O‘zbekiston | 11:15 / 06.03.2021
4584
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Ayol farzandi baxtli bo‘lsa, asl baxtni his etadi»

Bugun, 6 mart kuni poytaxtdagi “Kongress-holl”da 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tyapti. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

“Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetdi. Yurtimiz bo‘yicha bir yarim mingga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xususan, tashkilotchi va tashabbuskor opa-singillarimiz 6ta tumanda hokim vazifasida, yuzlab hududlarimizda o‘rinbosar va maslahatchi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Ana shunday katta salohiyatni oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvida ularning ishtirokini kuchaytirish maqsadida, 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. 

Muammolar bo‘yicha manzilli ish olib borish uchun mutlaqo yangi tizim – “Ayollar daftari”ni joriy etdik. Keyingi 3 oyda respublika komissiyasi tomonidan ushbu “daftar”ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir ayollarning 32 ming nafari ish bilan ta'minlandi. Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan salkam 17 ming nafar xotin-qizga amaliy yordamlar ko‘rsatildi. 

Ayol farzandi baxtli bo‘lsa, asl baxtni his etadi. Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar berildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Deyarli 55 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan o‘qitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi. “Besh muhim tashabbus” doirasida chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar ayollar bandligi ta'minlandi.

Uy-joy sotib olish uchun 1 250 nafar opa-singillarimizga qariyb 22 milliard so‘mlik boshlang‘ich badallar to‘lab berildi.

Joriy yilda ham ushbu xayrli ishlar davom ettiriladi va bu borada kuni kecha yangi qarorni imzoladim. Unga ko‘ra, jamiyatda ayollarimizga bo‘lgan e'tiborni eng quyi bo‘g‘ingacha, mahallagacha tushirib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratilmoqda. Bundan buyon O‘zbekistonda biror ayol davlat va jamiyatning e'tiboridan chetda qolmaydi”, – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid