«Qonunchilikda ibodat libosi bo‘yicha qoida bekor qilinmoqda». Adliya vaziri o‘rinbosari yangi qonun loyihasi haqida
14 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri parlament quyi palatasi vakiliga tayangan holda xabar bermoqda.
«Qonun loyihasi qo‘shni davlatlar, yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyatni, shuningdek, O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy-tarixiy an'analarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan», deyiladi xabarda.
Qayd etishilicha, qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro me'yorlar talablari, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingan.
Yangi tahrirdagi qonun loyihasi 6 bob, 49 moddadan iborat bo‘lib, bir qator o‘zgartirishlarni o‘z ichiga oladi. Loyihada «diniy tarkibiy materiallar», «noqonuniy diniy faoliyat», «diniy tashkilot» va boshqa shu kabi tushunchalarga ta'rif berilgan. Shuningdek, vijdon erkinligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va tamoyillari hamda ushbu sohadagi vakolatli davlat organlarining vakolatlari bayon etilgan.
Fraksiya yig‘ilishida ishtirok etgan Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyevning Kun.uz'ga bildirishicha, mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 22 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ijrosini ta'minlash doirasida ishlab chiqilgan.
«Qonun loyihasining dolzarbligi shundaki, o‘tgan davr mobaynida e'tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq vujudga kelgan yangicha munosabatlar amaldagi qonun normalari bilan to‘liq qamrab olinmagan. Sohadagi ko‘plab masalalar qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinmoqda. Masalan, amaldagi qonunning 14-moddasi tahririy o‘zgartirishlar bilan ko‘chirilgan.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolar (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoida bekor qilinmoqda, chunki ibodat libosi tushunchasining huquqiy ta'rifi mavjud emas. Bundan tashqari, ishchi-xodimlarning kiyinish madaniyati va tashqi ko‘rinishi har bir tashkilot va muassasaning o‘zining ichki tartib qoidalari bilan tartibga solinadi.
Davlat tashkilotlari va muassasalarining ichki tartib-qoidalarida xodimlarning o‘z xizmat vazifasini bajarishiga uning diniy mansubligi ta'sir qilmasligi, xodimning tashqi ko‘rinishi va «dress-kodi»ga tegishli aniq talablar dinga bog‘lamagan holda ko‘rsatilishi lozim», deydi u.
Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilgan bo‘lib, 49ta moddadan (amalda 23ta) iborat.
Ushbu qonun loyihasi 15 sentabr kuni quyi palata yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi belgilangan.
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun yangilanmoqda. Qanday o‘zgarishlar bor?
Mavzuga oid
11:50 / 27.07.2022
Qizlarning maktabga milliy ro‘molda kelishi man etilmaydi - Xalq ta’limi vaziri
20:17 / 22.01.2022
Jamoat joyida ibodat libosida yurganlik uchun javobgarlik bekor qilinmoqda
11:44 / 04.09.2021
O‘zbekistonda qizlar maktabda milliy ro‘mol va do‘ppida bo‘lishiga ruxsat berildi
13:31 / 10.07.2021