Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eron o‘rtasida zarbalar almashinuvi ro‘y berdi
AQSh harbiy-dengiz kuchlarining uchta kemasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotganda, Eron kuchlari ularga zarba bergan. Bunga javoban AQSh harbiylari Eron harbiy obektlarini o‘qqa tutgan.
Foto: AP /Asghar Besharati
AQSh harbiylari Eronning Keshm orolidagi port va Bandar-Abbos shahriga zarba berdi, deb yozdi Fox News jurnalisti Jyennifer Griffin manbaga tayanib.
Eronlik harbiylar AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirayotgan ikkita kemaga, shuningdek, Eron hududiga zarbalar yo‘llaganini ma’lum qildi. Amerikalik harbiylar esa Eron hujumiga javoban o‘t ochganini aytmoqda.
Bu eskalatsiya Eron TIV AQShning urushni to‘xtatish bo‘yicha taklifi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilishi ortidan ro‘y berdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga sulh amal qilishi davom etayotganini bildirgan.
«Ular bugun biz bilan o‘ynashmoqchi bo‘ldi. Biz ularni yakson etdik», – degan u Vashingtondagi Linkoln yodgorligi yonidagi ko‘zgusimon hovuz rekonstruksiyasini ko‘zdan kechirish chog‘ida.
Eron oliy birlashgan harbiy qo‘mondonligi AQShni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda hamda Eron neft tankeri va yana bir kemaga zarba berishda, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Keshm orolida joylashgan tinch aholi punktlariga va Eronning materikdagi qismining sohil hududlariga havo hujumlari uyushtirishda aybladi.
Eronlik harbiylar bunga javoban Amerikaning bo‘g‘ozdan sharqda va Chobahor portidan janubda turgan kemalariga hujum qilganini bildirgan.
Eron markaziy shtabi vakili dushmanga «sezilarli zarar» yetkazilganini aytgan. AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi esa o‘z obektlariga zarba berilmaganini qayd etmoqda.
AQSh tomoni Eron hujum vaqtida raketalar, dronlar va pilotsiz katerlardan foydalangani, AQSh flotining uchta esminetsi ushbu hujumlar nishoni bo‘lganini ma’lum qilgan. AQShdagilar bu hujumga javoban Eronning raketa va dronlar bazalariga, shuningdek, boshqa harbiy inshootlariga zarbalar yo‘llaganini ta’kidlagan.
«Markaziy qo‘mondonlik eskalatsiyaga intilmaydi, ammo pozitsiyada turadi va Amerika kuchlarini himoya qilishga tayyor», – deyiladi bayonotda.
Eron ham hujum ro‘y bergan taqdirda, javob berishga shay turishini ma’lum qilgan.
«AQSh va uning ittifoqchilari Eron har qanday tajovuzga qat’iy va ikkilanmasdan javob berishini bilishlari kerak», – degan harbiy idora vakili.
Keyinroq Erondagi Press TV telekanali otishmalardan bir necha soat o‘tib «Eron orollari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining sohil hududlarida vaziyat normallashgani» haqida xabar tarqatdi.
7 aprel kuni o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan buyon tomonlar vaqti-vaqti bilan o‘zaro zarbalar almashinuvini amalga oshirib kelmoqda.
Dushanba kuni amerikalik harbiylar Tehron AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga urinishini to‘xtatishga uringanida, Eronning oltita kichik kemasi yo‘q qilingani va eronliklarning qanotli raketalari hamda dronlarini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi.
Tramp jurnalistlar bilan muloqotda payshanba kungi harbiy harakatlarga qaramay Tehron bilan muzokaralar davom ettirilayotganini ma’lum qildi.
So‘nggi zarbalar seriyasidan oldin Vashington Tehronga mojaroni rasman tugatadigan taklif yubordi, ammo bu taklifdan AQShning Eron yadroviy dasturini to‘xtatish va bo‘g‘ozni qayta ochish haqidagi asosiy talablari tushib qolgandi.
Tehron bu reja bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelmaganini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Tramp Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaslik talabini qabul qilgani haqida aytgan. «Imkoniyat yo‘q. Ular buni bilishadi va bunga rozi bo‘lishdi. Ko‘ramiz, ular uni imzolashni xohlasharmikin», – dedi Amerika prezidenti.
Biror kelishuvga qachon erishish mumkinligi haqidagi savolga Tramp shunday javob berdi: «Bu sodir bo‘lmasligi mumkin, lekin istalgan kuni sodir bo‘lishi ham mumkin. Menimcha, kelishuvni ular mendan ko‘ra ko‘proq xohlashadi».
Payshanba kungi harbiy harakatlardan keyin juma kuni Osiyodagi savdolar boshlanishida Amerika nefti uchun fyucherslar shartnomalari narxi 3 foizga oshdi.
Amerika avtomobil assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda benzin narxi fevral oyi oxiridan beri 40 foizdan ko‘proqqa oshgan.
Mavzuga oid
10:19 / 09.05.2026
AQSh Venesueladan boyitilgan uran zaxiralarini olib chiqdi
07:43 / 09.05.2026
Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida uch kunlik sulhni e’lon qildi
21:36 / 08.05.2026
Pentagon NUJ haqidagi hujjatlarning birinchi qismini e’lon qildi
08:33 / 07.05.2026