10:41 / 18.06.2018
18535

Bog‘chalarda bolalar ota-onalaridan turli sabablar bilan pul yig‘ish qat'iyan taqiqlanadi

Foto: yellowpages

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Maktabgacha ta'lim vazirligining «Maktabgacha ta'lim muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida»gi buyrug‘i joylashtirildi.

Maktabgacha ta'lim muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga ko‘ra, kengash har bir ta'lim muassasasida jamoatchilik asosida ta'lim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda unga moliyaviy va huquqiy sohalarda ko‘maklashish uchun tashkil etiladi. Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi.

Kengashning maqsadlari quyidagilardan iborat:

ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilarning to‘laqonli ta'lim-tarbiya olishlari uchun qulay sog‘lom muhitni yaratish;

ta'lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uning faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;

ta'lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining maktabga tayyorlash
va ma'naviy-ma'rifiy, madaniy hamda sog‘lomlashtirish tadbirlarida ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilashda ta'lim muassasasi mudirasi bilan hamkorlik qilish.

Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

ta'lim-tarbiya ishlarini shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshirishda, shuningdek tarbiyalanuvchilarning har tomonlama kamol topishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilashda ta'lim muassasasiga ko‘mak va tavsiyalar berish;

homiylik mablag‘lari hisobidan ta'lim muassasasini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, uning binosini ta'mirlash va hududini obodonlashtirishga ko‘maklashish;

tarbiyalanuvchilar bilan turli ommaviy tadbirlar, sayohatlar, uchrashuvlar, sog‘lomlashtiruvchi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda ta'lim muassasasi mudirasiga ko‘maklashish.

Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi tomonidan Kengashni tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishidan o‘n kun oldin yig‘ilish o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida e'lon, shuningdek mazkur Nizomning nusxasi barchaning tanishib chiqishi uchun ta'lim muassasasida osib qo‘yiladi.

Kengash yetti kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat tarkibda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari (qonuniy vakillari), ta'lim muassasasi faoliyatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan faxriylar bilan o‘tkaziladigan umumiy yig‘ilishda barcha a'zolarining teng huquqliligi asosida tashkil etiladi. Kengash tarkibi a'zolarining soni cheklanmaydi.

Kengash tarkibiga maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlarining vakillari kirishi mumkin.

Kengash a'zolarining ro‘yxati uning birinchi Umumiy yig‘ilishida tuziladi, Kengash raisi, uning o‘rinbosari va kotib saylangandan so‘ng Kengash qarori bilan tasdiqlanadi.

Kengash har yili rais, rais o‘rinbosari, kotib va kengash a'zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi, uning yaqin qarindoshlari Kengash a'zolari bo‘lishi mumkin emas.

Kengash raisi, uning o‘rinbosari va kotib Kengash a'zolarining ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi.

Kengash raisi va uning o‘rinbosari o‘z navbatida maktabgacha ta'lim muassasasining pedagogik kengashi a'zosi hisoblanadi.

Kengash quyidagi huquqlarga ega:

Kengash raisi, uning o‘rinbosarini va kotibni saylash;

Kengash faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

homiylik mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlarini belgilash hamda uning ijrosi bo‘yicha har chorakda hisobotlari eshitish;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan homiylik mablag‘larini belgilangan tartibda ta'lim muassasasining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga kirim qilinishini nazorat qilish;

har chorakda Kengash raisining Kengash faoliyati yuzasidan hisobotini eshitish va tasdiqlash;

Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini, shuningdek homiylik mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan ishlarning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

ta'lim muassasasi ichki tartib qoidalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek pedagogik kengashga tegishli taklif va mulohazalar kiritish;

yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonida jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;

maktabgacha ta'lim muassasalarida moliyaviy yil boshlangunga qadar Kengash yig‘ilishi bayonnomasiga asosan to‘lovlardan ozod qilinadigan kam ta'minlangan oilalarning bolalari (tarbiyalanuvchilar) ro‘yxatini tasdiqlashda ishtirok etish;

Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Quyidagilar Kengashning majburiyatlari hisoblanadi:

har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida pedagogik kengashga hisobot taqdim etish;

ta'lim muassasasida muammoli masalalar yechimini topishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashish;

Kengash zimmasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

Maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari)dan turli xil sabablar bilan ta'lim muassasasi mudirasi va boshqa xodimlari (tarbiyachi, tarbiyachi-yordamchilar) tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat'iyan taqiqlanadi.

Ota-onalar ta'lim muassasasida pul mablag‘larining yig‘ilishi holatlari haqida og‘zaki yoki yozma ravishda bevosita Kengashga murojaat qilishi mumkin. Bunday holat yuz bergan taqdirda, Kengash tomonidan tuman (shahar) maktabgacha ta'lim bo‘limlarining rahbar xodimlari ishtirokida muhokama etiladi hamda aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.

Kengash har chorakda ta'lim muassasasining umumiy ota-onalar yig‘ilishida o‘z faoliyati va tarbiyalanuvchilarni maktabga tayyorlashga yo‘naltirish ishlari to‘g‘risida hisobot beradi.

Top