Jamiyat | 08:43 / 02.08.2018
7216
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik talabalar Xalqaro matematika olimpiadasida 2ta oltin va 2ta bronza medalini qo‘lga kiritdi

Joriy yilning 22-28 iyul kunlari Bolgariyaning Blagoyevgrad shahrida talabalar o‘rtasidagi an'anaviy 25-Xalqaro matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro olimpiadada hamyurtlarimizdan 4 nafar talaba ishtirok etdi. O‘zbekiston Milliy Universiteti matematika fakultetining 4-bosqich talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimovlar oltin medallar (1-darajali diplom), Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti mexanik muhandislik fakulteti 3-bosqich talabasi Farrux Muxammadiyev va O‘zbekiston Milliy Universiteti matematika fakultetining 1-bosqich talabasi Tolibjon Ismoilovlar esa bronza medallar (3-darajali diplom) bilan taqdirlanishdi. Jamoaga Shveytsariyaning Bern Universiteti matematika instituti hamda Buyuk Britaniyaning «University College London» ta'lim muassasalari katta ilmiy xodimi, matematika fanlari doktori (PhD) Orif Ibragimov rahbarlik qildi.

Talabalar o‘rtasidagi eng nufuzli xalqaro matematika olimpiadasi 1994 yildan buyon muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Olimpiadada qatnashchilarga ikki kun davomida Algebra (chiziqli va abstrakt), Analiz (haqiqiy va kompleks), Geometriya va Kombinatorika sohalaridan masalalar beriladi va ulardan yechimlarini ingliz tilida taqdim etishlari talab etiladi. Olimpiadadan so‘ng qatnashchilarning yozma ishlari jamoa rahbari tomonidan himoya qilinadi va ballar to‘planadi.

Ta'kidlash joizki, Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimovlar 2017 yilgi talabalar o‘rtasidagi 24-xalqaro matematika olimpiadasida ham oltin medallarni qo‘lga kiritishgan. Farrux Muxammadiyev va Tolibjon Ismoilovlar esa akademik Qori-Niyozov xotirasiga bag‘ishlangan 2018 yilgi Respublika matematika olimpiadasining g‘oliblaridir.

Mavzuga oid