O‘zbekiston | 16:01 / 10.03.2022
11657
4 daqiqa o‘qiladi

Uy va mashina sotib olganda notariusga to‘lanadigan boj kamaytirilishi aytildi. Aslida ham shundaymi?

Deputatlar “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, notarial harakatlar uchun to‘lanadigan bojlar sezilarli darajada kamaytirilishi kutilyapti. Lekin bu “sezilarli daraja” aholining qaysi qatlamiga qo‘l kelishi haqida lom-mim deyilmagan.

Foto: Shutterstock

Qonun loyihasining bir jihati e’tiborimizni tortdi. Unga ko‘ra, ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:

  • agar ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa, uyning umumiy maydonidan qat’i nazar – BHMning 1,5 baravari;
  • agar ko‘chmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 1 baravari miqdorida to‘lov undirilishi nazarda tutilgan.

Bir qarashda davlat boji chindan ham “sezilarli darajada” kamaygandek tuyiladi. Lekin ko‘chmas mulk oldi-sotdisida amalda buning aksini ko‘rish mumkin.

Xo‘sh, amalda qanday?

Ayni paytda amalda bo‘lib turgan qonunchilikka ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi eng faol olib boriladigan yirik shaharlarda notariusdagi to‘lov mulk maydoniga qarab BHMning 1 baravaridan BHMning 3 baravarigacha. Ya’ni 100 kvadratgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk uchun BHMning 1 baravari, 200 kvadratgacha bo‘lsa BHMning 2 baravari, undan ortig‘iga 3 baravari. Xuddi shuningdek, boshqa aholi punktlarida BHMning 50 foizidan 1,5 baravarigacha.

Yangi loyihaga ko‘ra, barchasi uchun BHMning 1,5 baravari (boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa 1 baravari) undirish taklif qilinyapti. Biroq Kun.uz suhbatlashgan notariuslarning ma’lum qilishicha, ko‘chmas mulk oldi-sotdilarining o‘rtacha 60-70 foizi aynan yirik shaharlardagi 100 kvadratgacha bo‘lgan xonadonlarga to‘g‘ri keladi. Ko‘rinadiki, bu yerda eng ko‘p to‘lovchi qatlam uchun to‘lov miqdori kamaymayapti, aksincha, oshirilyapti. Ya’ni bu o‘rinda 30-40 kishiga imtiyoz berilgani iddao qilingan holda 60-70 kishidan ko‘proq to‘lov olinyapti.

Ikkinchidan, bu yerda ijtimoiy adolat ham buzilyapti. Ya’ni kattaroq mulk xarid qilayotgan badavlat fuqaro uchun to‘lov arzonlashtirilyapti, lekin nisbatan kichik ko‘chmas-mulk xarid qilayotgan kamxarj fuqarodan qo‘shimcha mablag‘ undirilyapti.

Ayni shu loyihaning avtomobillarga oid qismida ham asosan qimmat avtomobil sotib oluvchilar manfaatlari ko‘zlangan. Ya’ni avtotransport vositasi uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 3 baravari miqdorida undiriladi. Amalda transport vositasi dvigatelining quvvati ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan. Bunda ham badavlat qatlam yaqqol yutadi, eng quyi qatlam amalda yutqazyapti hatto. Agar loyiha shu holatda qabul qilinsa, 100 ming dollarga mashina sotib olgan ham, 5 ming dollarga olgan ham bir xil boj to‘laydi.

Albatta, ko‘chmas mulklarning umumiy bahosi oldida notarial xarajatlar, davlat boji arzimas summani tashkil qiladi. Lekin yangi qonun loyihasi eng kamida ayni mana shu jihat bo‘yicha “...sezilarli darajada kamaytirish” deya taqdim etilmasligi lozim.

Biz bu borada birinchilardan bo‘lib xabar bergan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevdan mazkur loyiha bo‘yicha izoh so‘radik.

“Bu hali bir loyiha, to‘liq qabul qilingani yo‘q. Endi birinchi o‘qishdan o‘tdi. Lekin loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlashda yuqorida ko‘tarilgan jihatlarni ko‘rib chiqishimiz, yangi takliflar kiritishimiz mumkin. Bir taraflama qaraganda balki kamayish bo‘lmaydigandek tuyuladi. Lekin menimcha, umumiy olganda to‘lovlarda sezilarli kamayish bu”, – dedi deputat.

Abror Zohidov

Mavzuga oid