O‘zbekiston | 09:03 / 03.03.2021
59884
3 daqiqa o‘qiladi

Qachongacha yangi avtomobil olgan odam sifatsiz ballonni almashtiradi? - UzAuto Motors rahbari javobi

Oliy Majlis deputatlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini UzAuto Motors AJ va “O‘zavtosanoat” tizimidagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil qilingan maxsus tadbir davomida o‘tkazilgan matbuot anjumani davomida Kun.uz muxbiri UzAuto Motors mutasaddisiga savol berdi.

“Bozordan yoki avtosalondan mashina sotib olgan xaridorlar, ayniqsa, Spark va Nexia xarid qilganlar to‘rtta ballonini almashtirishga majbur bo‘lishadi. Mashinani oladi-yu, minib ketavermaydi. Bozordan boshqa ballon olishga to‘g‘ri keladi. Mana shu avtomobillarga birdaniga sifatli ballonlar qo‘yib, keyin sotuvga chiqarishning imkoni yo‘qmi?” - deyildi savolda.

UzAuto Motors kompaniyasi direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, avtomobilga noto‘g‘ri ballon qo‘yib qo‘yilsa, bu xavfsizlikka ta'sir qiladi.

“Onix’ni, uning ballonini ko‘rdingiz-a? Mana shu mashina ixtiro bo‘lishi uchun 5 yil vaqt ketgan, “A”dan boshlab “Ya”gacha borguncha 5 yil ketgan. GM muhandislari ixtiro qildi. Aynan shu ballon Onix’ga to‘g‘ri keladi. Nimaga? Chunki uning tormoz olish yo‘nalishi, og‘irligiga chidamliligi bor hamda u qimmat bo‘lmasligi kerak. Biz boshqa ballon qo‘yishimiz mumkin. Lekin u talabdan tashqari bo‘ladi, xavfsizligiga e'tiborsizlik bo‘ladi, qimmatlashishga olib keladi. Shuning uchun, masalan, Tahoe’ning g‘ildiragini Spark’ga qo‘ymaysiz, to‘g‘rimi? Chunki Tahoe’da o‘ziga yarasha dyuymi, balandligi, og‘irligi bor, qishda, sovuqda tormoz olish yo‘nalishini hisobga olganda va kattaroq ballon qo‘yganda, mashinaning benzin xarajati ham oshib ketadi. 

Rustam Rajabov

Noto‘g‘ri ballon qo‘yib qo‘ysa, bu xavfsizlikka ta'sir qiladi. So‘ng avtomobilning egasi “mashinamning benzin xarajati oshib ketdi”, deydi. Shuning uchun sertifikatlash degan narsa bor. Rossiyada “Rosstandart”, Qozog‘istonda “Kazaxstanstandart”. Har bir davlatga olib borib, testini o‘tkazib, har bittasini ma'qullatib, keyin sotishga ruxsat beramiz”, -deydi UzAuto Motors direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov. 

Mavzuga oid