Jahon | 21:16 / 27.04.2026
5051
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina YeI a’zosi bo‘lish uchun o‘z hududlaridan voz kechishiga to‘g‘ri keladi – Mers

Germaniya kansleri shuningdek, mamlakat jangovar harakatlar davom etayotgan paytda blokka qo‘shila olmasligini va qat’iy mezonlarga, jumladan, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash talablariga javob berishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: REUTERS/Teresa Kroeger

Germaniya kansleri Fridrix Mersning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik kelishuvi doirasida hududlarning bir qismidan voz kechishi mumkin va u bunday yon berishni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istiqbollari bilan bog‘ladi.

«Qachondir Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolaydi. Qachondir, umid qilamizki, Rossiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘ladi. O‘shanda, ehtimol, Ukraina hududining bir qismi Ukrainaga tegishli bo‘lmay qoladi», dedi u.

Mersning qo‘shimcha qilishicha, agar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunday pozitsiyani jamiyatga yetkazishni va ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erishishni istasa, referendum o‘tkazish zarur bo‘ladi. Shu bilan birga, kanslerning ta’kidlashicha, Ukraina hukumati bir vaqtning o‘zida fuqarolarga bunday qaror mamlakatga Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvga yo‘l ochishini tushuntirishi kerak bo‘ladi. U xalqqa: «Men sizga Yevropaga yo‘l ochdim», deyishi kerak», deb tushuntirdi Mers.

Mers, shuningdek, Ukrainani Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish muddati bo‘yicha ortiqcha umidlardan ogohlantirdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat jangovar harakatlar davom etayotgan paytda blokka qo‘shila olmaydi va qat’iy mezonlarga, jumladan, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash talablariga javob berishi kerak.

«Zelenskiyning Yevropa Ittifoqiga 2027 yil 1 yanvardan kirish g‘oyasi bor edi. Bu ish bermaydi. Hatto 2028 yil 1 yanvar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», dedi u.

Oraliq variant sifatida kansler Ukrainaga Yevropa Ittifoqi institutlarida kuzatuvchi maqomini berishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday g‘oya Zelenskiy ham ishtirok etgan Kipr sammitida Yevropa yetakchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan.

Hozir Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomiga ega. Yaqinda Yevropa Ittifoqi Kiyevga 2027 yilgacha mamlakat moliyaviy ehtiyojlarining katta qismini qoplashi kerak bo‘lgan 90 milliard yevro miqdoridagi kreditni ma’qulladi, biroq blok ichida a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar jarayoni sur’ati bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.

Avvalroq Ukraina hukumati integratsiyani tezlashtirish istagini bildirgan edi. Xususan, Zelenskiy Kiyev barcha zarur choralarni ko‘rishini va 2027 yilgacha a’zo bo‘lishga tayyor bo‘lishini aytdi va Bryusselni 2027 yil 1 yanvarni maqsadli sana sifatida belgilashga chaqirdi. Shu bilan birga, kengayish bo‘yicha Yevropa komissari Marta Kos bunday muddatlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlab, jarayonning tinchlikka erishish va islohotlarga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari, jumladan Fransiya, Germaniya, Niderlandiya va Italiya Ukrainaning ittifoqqa tezroq kirishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Shu bilan birga, Financial Times yozganidek, Berlin va Parij Kiyev uchun alohida imtiyozlar va to‘liq ovoz berish huquqisiz mudofaa hamkorligi elementlarini taqdim etishni nazarda tutuvchi «yengillashtirilgan» a’zolik formatini muhokama qilmoqda.

Rossiya tinchlik bitimi tuzish uchun 4 yildan ortiq urush davomida to‘liq qo‘lga kirita olmagan butun Donbassni berishni talab qilmoqda. Kiyev bunday yon berishga tayyor emasligini va hozirgi front chizig‘ida jangovar harakatlarni to‘xtatish tarafdori ekanini bir necha bor ta’kidlagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid