O‘zbekiston | 16:44 / 09.07.2025
3896
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidan qatnovchi avtobuslar yo‘nalishi poytaxt ichkarisigacha uzaytiriladi

Toshkentga sentabrgacha 200 ta, keyingi yil esa 1000 ta avtobus olib kelinadi. Shuningdek, Toshkent halqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15–20 kilometrga uzaytiriladi.

Foto: Kun.uz

Poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektorda ma’lum qilindi.

Mamlakatda jamoat transporti tizimi aholini rozi qiladigan darajada yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shaharlararo avtobuslar grafik bo‘yicha emas, balki yo‘lovchilari 40-50 kishi bo‘lib to‘lganda yurishga o‘rgangan. Chunki tadbirkorlarga shaharlararo jamoat transportida zararni kompensatsiya qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Subsidiya faqat shahar atrofidagi avtobuslar uchun bor.

Prezident endilikda o‘rta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini aytdi.

Buning uchun Toshkent shahri va viloyatlararo qatnov bo‘yicha alohida yondashuv bo‘ladi.

Poytaxtga kuniga 1 million odam tashrif buyursa, shundan 275 ming nafari Toshkent viloyatidan keladi.

Shu bois, poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi.

Buning uchun, Toshkent halqa yo‘ligacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15-20 kilometrga uzaytiriladi, yana yangi 6 ta marshrut qo‘shiladi. Bu Toshkent viloyati aholisi uchun katta qulaylik bo‘ladi.

«Marshrutlar uzaysa, kutish vaqti ko‘payadi, deb aholi xavotirga tushmasin. Sentyabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana 1 mingta avtobus olib kelamiz», dedi davlat rahbari.

Yangi tizimni poytaxt va Toshkent viloyati uchun 1 sentabrdan, yirik shaharlarda esa kelasi yili 1 yanvardan joriy qilish topshirildi.

Shaharlar va viloyatlararo jamoat transporti qatnovlarini jonlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Bu yo‘nalishdagi avtobus va mikroavtobuslar uchun yo‘lovchi boshiga subsidiya beriladi.

Avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan imtiyoz yana uch yilga uzaytiriladi va mikroavtobuslarga ham joriy qilinadi.

Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan imtiyoz uch yil davomida jamoat transporti uchun ham qo‘llanadi.

Bunda, tadbirkorlarga 2 ta shart qo‘yiladi – harakat grafigiga qat’iy amal qilish hamda elektron to‘lov tizimiga o‘tib, tushumlarni shaffof ko‘rsatib borish.

Jamoat transportini qulay va xavfsiz qilish bo‘yicha hududlarda yaxshi innovatsion tajribalar boshlangan.

Masalan, Toshkent shahrida 200 kilometr yo‘l, 4 ta ko‘prikni ta’mirlash uchun Xitoydan 300 million dollar investitsiya jalb qilinmoqda.

Shuningdek, poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida «Intellektual transport» axborot tizimi ishga tushadi.

Ushbu tizimga Toshkent shahridagi 700 dan ziyod chorraha va ulardagi barcha svetofor, foto va videokuzatuv moslamalari ulanadi.

Transport oqimiga qarab svetoforlarni masofadan boshqarish hisobiga tirbandliklar 25-30 foizga kamayishi mumkin.

Mavzuga oid