Toshkentning tashrif qog‘ozi – poytaxt mozaikalari qanday paydo bo‘lgan?
Toshkentdagi ko‘p qavatli uylardagi bir-biridan farqli, rang-barang mozaikalarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ular allaqachon Toshkentning tashrif qog‘oziga aylangan – turistlar uchun ular qiziqarli san’at asarlaridir. Mozaikalar 1966 yildagi dahshatli zilziladan keyin vujudga kelgan – sobiq SCSR davlatlari bu san’at namunalarini birgalikda yaratgan. Kun.uz poytaxt mozaikalarining tarixi, arxitektorlar nega uylarni mozaikalar bilan bezatgani, ular qanday ma’no anglatishi haqida video tayyorladi.
Mozaikalar – sobiq ittifoq davlatlarining birgalikda yaratgan san’at asari
Toshkent mozaikalari – biz ularning oldidan boshimizni ham ko‘tarmay o‘tib ketamiz. Lekin O‘zbekistonga kelgan turistlar uchun poytaxt mozaikalari shu qadar o‘ziga xoski, bunday arxitektura namunalarini boshqa shaharlarda uchratish qiyin deyishadi. Ular mozaikalar bilan bezalgan uylar yonida albatta rasmga tushib ketadi.
Arxitektura fanlari nomzodi, professor Abdumannop Ziyoyevning aytishicha, o‘zbekistonliklar mozaikalarga e’tiborli bo‘lmasa-da, chet elliklar ularni juda ahamiyatli, boshqa joylarda uchratish qiyin bo‘lgan bebaho arxitektura namunasi deb biladi. “Bizda O‘rta Osiyoda sirli bezak bilan binolarni yasatish an’anasi bor. Chet elliklar devorlarni ham shunday bezatganingiz yaxshi bo‘lgan, ularda o‘ziga xoslik bor deyishadi” , — deydi professor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Toshkentdagi 150ta binoning fasad qismida tarixiy-badiiy ahamiyatga ega mozaikalar bor. Xo‘sh, butun shaharning qiyofasiga ko‘rk bo‘lib turgan mozaikalar qanday paydo bo‘lgan?
Aslida, ular seysmik modernizm namunalari bo‘lib, Toshkent zilzilasidan keyin vujudga kelgan, Mozaikalar arxitektorlarning ajoyib topilmasi bo‘lib qolmay, ular sobiq SSSR davlatlarining birgalikda yaratgan san’at asari hamdir.
1966 yilda Toshkentda sodir bo‘lgan dahshatli zilzila tufayli 300 mingdan ziyod aholi boshpanasiz qoladi, 2236ta ma’muriy bino, 700ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari va mingga yaqin boshqa binolar zarar ko‘radi. Talafotdan keyin Toshkentni qayta barpo etish va juda ko‘p aholi turar joylarini qurish kerak edi.
Arxitektura fanlari nomzodi, professor Abdumannop Ziyoyevning aytishicha, zilziladan keyin yangi Toshkent vujudga kelgan.
“Zilzila oqibatida shaharda shaharsozlik jihatdan salbiy oqibatlar ham bo‘lgan, ammo yangi Toshkent vujudga kelgan. Shaharning sharqiy qismida joylashgan binolar juda ko‘p shikastlangan.
Sobiq SSSR tarkibidagi 15ta davlatning barchasi Toshkentga o‘z quruvchilarini yuborgan. Bosh reja bo‘yicha hududlar bo‘lingan, har bir respublika kuchiga qarab joy olgan. Kuchli qurilish bazasiga ega respublikalar markaziy joylarni qayta tiklagan. Ular o‘zlari qurgan binolarni abadiylashtirishni xohlashgan. Qozog‘iston qurgan turar joylardan birida keksa kishi va yonida raqsga tushayotgan ayol tasvirlangan mozaikalar bor. Ayrim joylarda Ukraina quruvchilari 110-maktabda Taras Shevchenko haykali bilan uyg‘unlashtirgan holda mozaikasini qurib qo‘yishgan. Hozirgi kunda bular ham madaniy meros hisoblanadi. Lekin har bittasi (respublika) o‘zini tarixda qoldirishga harakat qilgan”.
Toshkent mozaikalari an’anasiga kim asos solgan?
