O‘zbekiston | 23:15 / 24.08.2025
16651
1 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Zelenskiyga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Ukraina mustaqillik kuni bayrami bilan tabrikladi.

Ukraina prezidenti o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekiston rahbarining tabrik xatini e’lon qildi.

«Ukrainaning milliy bayrami — Mustaqillik kuni munosabati bilan sizni va butun Ukraina xalqini samimiy muborakbod etaman. Ishonchim komilki, davlatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va uzoq muddatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan aloqalar kelgusida ham xalqlarimiz umumiy manfaatlari yulida rivojlanib boraveradi.

Fursatdan foydalanib, sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, ukrain xalqiga esa tinchlik-omonlik va farovonlik tilab qolaman», — deyiladi tabrikda.

O‘z navbatida, Ukraina prezidenti tabrik uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirgan.

«Ishonchim komilki, davlatlarimiz bundan buyon ham Ukraina va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida samarali hamkorlikni rivojlantirib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlab boraveradi», — deb yozgan Volodimir Zelenskiy.

Mavzuga oid