09:06 / 27.04.2021
4527

«Keltirilgan vajlar o‘z isbotini topmadi» – MIB Qoraqalpog‘istondagi rahbarlar ustidan tushgan ariza bo‘yicha ma'lumot berdi

Avvalroq MIB Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari boshqarmada tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, korrupsiya va tazyiq o‘tkazish holatlari ko‘payganidan norozilik bildirib, Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga ariza yozgani xabar qilingandi.

Arizada xodimlar ayrim tuman bo‘lim boshliqlarining prokuraturadagi tanishlariga ishonib ishga xohlasa kelib, xohlasa kelmasligi, ish vaqtida alkogol ichimliklar iste'mol qilishi, intizomiy jazo olgan holda tanishning kuchi bilan martaba darajalari olganini bildirgan va bosh prokurorning shaxsan nazorati ostida tekshiruv o‘tkazib, tizimni «tozalash»ni iltimos qilgandi. MIB matbuot xizmati esa byuroning markaziy apparati mas'ul xodimlari tomonidan murojaatda keltirilgan har bir vaj bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini ma'lum qilgandi.

MIB matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, tekshiruv ishlari yakunlangan va arizada keltirilgan vajlar o‘z isbotini topmagan.

«Birgina misol, Mo‘ynoq tumani bo‘limi boshlig‘i M.Baltabayev va Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i R.Baltabayev bir-biriga amakivachcha bo‘lsa-da, ular sobiq Sud departament davridan buyon ishlab kelib, 2017 yilda Byuro organlariga xizmatga olingan.

Ularning biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunmagan holda, xizmat olib borayotgani sababli, Majburiy ijro byurosida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi Nizom talablari buzilmagan», deyiladi MIB matbuot xizmati ma'lumotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, xodimlarga darajali unvonlar ularning ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini hisobga olgan holda hamda egallab turgan lavozimi hamda ish stajiga muvofiq beriladi va bu boshqarma boshlig‘i vakolatiga kirmaydi.

Eslatib o‘tamiz, MIBning Qoraqalpog‘iston boshqarmasidagi holatlar yuzasidan yozilgan ariza Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingandi.

Top