Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
16 mart kuni O‘zbekistondagi 1765 ta masjidda Qur’oni karimning xatmonalari bo‘ladi
Bugun xufton namozidan keyin O‘zbekistondagi 1765 ta masjidda Qur’oni karimning xatmonalari – yakuni bo‘lib o‘tadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi «Xatmi Qur’on» tadbirlarini barcha masjidlarda bir xil vaqtda boshlab, Ramazon oyining 27-kuni - taxminiy «Qadr kechasi»da yakunlamoqda.
Foto: Muslim.uz
Bugun, 16 mart oqshomida – butun Ramazon oyi davomida 1765 ta masjidda xushovoz qorilar tomonidan o‘qilgan Qur’oni karimning xatmonalari (yakuni) bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Idoraning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston bo‘ylab xatmi Qur’onlar o‘qilgan masjidlarda yurtdoshlarimiz bir vaqtning o‘zida xatmonadan keyingi duolarga qo‘l ochishadi.
Tarovih namozlarining boshlanish vaqti Farg‘ona vodiysi bo‘ylab 20:20dan boshlab belgilangan. Vohada va O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarda 21:00 gacha cho‘ziladi. Toshkent viloyati va poytaxtda tarovih namozlari 20:30 da boshlanishi belgilangan.
«Ulamolarning ta’kidlashicha, Qur’on xatm qilinganidan so‘ng qilingan duo rad etilmaydi. Chunki Qur’on Allohning kalomi bo‘lib, uni to‘liq o‘qib tugatish ulug‘ ibodat. Bugun dunyo-yu oxirat saodatiga erishish uchun iltijo qilish fursatidir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Qur’on xatm qilinganda ijobat bo‘ladigan duo bor». Bundan kelib chiqadiki, jamoat bo‘lib o‘qilgan namozlar, ayniqsa, Qadr kechasida xatmi Qur’onlardan keyin qilinadigan duolar inshalloh ijobat bo‘ladi», deyiladi diniy idora xabarida.
Ma’lumot uchun, bu yil O‘zbekistondagi 2101 ta masjidda tarovih namozi o‘qilmoqda. Ularning 1700dan ortig‘ida esa to‘liq xatmona bo‘lmoqda. Ushbu jarayonga 3 642 nafar iqtidorli qori saralab olingan. «Xatmi Qur’on» tadbirlari barcha masjidlarda bir tartibda boshlanib, Ramazonning 27-kechasida yakunlanishi rejalashtirilgan.
So‘nggi yillardagi tajribadan kelib chiqib, «Xatmi Qur’on» tadbirlari O‘zbekistondagi barcha masjidlarda bir xil vaqtda boshlangan. Yakuni esa Ramazonning 27-kuni – taxminiy «Qadr kechasi»da yakunlanadi.
Mavzuga oid
09:53 / 11.03.2026
Qirg‘izistonda Hayit sanasi e’lon qilindi: Ramazon oyi yana 29 kun bo‘lishi mumkin
17:10 / 04.03.2026
“Faqat Ramazonda ishlaydi” - Yovqochar bozoridan reportaj
09:08 / 24.02.2026
«Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir» - o‘zbekistonlik ulamolar Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi
19:22 / 18.02.2026