Toshkentdagi deyarli har bir to‘qqiz va besh qavatli binoning devorlari sharqona, ornamental uslubdagi ulkan mozaik panellar bilan bezatilgan. Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarga mos bu xususiyatini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
Bu mozaik pannolar an’anasiga aka-uka arxitektorlar – Pyotr va Nikolay Jarskiylar asos solgan. Ular Fransiyada rossiyalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. 1947 yilda butun oila Rossiyaga qaytadi. Leningrad rassomlik universitetini tugatgan aka-ukalar 1966 yilda Toshkentni qayta tiklashga yuborilgan.
Nikolay Jarkiy Toshkentga kelishini shunday eslaydi:
“Piter bilan 1966 yilda kuchli zilziladan keyin shaharni tiklash uchun Toshkentga kelib, temir-beton buyumlar zavodiga rassom bo‘lib ishga joylashdik. Besh va to‘qqiz qavatli binolarda bizning eskizlarimiz bo‘yicha mozaik pannolar yaratildi. Natijada tipik binolarga ega Toshkent rang-barang va sharqona bezakli, o‘ziga xos shaharga aylandi”.
The Mag jurnalining yozishicha, birinchi mozaik panno Muqimiy ko‘chasidagi 9 qavatli turar joy binosida o‘rnatilgan. Keyin Pyotr Jarskiyning ishi me’morlar orasida mashhur bo‘ldi. Dastlab yangi ko‘p qavatli binolar uchun mo‘ljallangan san’at keyinchalik kirish eshiklarida, favvoralar, gumbazlar va hatto metro stansiyalarida paydo bo‘la boshladi. Aka-uka me’morlar 20 yildan ortiq mehnat faoliyatida 400dan ortiq ko‘p qavatli turar joy binolariga bezak bergan.
Aka-ukalar nega uylarni mozaikalar bilan bezagan?
Ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, zilziladan keyin shaharda shoshilinch tarzda juda ko‘p panel uylar qurishga to‘g‘ri kelgan. Uylar shakli bir xil bo‘lib, unchalik jozibador bo‘lmagan. Shu sababli Jarskiylarning g‘oyasi asosida ko‘p qavatli uylar mozaikalar bilan bezatilgan.
“Tashkent Modernizm” loyihasi muallifi Aleksandr Fedorovning aytishicha, o‘zida erkinlik kayfiyatini aks ettirgan arxitektura stili – modernizm Toshkentga zilziladan keyin kirib kelgan. Uning fikricha, shu sababdan Toshkent arxitekturasi seysmik modernizm arxitekturasi deb ataladi.
“U optimistik ruhga ega, chunki yer qimirlaganidan keyin shahar ko‘p odamlarga bag‘rini ochgan, bir paytlar qiyinchiliklar tufayli Toshkentni tark etganlar uni qayta qurish maqsadida qaytgan.
Mashhur nemis arxitektori Flipp Mozerov Toshkent dunyodagi eng chiroyli beton turar joylarga egaligini aytadi. “Hech qaysi possovet yoki Yevropa davlatlaridagi turar joylarda quyoshdan saqlovchi elementlar yoki bir-birini takrorlamaydigan mozaikalarni uchratmaysiz. Ular nostalgik kayfiyat uchunligi emas, aksincha bir guruh shaxslar ikkinchi guruhga maksimal qulay bo‘lishi uchun qurib bergan uylar bo‘lgani uchun ham diqqatga sazovor. Ularni shunchaki buzish yoki yo‘qotish kerak emas. Har doim aytaman, buzishdan ko‘ra saqlab qolish osonroq. Arxitektura qoidalariga mos ravishda saqlab qolgan yaxshiroq”, — deydi u.
Aleksandrning ta’kidlashicha, uylarni qurgan yoki loyihalagan odamlarning xayolida kommunizmni targ‘ib etish bo‘lmagan.
“U shunchaki go‘zallik uchun qilingan va hech qaysi ideologiyani targ‘ib qilmaydi. Shu sababli ularni kommunizm sarqiti deb buzish noto‘g‘ri. To‘g‘ri, agitatsion mozaikalar ham bor, lekin ular Toshkentda juda kam qo‘llangan”, — deydi u.
Mozaikalar qanday qurilgan?
Arxitektor Abdumannop Ziyoyevning aytishicha, mozaikalarni qurish texnologik jihatdan qiyin ish bo‘lmagan.
“Panellarni pastda tayyorlab, devorga yopishtirishgan. Arxitektorlar va rassomlar naqshlar ustida jiddiy ishlagan”, – deydi u.
