O‘zbekiston | 13:09 / 06.01.2023
20417
8 daqiqa o‘qiladi

“Xalqimizni dori bilan boqyapmiz” - Ro‘zimuhammad Xonnazarov tibbiyotdagi ahvol va farmsanoat qudrati haqida

“Odamlar dori bilan tug‘ilib, dori bilan katta bo‘lyapti”, – deydi Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov. U Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishdan boshqasini eplolmayotganini aytib, mas’ullarni “faqat yotqizib, dori beradigan” tizimdan voz kechishga chaqirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

“Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq voqealar fonida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida kutilgandan ham ko‘ra katta muammolar borligi ko‘rinib qoldi. Sohada kadrlar, kerakli asbob-uskuna, qurilmalar masalasidan tashqari, tizimning o‘zi noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga qayta-qayta guvoh bo‘lib boryapmiz.

“Hozirgi tizim birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega, xolos, undan u yog‘iga o‘tolmaydi”, – deydi Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov Kun.uz bilan suhbatda.

Uning aytishicha, inson tanasini dorixona mahsuloti bilangina davolanib bo‘lmaydi, bu ham vaqtinchalik birinchi tibbiy yordam hisoblanadi.

“Zamonaviy tibbiyotni xalq tabobati bilan muvofiqlashtirish kerak”

— Misol bilan tushuntiraman. Masalan, odam insult yoki infarkt bo‘ldi, uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borishadi. 3 kundan 5 kungacha muolaja qilinadi. Undan keyin shifokorlar yaqinlarini chaqirib: “Olib ket”, deydi. Qayerga desa, uyga... Ya’ni reabilitatsiya qiladigan markazlar yo‘q. Vaholanki, insult bo‘lgan odamni davolash va oyoqqa turgizib yuborish uchun 3 oy kerak. Shifokorlar esa 5 kungacha ushlab turib, davolashga haqqi bor. Undan keyin bemor ko‘chada qoladi. Shuning uchun ham odamlar tabib qidiradi.

Agar men sog‘liqni saqlash vaziri yoki shu sohani muvofiqlashtiruvchi organ rahbari bo‘lganimda, sog‘liqni saqlash tizimidagi tez tibbiy yordam, xirurgiya, tug‘uruqxonalarni qoldirib, qolganlarini xalq tabobatiga o‘tkazgan bo‘lardim. Chunki xalq tabobati davolashga, profilaktikaga qaratilgan. Hozirgi boshi bu yerda, dumi boshqa yerda bo‘lgan buncha katta tizim samarali emas. O‘zbekistonda tez yordam ko‘rsatish yaxshi, lekin qolgani-chi? Insult bo‘lib qolsa, 5 kun tez tibbiy yordam ko‘rsatadi. Undan keyin nima qiladi? 90 kun kim qarashi kerak? Buning davomi yo‘q. Puli bor odamlar xususiy shifoxonalarga boradi, lekin qurbi yetmaydiganlar-chi? Keyin nima qiladi, mahallaga chiqib hamshira qidiradi. Bunday holatlar juda ko‘p.

Shuning uchun bularni qisqartirib yoki soddalashtirib samarali ishlaydigan tizimga o‘tish kerak. Ya’ni zamonaviy tibbiyotni xalq tabobati bilan muvofiqlashtirish kerak bo‘ladi. Integratsiya qilib, profilaktika qismini tabobat yo‘nalishida davolaydigan klinikalarga aylantirish kerak. Shunda bir samara bo‘lishi mumkin.

“Reklamalarning o‘zi kasallikka, o‘limga chorlaydi”

— Tibbiyot sohasi rivojlangan qaysi mamlakatga: Hindiston, AQSh, Yaponiya, Germaniyaga qaramang, ular bizga o‘xshab faqat dorixona mahsulotini iste’mol qilayotgani yoki faqat dorini tomchilab quyish terapiyasi yo‘q. Ularda vitaminlar, minerallar, giyohlar asosiy davolovchi vosita hisoblanadi. Shunga o‘tish kerak.

