15:06 / 18.10.2019
0
5326

Bolaning qonuniy vakili hech qanday ruxsatsiz protsessual jarayonlarda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi 

Foto: KUN.UZ

2019 yil 18 oktyabrda parlament quyi palatasi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi. 

Yalpi majlisda qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ishlab chiqilgani, ba'zi deputatlar tomonidan bu borada ommaviy axborot vositalari orqali tanqidiy chiqishlar qilingani aytildi. Kelajak avlod taqdiri bilan bog‘liq, uning huquq va erkinliklariga aloqador masalaga nima uchun prezident e'tibor bermagunicha hech kim harakatga kelmasligi keskin tanqid ostiga olindi.

Bola huquqlari bilan shug‘ullanadigan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman), qolaversa, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sud organlari kabi qator-qator vakolatli idoralar, hatto, parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar tashabbus ko‘rsatmagani taassuf bilan bayon qilindi.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksi va “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga voyaga yetmaganlarga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zo‘ravonliklar turlari, ularning oldini olish choralari,  sudgacha va sud muhokamasi jarayonida jinoyat protsessi ishtirokchisi hisoblangan bolalarni himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar belgilash taklif etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, or-nomusi va qadr-qimmatini himoya qilish kabi masalalarni qamrab oladi.

Taqdim etilayotgan qonun loyihasida voyaga yetmaganlar jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlarda himoyachining ishtirok etishi shartligi qonun bilan mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, loyihaga voyaga yetmaganning hattoki, uning qonuniy vakillarining himoyachidan voz kechishi mumkin emasligini anglatadigan norma kiritilmoqda.

Ilgari voyaga yetmaganning qonuniy vakili surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning ruxsati bo‘lsagina protsessual harakatlarda ishtirok etishi mumkin edi. Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida bu jarayonda qonuniy vakil hech qanday ruxsatsiz ishtirok etish huquqiga ega ekani qayd qilinmoqda. Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxsning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan biri yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga imkon yaratilmoqda. Bu voyaga yetmagan fuqaroning huquqlari kengayayotganidan dalolat beradi.

Ilgari amaliyotda voyaga yetmagan huquqbuzar yoki jinoyatda gumon qilinuvchi bolaning yolg‘iz o‘zini so‘roq qilish holatlari uchrab turardi. Deputatlarning fikricha bu, albatta, noto‘g‘ri. Shu sababdan, loyihada voyaga yetmaganlarni guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilish uning qonuniy vakili yoxud katta yoshdagi yaqin qarindoshi yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxs ishtirokida o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birgalikda, bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy ta'sir o‘tkazish, uni ko‘rsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash taqiqlanishi qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Deputatlar kiritilayotgan bu kabi o‘zgartish va qo‘shimchalarning barchasi bolalarning huquqlarini to‘laqonli ta'minlashga xizmat qilishini qayd etishdi. Qonunchilikdagi ayni o‘zgarishlar bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro normalarga ham to‘liq javob beradi.

Mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma'qullandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top