Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hatto Zelenskiy ham keldi: Yerevandagi sammitlar nimadan darak?
Rossiyadan uzoqlashish, Yevropaga yaqinlashish, Ozarbayjon va Turkiya bilan normallashish – bugun Armaniston tashqi siyosatini belgilab berayotgan asosiy tendensiyalar. 3–5 may kunlari mamlakat poytaxti Yerevan dunyo siyosatining markaziga aylandi. U yerda bir vaqtning o‘zida uchta katta tadbir: Yevropa Ittifoqi – Armaniston sammiti, Yevropa siyosiy hamjamiyati yig‘ilishi va Armaniston-Fransiya sammiti bo‘lib o‘tdi.
Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti 4-may kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqining 27 a’zosi va yana 21 davlat rahbarlari ishtirok etdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri, Ukraina prezidenti hamda masofadan ishtirok etgan Ozarboyjon va Turkiya yetakchilari shular jumlasidan.
Armaniston–Yevropa Ittifoqi sammiti – bu tarixda shu formatdagi va darajadagi birinchi uchrashuv hisoblanadi. Yevropa Ittifoqini Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen hamda Yevrokengash raisi Antoniu Koshta tamsil qilishdi, Armanistonni esa bosh vazir Nikol Pashinyan.
Shuningdek, Armaniston–Fransiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ham bir kun ajratildi, bu ikki davlat o‘rtasida alohida sammit bo‘lib o‘tti. Unda Fransiya prezidenti Makron Armanistonning geosiyosiy mustaqilligiga alohida to‘xtalib, Rossiyaning ishonchsiz va xavotirli xamkor ekanini urg‘ulab o‘tdi.
Xo‘sh, Yerevandagi bu tadbirlar Kavkaz mintaqasi uchun, global geosiyosiy vaziyat uchun, jumladan, O‘zbekiston va turkiy dunyo munosabatlari uchun qandaydir ahamiyatga egami, agar ega bo‘lsa, qanday ahamiyat kasb etadi?
Yerevandagi bu tadbirlarni, bir so‘z bilan “global o‘zgarishlar davridagi katta va muhim voqea” deb atash mumkin.
Post-sovet hududidagi geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgarmoqda. Birinchidan, Armaniston – haliga qadar rasman Yevrosiyo Ittifoqi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti a’zosi. Bu ikkala tashkilot ham Rossiya Federatsiyasining strategik loyihalari hisoblanadi. Qolaversa, haliga qadar Kavkaz mamlakatlaridan faqat Armanistonda RFning yirik harbiy bazasi mavjud (Gumri shahrida). Armaniston KXShTdagi faoliyatini to‘xtatgan, lekin rasman bu tashkilotdan chiqqani yo‘q. Qolaversa, Yevrosiyo Ittifoqining a’zosi sifatida Rossiyadan arzon gaz va neft oladi, RF Armanistonning eng muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Ayni paytda, rasmiy Moskva uchun, bugungi YeI – eng asosiy dushman sifatida ko‘riladi. AQSh hokimiyatiga Tramp kelgach, Rossiya bilan urushayotgan Ukrainaga yordam berish missiyasini YeI o‘ziga oldi. YeI bugun o‘zi uchun eng birinchi tahdid deb RFni ko‘radi. Mana shu fonda, KXShT va Yevrosiyo Ittifoqi a’zosi hisoblanmish Armanistonda Yevropa Ittifoqining yirik sammiti o‘tayotgani – Yerevanning Rossiyadan uzoqlashayotganini ifodalaydi.
Qolaversa, bu sammitga Ukraina prezidenti Zelenskiy ham taklif qilindi. 2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyingi davrda birinchi marta Ukraina prezidenti KXShT va Yevrosiyo Ittifoqi a’zosi bo‘lmish davlatga keldi. Bu bilan Armaniston o‘zining geosiyosiy munosabatlarini jiddiy ko‘rib chiqayotganini RFga ham bildirmoqda.
YeI–Armaniston sammitida 44 banddan iborat deklaratsiya imzolandi. Deklaratsiyaga ko‘ra, Armanistonning Ozarbayjon bilan tinchlik munosabatlari qo‘llangan, Turkiya bilan normallashuv olqishlangan, Ukraina urushiga ham munosabat bildirilgan.
Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida Ozarbayjon ham ishtirok etdi, biroq onlayn qatnashdi. Bu bilan, Ozarbayjon hali Armaniston bilan to‘laqonli tinchlik kelishuvi imzolanmaganiga ishora qilmoqda, lekin munosabatlar ijobiy tomon ketayotganini ifodalab, onlayn shaklda ishtirok etdi. 2028 yilda Yevropa Ittifoqining sammiti Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lishi kutilmoqda.
Turkiya ham Armaniston bilan munosabatlarni ijobiylashtirmoqda. Ko‘p yillar yillar davomida Armaniston Turkiyani 20-asr boshida armanlarga qarshi genotsidda ayblab keldi. Biroq, keyingi 5-6 yil ichida Armaniston o‘zining mintaqaviy va global geosiyosiy qarashlarini keskin qo‘rib chiqmoqda.
Yerevanga, shuningdek, Kanada bosh vaziri Karni ham keldi. Bugun Kollektiv G‘arb ma’naviy jihatdan parchalangan, AQSh hokimiyatiga Tramp kelgach, Yevropa Ittifoqi, Kanada va G‘arbning boshqa vakillari muqobil hamkorlik va xavfsizlik formulasini izlashmoqda. Shu fonda Yevropa Ittifoqi mustaqil global kuch, qudrat va qutb bo‘lish niyatida. AQShdan tashqari bo‘lgan geosiyosiy qutb shakllantirish intilishida, va bu qutbda Kanada ham ishtirokchi sifatida ko‘riladi.
Bugungi Rossiya–Ukraina va AQSh–Eron urushlari fonida, dunyodagi tartibot jiddiy o‘zgarmoqda. YeI, Turkiya, Xitoy kabi mamlakatlar uchun muqobil transport-logistika koridorlari masalasi har doimgidan ham dolzarb. Rossiya va Ukraina hududlari urush sabab bloklandi. Eron urushi sabab Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bloklandi. Shuning uchun ham Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi o‘rta koridor, ya’ni Janubiy Kavkaz, jumladan Armaniston, Ozarboyjon va Gruziya hududiga e’tibor yana ham ortdi.
Ukraina urushi sabab Rossiya zaiflashdi, va bu Kavkazdagi davlatlarni tom ma’nodagi geosiyosiy mustaqilligi uchun imkoniyatni kuchaytirdi. Qorabog‘ masalasidan so‘ng, Armanistonni RFga bog‘lab turuvchi omil qolmadi va bugun Armaniston shahdam qadamlar bilan Yevropa tomon yuzlangan davlatga aylanib ulgurdi.
Biroq Armaniston geosiyosiy ziddiyatlardan hali hamon qutula olmadi, u KXShT va Yevrosiyo Ittifoqi a’zosi. Biroq Yevropa tomon intilmoqda, va bu Kremlga qattiq yoqmaydi…
Mavzuga oid
08:33
Yevropa Ittifoqi Putin bilan ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda
09:26 / 07.05.2026
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqini isloh qilish rejasini taklif etdi
15:10 / 03.05.2026
OAV: Ukraina va Yevroittifoqning orasi sovuqlashdi
21:16 / 27.04.2026