O‘zbekiston | 14:18 / 24.06.2021
8741
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti deb e'lon qilindi

Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Bugun, 24 iyun kuni Turkiy kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan mehmonlar Qo‘qon shahrida tantanali kutib olindi.

Qo‘qon shahrining Jome majmuasida davom etayotgan nufuzli tadbirda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon va O‘zbekistondan turizm vazirlari ishtirok etmoqda.

«O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan bugungi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a'zo mamlakatlarining Turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining VI yig‘ilishi uchun aynan Qo‘qon shahri tanlangani bejiz emas. Ikki ming yillik shonli tarixga ega bu shahar turkiy dunyoning madaniyat, san'at, ilm-fan, adabiyot, din, savdo-sotiq, hunarmandchilik markazlaridan biri sanaladi», deya O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Kun.uz

Abduhakimov yig‘ilishda bir qator takliflarni aytib o‘tdi.

Davlatlar o‘rtasida transport logistikani rivojlantirish, madaniy meros obektlarini asrash jamg‘armasini tashkil etish, turkiy davlatlarning yagona madaniy va turizm tadbirlari taqvimini yaratish, Boburiylar sulolasi hukmronlik qilgan qadimgi Axsikent qal'asi hududida «Turkiy ovoz» qo‘shiq va kuy festivalini tashkil etish shular jumlasidan.

Shuningdek, Ipak yo‘li ravnaqiga muhim hissa qo‘shgan Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti sifatida qo‘llab-quvvatlash taklifi ham ilgari surildi. Bu yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma'qullandi.

Shundan so‘ng Qo‘qon shahri hokimi Ma'rufjon Usmonovga ramziy kalit topshirildi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Sarvar Ziyayev.

Mavzuga oid