Eng ko‘p muammolar ham, og‘riqli nuqtalar ham O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida. Chunki bu sohadan xalq rozi bo‘lmaguncha noroziliklar bo‘laveradi. Yildan yilga kasalliklar soni ortib, yangilari paydo bo‘lyapti. Odamlar sog‘lig‘ini yo‘qotib boryapti. Nimaga? Ekologiya, sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik, nosog‘lom ovqatlanish, deymiz. Yegan oziq-ovqatimizning 70 foizi kimyoviy ishlov berilgan mahsulotlar hisoblanadi. Xohlagan supermarket yoki do‘konga kiring, tabiiy ozuqani topib bo‘lmaydi. Non mahsulotini olsak, ichida xamirturushi bor, mutlaqo insoniyat yeyishiga noloyiq narsa sanaladi. Ikkinchidan rangli ichimliklar… Bularni iste’mol qilish mumkin emas. Televideniyeda ham shularning reklamasi aylanadi, keyin bu yerdan sog‘liqni saqlash tizimiga kasalliklar ko‘paymoqda deb e’tiroz bildiramiz. O‘zimiz: “Shularni yeb, kasal bo‘l”, deb reklama qilyapmiz-ku. Energetik ichimliklar ichib yurgan yigitlar 40 yoshga kirmay, infarkt, insult bo‘lib o‘lyapti.

“Faqat yotqizib, tomchi dori quyadigan tizimdan voz kechishimiz kerak”

— O‘zi kasallik 2 xil bo‘ladi: mijoz sovishi yoki isishidan kelib chiqadigan kasalliklar bor. 70 foizdan ortiq kasalliklar, ayniqsa onkologik kasalliklar mijoz sovishidan kelib chiqadi. Biz buni xalq tilida shamollash deymiz. Sovuq suv, sovuq ichimliklardan kelib chiqadi hammasi. Bular juda xavfli. Insonning harorati 36,6 daraja, shu darajaga mos ravishda suv yoki ovqat berilsa, energiyani kam sarflaydi. Agar muzdek narsa berilsa, organizm uni 36,6 darajaga isitish uchun ko‘proq energiya sarflaydi, natijada insonning quvvati so‘nib boraveradi.

Qadimgi Buxoroda 2,5 km diametrdagi maydonda 17 ta hammom bo‘lgan, hozir ham shu qadimiy hammomlardan bir-ikkitasi ishlab turibdi. Chunki mavsumga qarab insonning mizojida sovish kuzatiladi. Odamning kasalxonaga ehtiyoji bo‘lmasligi mumkin, lekin hammomga ehtiyoji bor. Qani shu sharoit? Qani qadimiy usulda qurilgan hammomlar? Qayerdan topish mumkin? Hozirgi ishlab turgan bir-ikkitasining sanitariyasi yo‘q. Buni qilmasa bo‘lmaydi, har bir xonadon uchun hammom bo‘lishi kerak.

Janubiy Koreyaga borsangiz, har qadamda sauna bor. Ular shamollasa, zeriksa yoki charchasa, kasalxonaga yugurmaydi, saunaga borib massaj oladi. Bizlar ham shunga o‘tishimiz kerak. Faqat yotqizib, tomchi dori quyadigan tizimdan voz kechishimiz kerak.

“Tibbiyotni tadbirkorlikka aylantirib qo‘ymasligimiz kerak”

— Sog‘liqni saqlash tizimi, ayniqsa, xususiy sektor biznesga aylandi. Tabib – tadbirkor emas. Istalgan klinikaga kirib, ustavini o‘qib chiqsangiz, asosiy maqsadi daromad qilish va foyda olish bo‘ladi. Chunki u – tadbirkorlik sub’yekti. Davlat bunday klinikalarga qonuniy yo‘l beryapti: “Sen tadbirkorlik sub’yektisan, asosiy ishing – daromad olish”, deyapti. Eshigidan kirsangiz ham, kassaga borib pul to‘lashni aytadi. Chunki tadbirkorlik-da. Bugungi kunda xususiy klinika rahbarlari – tibbiyot sohasi mutaxassislari emas, tadbirkorlar. Tibbiyot sohasini tadbirkorlikka aylantirib qo‘ymasligimiz kerak.

Hozir dunyodagi eng katta mafiya – farmsanoat. Farmsanoat xohlagan odamini “joyiga qo‘yib qo‘ya oladi”. Istasa, meni shu bugun 1 soat ichida yo‘q qilish imkoniyatiga ega. Ularda katta mablag‘lar bor, shuning ortidan milliardlab daromad qilishmoqda. Butun dunyoga ta’sir kuchini o‘tkazishyapti. O‘zbekistondagi buncha dorixonalar boshqa biror davlatda yo‘q. Mamlakat – farm sohasida ishlab chiqariladigan kimyoviy preparatlarning bozori. Eng katta bozor O‘zbekistonda. Birov bizdan olib chiqib ketib, sotmaydi. Aksincha dorilarni bizning xalqimiz iste’mol qiladi. Biz xalqimizni dori bilan boqyapmiz. Odamlar dori bilan tug‘ilib, katta bo‘lib, o‘lyapti.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

P.S. Suhbat 2022 yil 1 sentabr kuni yozib olingan.

Mavzuga oid