Iqtisodiyot | 20:46 / 15.07.2024
15144
3 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors'ning 1,3 mlrd so‘mlik tanlovida korrupsion holat aniqlandi

“Nexia 2” avtomobillarining eshigi uchun butlovchi qismlar yetkazib berish bo‘yicha 1,3 mlrd so‘mlik davlat xaridi yaqin qarindoshlarga tegishli ikkita kompaniya ishtirokida o‘tgan. Ulardan biri g‘olib, ikkinchisi zaxira g‘olibi deb topilgan. Bu haqda internetda berilgan ma’lumotni Aksilkorrupsiya agentligi tasdiqlab, ishni prokuraturaga oshirdi.

Foto: Kun.uz

“UzAuto Motors” AJ tomonidan 2024 yil 8 iyul kuni o‘tkazilgan 1,3 mlrd so‘mlik davlat xaridida yaqin qarindoshlarga tegishli kompaniyalar ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.

Bu holatni Telegram'dagi “Revizor” kanalida berilgan xabardan so‘ng o‘rganib chiqqan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tasdiqladi.

Agentlikka ko‘ra, xarid komissiyasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning bir qator talablarini buzgan, shu sababli buyurtmachiga xarid natijalarini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

“O‘rganish jarayonida to‘plangan hujjatlar aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborildi”, deyiladi rasmiy axborotda.

UzAuto Motors izohiga ko‘ra, holat “Nexia 2” avtomobilining eshiklari uchun butlovchi qismlar xarid qilish bilan bog‘liq bo‘lgan. Kompaniya etender.uzex.uz platformasida tanlov o‘tkazilgani, lekin hech qaysi ishtirokchi bilan shartnoma tuzilmaganini bildirdi.

“Revizor”ning yozishicha, tanlovga jami ikkita talabgor tijorat taklifini bildirgan bo‘lib, xarid komissiyasining 8 iyul kungi bayonnomasiga muvofiq eng yaxshi taklifni aniqlash orqali 1,3 mlrd so‘m narx taklifi bilan “Eko Tsem Komplekt Oborudovanie” MChJ tanlash g‘olibi, “Eko Lit Metall” MChJ esa zaxira g‘olibi deb topilgan.

Ochiq manbalarga ko‘ra, zaxira g‘olibi “Eko Lit Metall”ning rahbari va yagona ta’sischisi hisoblanuvchi Mutalipov Anvarjon Abdurahim o‘g‘li – bir vaqtlar “Eko Tsem Komplekt Oborudovanie” MChJning 50 foiz ulushiga egalik qilgan bo‘lishi mumkin.

Tanlov g‘olibi bo‘lgan “Eko Tsem Komplekt Oborudovanie”ning yagona ta’sischisi sifatida Asqarova Feruza Imyaminjonovna, korxona rahbari sifatida Asqarov Abdurahim Mutalovich ko‘rsatilgan.

Bu ikki kompaniya rahbar va ta’sischilarining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari ular o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lishi mumkinligiga ishora qiladi. Aksilkorrupsiya agentligi bu taxminni tasdiqlagan.

Mavzuga oid