Telegram va Instagram’da soxta guruhlar tashkil etib, odamlarni chuv tushirib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda Telegram va Instagram’da Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli 5 nafar shaxs joriy yil boshida jinoiy reja tuzib, Telegram va Instagram’da bojxona tizimi nomidan “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil etgan. Shuningdek, guruhlarda “Bojxona qo‘mitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini go‘yoki tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.

Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan, iPhone telefonlarining so‘nggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni va’da qilgan. To‘lovlarning ma’lum qismi esa o‘zgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalar orqali qabul qilingan.

Jinoiy guruh a’zolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 mln so‘mni o‘zlashtirgan. Pullarni esa shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborishgan. Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.

Holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b, g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.