Savol tug‘iladi, nega Isroilning bosh vazirlari, siyosiy elitasi, parlamenti Falastinga nisbatan, arablarga nisbatan har doim tajovuzkor bo‘lgan? Netanyahuga qadar, Ariel Sharon ham, Ehud Olmert yoki Ehud Barak ham Falastin borasida hech qanday real kelishuvga, kompromissga borishmagan. Buning sababi – Isroil jamiyatidagi zehniyat, mentalitetda. Isroil – demokratik davlat, uning davlat boshqaruvi parlamentarizmga asoslangan. Isroilliklar har safar qaysi partiya va lider arablarga nisbatan, falastinliklarga nisbatan keskin siyosatni taklif qilsa, shu partiyaga ovoz bergan. Natijada, yillar davomida Isroil siyosiy hokimiyatiga eng agressiv siyosatchilar kelgan va kelmoqda. Chunki isroilliklarning katta qismi Falastin davlati tuzilishiga rozi emas, 1967 yilgi chegaralarga qaytish niyatida emas. Mana shu kayfiyat – urashlarning eng asosiy sababchisi, Isroil tomonidan tinchlikdan ko‘ra urushga moyillikning bosh sababi.

Keyingi ikki yilda dunyo hamjamiyatining G‘azo va Falastinga e’tibori nihoyatda oshdi. Shu e’tiborni biroz pasaytirish uchun ham, Isroil tinchlik kelishuviga rozi bo‘lib turibdi.

Mana shu fonda, Falastin o‘zining davlat Konstitutsiyasini yaratishga kirishdi. Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos mutaxassislar guruhini tuzib, Falastin Konstitutsiyasi loyihasini yozish topshirig‘ini berdi. Konstitutsiyada Falastin davlat tizimi belgilab berilishi kerak. Garchi hozirda Falastin yerlari okkupatsiya ostida bo‘lsa-da, falastinliklar misli ko‘rilmagan qirg‘in, ochlik va jabr-zulmlar ostida bo‘lsa-da, mamlakat tarixiy yutuqli tomon qarab ketmoqda. Vaqti keladi, Falastin davlati albatta to‘liq shakllanadi, chunki bundan boshqa yo‘lning o‘zi yo‘q.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid