Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Solovyov Italiya bosh vazirini haqoratladi
Jorjia Meloni unga ijtimoiy tarmoq orqali javob qaytardi. Rossiya elchisi Italiya TIVga chaqirilgan.
Foto: Getty Images
Italiya tashqi ishlar vazirligi propagandachi Vladimir Solovyovning mamlakat bosh vaziri Jorjia Meloni haqidagi haqoratli bayonotlari tufayli Rossiya elchisi Aleksey Paramonovni chaqirtirdi.
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayanining X ijtimoiy tarmog‘idagi postida aytilishicha, Paramonovga Solovyovning «o‘ta jiddiy va haqoratli bayonotlari» munosabati bilan rasmiy protest bildiriladi. Vazir bosh vazirni qo‘llab-quvvatlagan va u bilan «to‘la birdamligi»ni bildirgan.
Solovyov «Solovev Live» yutub-kanalidagi shousida Meloni manziliga avvaliga italyanchada haqoratli so‘zlar aytgan, keyin esa ruschasiga uni «o‘z saylovchilariga xiyonat qilgan fashist maxluqi» va «insoniyat uchun isnod» deb atagan. «Xiyonat – uning ikkinchi ismi: u o‘zi sadoqat izhor etgan Trampga xiyonat qildi», – degan u.
Italiya prezidenti Serjio Mattarella ham Meloni bilan birdamligini aytgan va rossiyalik teleboshlovchining so‘zlarini «qo‘pollik» deb baholagan.
Jorjia Melonining o‘zi esa Solovyovning so‘zlariga ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida javob qaytarib, «rejimning ashaddiy targ‘ibotchisi na izchillik, na erkinlik borasida saboq berishga haqli» ekanini qayd etgan.
«Boshqalardan farqli o‘laroq, hech kim bizning ipimizdan tortmaydi, xo‘jayinimiz yo‘q, bizga buyruq ham berishmaydi. Bizda faqat bitta mo‘ljal bor: Italiya manfaatlari», – degan Meloni.
Rossiyaning Italiyadagi elchisi Aleksey Paramonov o‘zining TIVga chaqirilishini «ustunga zarba» deb atagan. U Rossiya rahbariyati vakillaridan hech kim Meloni xonim manziliga ham, Italiya manziliga ham haqoratli so‘zlar aytmaganini qayd etgan.
«Tashqi ishlar vazirligiga chaqirish uchun hozirgi sababni – taniqli rossiyalik jurnalist, garchi juda iste’dodli va xalq orasida mashhur bo‘lsa-da, o‘zining shaxsiy onlayn kanalida aytgan so‘zlarni –
diplomatik amaliyotda qabul qilingan deb hisoblash qiyin», – degan elchi.
Solovyovning bosh vazir haqidagi so‘zlarini Italiya nashrlari ham e’tiborsiz qoldirmadi. Xususan, La Repubblica va Domani nashrlari, ANSA agentligi Meloniga qilingan haqorat haqida yozdi.
Italiya sobiq bosh vaziri Juzeppe Konte va muxolifatdagi Demokratik partiya yetakchisi Elli Shleyn ham Melonini qo‘llab-quvvatlagan.
Propagandachi Vladimir Solovyovning tajovuzkor uslubi va teleboshlovchining ayollarga nisbatan bepisand, ko‘pincha haqoratli so‘zlari o‘tgan haftada ham e’tibor markazida bo‘lgandi.
Mikhail Sinitsyn/TASS
Viktoriya Bonya manziliga haqorat
O‘tgan hafta boshida mashhur bloger Viktoriya Bonya Rossiya prezidenti Vladimir Putinga fuqarolar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanalini yo‘lga qo‘yish va rossiyaliklarni tashvishga solayotgan muammolarga o‘z vaqtida reaksiya ko‘rsatishga chaqirib, videomurojaat yo‘llaganidan keyin Solovyovning tanqidi va haqoratli so‘zlari nishoniga aylangandi.
Bloger Rossiyada internet bloklanishi, Dog‘istondagi suv toshqini, Anapadagi mazut to‘kilishi, Novosibirsk oblastidagi chorva mollari nobud bo‘lishi hamda iqtisodiy qiyinchiliklar kabi muammolarni tilga olgandi. O‘tgan bir haftadan ortiqroq vaqt ichida uning videosi 30 million martadan ortiq ko‘rilgan.
Bonyaning murojaati katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik uni qo‘llab-quvvatladi, biroq hukumatga xayrixoh manbalar uni keskin tanqid qildi.
Solovyov shunchaki tanqid bilan cheklanmadi. 62 yoshli teleboshlovchi televizion efirda 46 yoshli Bonyani «qari ayol» va «siyqasi chiqqan fohisha» deb atadi. Uning ortidan Davlat dumasining oila, onalik, otalik va bolalik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisining 52 yoshli o‘rinbosari Vitaliy Milonov uni «savodsiz bloger» va «dubaylik eskort» deb haqoratladi.
«Bu fuqaroning shu tarzda taqdim etayotgan barcha mavzulari Kremlga yaxshi ma’lum. Birinchi daqiqadanoq shug‘ullanishadi. Va bu yaramas fohisha o‘zining iflos og‘zini ochib, hammayoqni ifloslantirmasligi kerak!» – degandi boshlovchi «Rossiya-1» kanali efirida.
Viktoriya Bonya o‘shanda Solovyov va Milonov, shuningdek, «Natalnaya karta» shousi boshlovchisi Olesya Ivanchenkoni jonli efir chog‘ida haqoratlagan dizayner Artemiy Lebedevga qarshi kollektiv da’vo qo‘zg‘atmoqchi emasligini aytgandi.
«Men ayollarimizga savol bermoqchi edim. Qachondan federal kanalda ayollarni haqorat qilish chegarasini bosib o‘tishni e’tibordan chetda qoldirdik? Milonov [...] barcha intervyularida Rossiya ayollarini haqorat qiladi, ularni fohishalar, eskortlar va hokazo deb ataydi», – degandi bloger.
U Milonovning so‘zlariga izoh berarkan, «ommaviy haqoratlar, taniqli ayollarga qaratilgan „fohisha“ va „eskort“ yorliqlari qayta-qayta yangrayotgani»ni ta’kidladi. «Hokimiyat tepasida turgan va fuqarolarni zaharlash emas, balki himoya qilishga majbur bo‘lgan odam bunday qilishi mumkin emas», – dedi u.
Bonyaning ayollarga qarshi haqoratlar to‘g‘risidagi videosi ham dastlabki soatlarda 10 mln martadan ko‘p ko‘rildi.
Bonyaning videomurojaatlariga G‘arb nashrlari, xususan, Britaniyaning Guardian gazetasi, Amerikaning CNN telekanali va Ispaniyadagi El Pais nashri ham e’tibor qaratgan.
Solovyov Bonyaning murojaatiga javoban «Rossiya 1» telekanali efirida Adliya vazirligini uni «chet el agenti» deb topishga chaqirgan. Teleboshlovchi Rossiya tergoq qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikindan Bonyaning «faoliyatini tekshirish»ni ham so‘ragan.
Uning fikricha, bloger «Rossiyadagi vaziyatni silkitmoqda».
Bloger esa teleboshlovchining navbatdagi hamlasiga javoban, uning da’volari asossiz ekanini ta’kidladi.
«Siz birorta ham dalil keltirmasdan, meni dushmanga chiqarmoqchisiz. Chunki siz shunday qarorga kelgansiz, personaj Solovyov», – deya qayd etgan Bonya.
Mavzuga oid
20:59 / 21.04.2026
Bonya propagandachilarga qarshi. Nimalar bo‘lmoqda?
10:36 / 17.04.2026
Kreml OAVga Bonya murojaati mavzusini kengaytirmaslikni buyurdi
14:36 / 16.04.2026
«Xalq sizdan qo‘rqadi». Mashhur bloger Putinga murojaat qildi
21:33 / 31.03.2026