O‘zbekiston | 17:07 / 30.11.2021
62864
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim vazirligi soha xodimlarining maoshlari qanchaga oshishini ma'lum qildi

2022 yilda Maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari maoshlarini oshirish rejasi ishlab chiqildi. Bu haqda Kun.uz’ga vazirlikning moliyaviy-iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Pardayev ma'lum qildi.

Sherzod Pardayev ayni vaqtda vazirlik tomonidan soha xodimlari maoshlarini oshirish rejasi shakllantirilganini aytdi.

“2018 yilda prezident qarori bilan o‘qituvchilar hamda maktabgacha ta'lim sohasi xodimlarining oylik maoshlari oshirilgan edi. Bog‘chalardagi oliy ma'lumotga ega tarbiyachilar, psixologlar, logoped-defektologlarning maoshlari umumta'lim maktablari o‘qituvchilarining maoshlariga tenglashtirilgan edi. 2019 yilda o‘qituvchilarning maoshlari oshirilishi hisobiga MTM tarbiyachilari va xodimlari oyligi ularnikiga nisbatan 10 foizdan 25 foizgacha kam miqdorni tashkil qiladi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda Moliya vazirligiga o‘z takliflarini bergan. Tayyorgarlik guruhi oliy ma'lumotli tarbiyachilarining maoshlarini maktab o‘qituvchilari maoshlariga tenglashtirish taklifi berilgan”, — dedi u.

Shuningdek, vazirlik mutasaddisining so‘zlariga ko‘ra, sohadagi boshqa xodimlar: tarbiyachi-metodist, tarbiyachi yordamchisi, MTM rahbarining lavozim maoshlarini tarbiyachilar maoshiga proporsional ravishda oshirish ko‘zda tutilgan. Masalan, bog‘chalardagi tarbiyachi-metodist maoshini tarbiyachilar maoshidan 5 foizga oshirish, MTM rahbarining maoshini metodistnikidan oshiqroq qilib belgilash va tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi xodimlari maoshini MTM rahbarinikidan ko‘ra yuqoriroq etib belgilash taklifi kiritilgan.

“Bundan tashqari, bog‘chalardagi oshpazlarning oyliklari ham ayni vaqtda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Rejaga ko‘ra, ularning maoshlarini 2 barobarga oshirish taklifi berilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra ushbu loyihani amalga oshirish uchun bir yilda o‘rtacha 1,5 trln mablag‘ talab qilinadi. Maktabgacha ta'lim sohasi xodimlarining oyligini oshirish bo‘yicha berilgan taklif hozirda Moliya vazirligi tomonidan o‘rganilyapti. Agar davlat budjeti daromadlaridan kelib chiqqan holda mablag‘lar ajratish imkoni bo‘lsa, 2022 yildan boshlab bu loyiha amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda pedagoglar statusi degan tushunchaga ko‘ra, pedagog maktabda yoki bog‘chada ishlashidan qat'iy nazar bir xil oylik olishadi. Chunki ularning statusi bir xil hisoblanadi. Biz ham maktab-bog‘chalarda ishlaydigan bir xil yo‘nalishdagi pedagog xodimlar uchun oyliklarni tenglashtirish haqida loyihalarimizni taklif qilganmiz. Kelgusida maktab o‘qituvchilari bilan maktabgacha ta'lim sohasi xodimlarining oyliklari bir xil bo‘lishi kerak. Bunda albatta bir xil yo‘nalishdagi pedagog xodimlar nazarda tutiladi. Bu toifaga o‘qituvchi, tarbiyachilar kiradi. Texnik xodimlar emas ”, deya ma'lum qildi vazirlik mutasaddisi.

Mavzuga oid