Rektorlar imtiyozli grant asosida o‘qishga kirgan xotin-qizlarni uyiga borib tabriklamoqda
Bu yildan OTMlarga xotin-qizlarni qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish tartibi joriy etildi. Tavsiyanoma olgan abituriyent xotin-qizlardan 940 nafari bu yil ana shu qo‘shimcha kvota doirasida talaba bo‘ldi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, ayni kunlarda qator OTMlar rahbarlari qo‘shimcha kvota asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarni ularning xonadonlariga borgan holda tabriklamoqda.
Jumladan, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov, Andijon davlat universiteti rektori Akromjon Yo‘ldoshev imtiyozli ravishda talaba bo‘lgan xotin-qizlarning uylarida bo‘lib, ularga sovg‘alar ulashgan.
Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 4 foizli davlat granti (bu yil 940ta kvota) asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratilgan.
O‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra, ushbu imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar to‘plagan baliga qarab hududlar kesimida o‘tish bali quyidagicha bo‘ldi:
- Qoraqalpog‘iston – 154,5 ball
- Andijon – 135,2 ball
- Namangan – 151,5 ball
- Farg‘ona – 151,6 ball
- Buxoro – 160,2 ball
- Xorazm – 154,9 ball
- Surxondaryo – 150,5 ball
- Qashqadaryo – 157,3 ball
- Jizzax – 151,8 ball
- Navoiy – 163,9 ball
- Samarqand – 151,4 ball
- Sirdaryo – 138,5 ball
- Toshkent viloyati – 138,7 ball
- Toshkent shahri – 136,3 ball
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan yuqoridagi balni to‘plagan xotin-qizlar OTMga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Undan past olgan abituriyentlarga 4 foizlik imtiyoz qo‘llanmaydi, ular umumiy tanlovda ishtirok etadi.
Bu yil 19 mingga yaqin xotin-qizga tavsiyanoma berildi. Tavsiyanomalar 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Tavsiyanoma abituriyent ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan birinchi ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta'lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mavzuga oid
10:02 / 08.07.2024
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytiradi
18:02 / 17.04.2024
Xususiy oliy ta’lim: tijoriy manfaat va sifatli ta’lim muvozanati qanday topiladi?
16:35 / 15.04.2024
O‘zbekiston–Tojikiston oliygohlari rektorlari 2-forumi o‘tkazildi
15:00 / 26.08.2022