Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqoti boshlandi
Prezident tadbirkorlarning murojaatlari asosida ishlab chiqilgan, biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda. Tadbirda bir guruh tadbirkorlarga davlat mukofotlari ham topshiriladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi.
“Bugun shuni faxr bilan ayta olamizki, yurtimizda yaratilayotgan har bir ish o‘rni, qad ko‘tarayotgan har bir korxona, xalqimiz og‘irini yengil qilayotgan har bir xizmat, eksport bo‘layotgan har bir mahsulot – sizning jasorat bilan qilayotgan mehnatingiz, tashabbus va izlanishingiz mahsulidir”, – dedi davlat rahbari so‘zining avvalida.
Bugungi tadbir shunchaki anjuman emas, davlat va biznes o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan jonli va samimiy muloqot maydoni ekani ta’kidlandi.
“Har bir soha, har bir hudud, har bir mahalla – faqat tadbirkor harakat qilganida, ularga quloq tutib, ishonch bildirilganida rivojlanadi, obod bo‘ladi.
Shu bois, bugun sizlarni eshitamiz. Sizning ovozingiz orqali hal qilinadigan masalalarni birgalikda muhokama qilib, ularga aniq yechimlar haqida kelishib olamiz”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 8 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 230 mlrd dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya.
“Bir qarashda aytishga oson ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Lekin biz buni uddaladik”, – dedi prezident.
Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda pragmatik va proaktiv siyosat tufayli birinchi yarim yillikda YaIM 7,2 foizga o‘sgani ta’kidlandi.
1600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.
O‘tgan yili aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard so‘mlik marrani zabt etdi.
Biznesni soyadan chiqarish bo‘yicha yangi mexanizmlar ko‘paytirilgani hisobiga 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga yoki 4,6 trillion so‘mga oshirdi.
O‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi.

An’anaga ko‘ra, bu yil ham kichik biznes vakillaridan tortib yirik korxonalar rahbarlarigacha – eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlardan 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida ilmi bilan biznesni rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlar ham bor.
O‘tgan bir yilda yana 52 nafar ishbilarmon tadbirkorlar, mirishkor dehqon va fermerlar, tashabbuskor investorlar orden va medallar sohibiga aylandi.
“Ayniqsa, homiylik qilib bog‘cha va maktab, shifoxonalar qurayotgan, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashayotgan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz ko‘payib borayotgani bizni quvontiradi.
O‘g‘il-qizlarimizni sportga jalb qilish uchun katta-katta sharoit qilib berayotgan, ularning jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori cho‘qqilarni zabt etishiga ko‘maklashayotgan biznes vakillari yurtimizning chinakam fidoyilaridir”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari fursatdan foydalanib butun respublikaning biznes vakillariga o‘zining chuqur va samimiy minnatdorligini izhor qildi va bayram bilan tabrikladi.
Mavzuga oid
20:08 / 08.10.2025
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Tojikistonga boradi
13:49 / 09.09.2025
Prezident: “O‘qituvchilar maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim haqiqatga aylandi”
21:33 / 22.08.2025
Berdimuhamedov Mirziyoyevga O‘zbekiston xalqiga chuqur hurmat-ehtirom ramzi sifatida tuya va bo‘taloq sovg‘a qildi
19:30 / 22.08.2025