Arxitektor Ravshan To‘xtayev mozaik panellar qanday tayyorlanishi haqida gapirib berdi. Mutaxassis jarayon murakkab tuyulsa-da, aslida, eskizlar tayyorlab olinsa, ular asosida panellarni quyish texnik jihatdan qiyin ish emasligini aytadi. Shu sababli shoshilinch qurilgan uylarni bezashda mozaikalar ajoyib yechim bo‘lgan.
“Uylar atrofini bezatish uchun “dom”larning yonboshiga mozaika qilishga qaror qilishgan. Ularning betoni zavodning o‘zida qilingan. Aka-uka Jarskiylarga “dom”larni chiqaradigan kombinatdan ustaxona berishgan, ular ustaxonada ko‘mir bilan eskizlarni chizgan. Panelning hajmi taxminan 3x3 bo‘lgan, shu kattalikdagi qog‘ozlarga mozaikaning rasmi chizilgan. Qayerda qanaqa rang bo‘lishi yozib qo‘yilgan.
Eskiz tayyor bo‘lganidan keyin boshqa ustaxonaga olib chiqib, [eskizlar] yerga yoyilgan va 5x5 parchalardan yig‘ilgan. Parchalarni yig‘ayotganda ularning orasida 3-4 millimetr chok qoldirib ketilgan. Ularni bir-biriga yelimlab chiqishgan. Ammo bu jarayonda qayerda qanday xatolik borligi ko‘rinmagan. Chunki eskizning yuzi teskari turgan, yelimlayotgan odamga uning teskari tomoni ko‘rinib turgan. Xatoni faqat mozaika bitgandan keyingina tuzatish mumkin edi, ya’ni xato ketgan joyi urib tushirilib, tuzatilib qayta yelimlangan. Boshqachasiga tuzatib bo‘lmaydi.
Keyingi bosqichda panel qolipining tagiga keramika (yuzini pastga qaratib) qo‘yilgan va ustidan beton quyilgan. Shunda keramikaning orqa tomoniga beton quyiladi-da,orasidagi choklari ham betonga to‘ladi va panel mustahkam bo‘ladi. Qurigandan keyin, betonning yuzida qog‘oz ko‘ramiz, qog‘oz suvda yuvib tashlanadi. Keramika suvdan qo‘rqmaydi; qog‘oz yuvib tashlangandan keyin mozaika ko‘rinadi. Tayyor panellar joyiga olib borib montaj qilinadi”, — arxitektor.
Arxitektorlar mozaikalar bilan nimalarni ifodalagan?
Uylar seysmologik holati va dizayn holatiga ko‘ra farqlarga ega. Aksariyat turar joylardagi mozaikalar (ularni 15ta sobiq SSSR davlatlari qurgan bo‘lsa-da) bitta xalqqa tegishli emas.
Mozaikalar uchun Markaziy Osiyo madaniyatini aks ettiruvchi tor yo‘nalish tanlanmagan. Ular nostandart vizuallar, naqshlarni ifodalab, aynan bir mozaikani biror davr yoki xalqqa tegishli deyish qiyin. Ularda ko‘proq sharqiy ornamentlardan foydalanilgan, quyosh, suv yoki ayrim joylarda bodom naqshlarini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda turli xalqlar yashagan, ehtimol naqshlar Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy holatidan kelib chiqib tasvirlangan. Aksar mozaikalarda biror joy yoki davr ifodalanmaydi.
“Ba’zi mozaikalar odam tasvirlanadigan janrda chizilgan, qayerdadir bolalar, qayerdadir ayollar tasviri bor. Yana qayerdadir quyosh va yana tabiatni uchratish mumkin. Syujyet mozaikalarda esa muayyan syujyet aks etgan. An’anaviy elementlarda urf-odatlar mujassam bo‘ladi, lekin aynan biror ma’noga ega bo‘lmaydi. Masalan, Labzakdagi mozaikalarda kosmonavtlarga ko‘proq urg‘u berilgan, milliy naqshlar va samolyot, ba’zi joylarda milliy naqshlar va havo shari, ba’zi joylarda kosmonavtlar va milliy naqshlar uyg‘unlashgan.
Aynan bir mozaikani muayyan davr va holatni ifodalaydi deb aytib bo‘lmaydi. Toshkentdagi mozaikalarda sotsialistik, ya’ni bir tomonda Lenin va yana bir tomonda Stalin, yoki bir tomonda “o‘qish, o‘qish, o‘qish” degan propaganda umuman yo‘qligi uchun ular menga juda yoqadi”, — deydi Aleksandr Fedorov.
