O‘zbekiston | 12:51 / 07.02.2024
9926
3 daqiqa o‘qiladi

Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha noqonuniy reklama tarqatgan ikkita firmaga chora ko‘rildi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Umra litsenziyasi bo‘lmay turib, fuqarolarni bu ziyoratga yuborishi haqida noqonuniy reklama tarqatgani uchun Qoraqalpog‘istonda ikkita firmaga nisbatan ish ochdi.

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘istonda Umra xizmatlarini ko‘rsatishi haqida noqonuniy reklamalar tarqatgan ikkita korxonaga nisbatan ish ochildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar bermoqda.

Xabarda “Umra tadbirlarini litsenziyaga ega bo‘lmagan holda faoliyat yuritayotgan va litsenziyasi bor mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikda fuqarolarni ziyoratga yuborishga harakat qilayotgan vositachilar” haqida so‘z boradi.

Ta’kidlanishicha, bunday vositachilar Umra xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida o‘z nomlaridan noqonuniy reklamalar joylashtirib bormoqda.

Shunday holatlar bo‘yicha qo‘mitaga Turizm qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasidan murojaat kelib tushgan. Murojaat asosidagi o‘rganishlarda aniqlanishicha, bugunga qadar Qoraqalpog‘istonda Umra litsenziyaiga ega turoperatorlar mavjud emas, ular Toshkent shahri va viloyat turkompaniyalari bilan hamkorlikda ziyoratlarni tashkil etishda ishtirok etmoqda.

“Shuningdek, murojaatda bildirilgan “Iskander Tours” hamda “OKS Tours” MChJlar litsenziyasi mavjud emasligi, shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Umra xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan noqonuniy reklamalar joylashtirib borayotgani aniqlangan”, – deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga binoan, tegishli sertifikatlari va litsenziyalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shunga ko‘ra, iste’molchilar huquqlarini himoyalash organining maxsus komissiyasi tomonidan, 2024 yil 1 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, “Iskander Tours” hamda “Oks Tours” MChJlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, ikki firmaga bu holatni bartaraf etib, kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilish lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.

Ta’kidlanishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z vakolati doirasida noqonuniy reklamalarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda reklamalar nazoratini olib bormoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Umra ziyoratiga borishdan avval birinchi navbatda, xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning litsenziyasi bilan tanishing, so‘ng reklamada berilgan ma’lumotlarga jiddiy e’tibor berib, ishonch hosil qiling. Noqonuniy reklamalarga duch kelib, bu borada huquqlaringiz buzilgan taqdirda Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qiling”, – deyiladi rasmiy bayonotda.

Mavzuga oid