Uning ta’kidlashicha, mozaikalar odamlarga nimadirlar haqida so‘zlamasa ham umumiy vizual madaniyatni o‘zida saqlab keladi. Aynan “tur, o‘qi, ishla” kabi chaqiriq va shiorlarni uqtirmoqchi bo‘lmaydi, chunki ular vaqtdan tashqarida.
Mozaikalarga munosabat: ularni qanday asrash kerak?
Afsuski, so‘nggi yillarda Toshkentdagi mozaikalarga nisbatan yomon munosabatga guvoh bo‘ldik. Ularning bir qismi bo‘yab tashlandi. Jamoatchilikning e’tirozlaridan keyin mozaikalarni bo‘yash to‘xtatildi.
Arxitektor Ravshan To‘xtayevning fikricha, biror mozaikali bino investorga sotilganda uning zimmasiga mozaikani asrab qolish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishni yuklash kerak.
U yaqinda buzilish xavfi ostida qolgan “matbuotchi” mozaikasi haqida gapirarkan, unga ham shunday munosabatda bo‘lish kerakligini aytadi.
Aleksandr Fedorov esa mozaikalar qurilganidan beri hech kim ularga qayg‘urmagani va ta’mirlamaganini aytadi. Uning fikricha, davlat tomonidan qilinishi kerak bo‘lgan yagona ish ularni buzish, teginish, har xil reklamalarni ilishni taqiqlash bo‘ladi.
“Mozaikalarni tozalash, yuvib turish kerak, yaxshiroq e’tibor berish kerak. Bu birinchi qadam, ikkinchisi – mozaikalarni ehtiyotkorlik bilan bo‘yash lozim. Aynan shu masalada ishlaydigan mutaxassislar bor, ular restavratsiyaga yordam beradi.
Mozaikalarni tunda yoritish kerak, ular bo‘rtib chiqqani uchun har xil rangda tovlanadi, kerakli burchakdan ko‘rinadigan qilish kerak, xolos. Ularni yoritishga rag‘bat uyg‘otish uchun, tadbirkorlarni jalb qilsa bo‘ladi. Masalan, mozaikalarni yoritish xarajatlarini ko‘tarayotgan kompaniya binoning bir burchagiga o‘zining reklamasini qo‘ysa bo‘ladi. Bu biznesga ham reklama va ham shaharning ko‘rki ochiladi, odamlar esa bundan bahra oladi. Mozaikalar asrlar davomida turadi. Davlat kamroq pul sarflab, biznes o‘zini reklama qilish orqali ularga e’tibor qaratishi kerak – shu eng to‘g‘ri yo‘li”, — deydi Aleksandr.
2021 yilda Toshkentdagi mozaikalarga madaniy tarixiy meros maqomini berish taklif qilingan. Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi mutaxassisi Shohrux Hoshimovning aytishicha, mozaikalarni O‘zbekiston Respublikasi madaniy meros obektlari milliy ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha berilgan taklif asosida mozaikalarning tarixi, ularning joylashuvi va hozirgi holati haqida ma’lumotlar yig‘ilgan.
“Bu borada Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilmoqda. Ular madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgandan keyin belgilangan tartibda asrab-avaylanadi. Ularni ta’mirlash bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilinadi”.
Aleksandrning aytishicha, Toshkentni ko‘pchilik sovetcha qurilgan deb o‘ylaydi, lekin Toshkent modernist shahar.
“Ba’zan turistlar mozaikalarni ko‘rsatishni so‘rashganida, ularni qayerga olib borishni bilmayman, chunki ularning aniq joylashuvi borasida aniq ma’lumotlarim kam.
Men odamlarni shahrimizni sevish va unga qayg‘urishga chaqiraman. Atrofdagi narsalar bizni tashkil qiladi. Yaxshi, go‘zal shaharda yashasak, atrofimiz chiroyli bo‘lsa, hayotimiz ham go‘zallashadi”, — deydi u.
Muallif – Madina Ochilova.
Operatorlar – Muhiddin Qurbonov,
Nuriddin Nursaidov, Javohir G‘ayratov.
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
17:56 / 13.11.2024
Loydan qurilayotgan “dom” – Izboskanda ko‘p qavatli uy qurilishida sement o‘rniga adir tuprog‘i ishlatilmoqda
15:05 / 12.11.2024