O‘zbekiston | 16:50 / 30.06.2022
9142
5 daqiqa o‘qiladi

“Endi hech kim osonlikcha birovning uyini “snos” qila olmaydi!” - adliya vaziri

Ruslanbek Davletovning aytishicha, yangi qonun qabul qilinishi munosabati bilan, endilikda aholi punktlarida joylashgan, lekin “kadastri bo‘lmagan” uylar buzilgan taqdirda, agar bu yer bo‘yicha 15 yildan ortiq soliqlar to‘lab kelingan bo‘lsa, kompensatsiya to‘lanadi. Yer uchastkasi olib qo‘yilgani munosabati bilan egasiga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiyaga qo‘shimcha ravishda 5 foizlik to‘lov ham to‘lanadi.

Foto: Kun.uz

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Facebook’dagi sahifasida uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatning huquqiy asosini miridan sirigacha belgilab beradigan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolangani, ushbu hujjat xalqimizni ko‘p yillardan buyon qiynab kelgan muammolarga barham berishi haqida yozdi.

“Yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan maqsadlarning tugal ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Endi qonunda belgilangan haqiqatan ham jamoat ehtiyoji bo‘lgan 6 ta maqsaddan boshqa har qanday holatlarda yer uchastkalarini olib qo‘yishni jamoat ehtiyojlari uchun deb baholash taqiqlandi.

Qonunning yana bir yutug‘i shundaki, yer uchastkasi jamoat ehtiyojlarini amalga oshirish uchun boshqa chora bo‘lmaganda – eng so‘nggi chora sifatidagina olib qo‘yilishi mumkin. Eng muhimi tashabbuskor yer uchastkasini olib qo‘yish eng so‘nggi chora ekanini mahalliy kengash va jamoatchilik oldida isbotlab berishi kerak bo‘ladi.

Endi “snos”ga tushgan bino uchun kompensatsiya to‘lashga zarur mablag‘ bo‘lmasa, bunday tashabbus bilan chiqilmaydi, ya’ni “buzaveraylik-chi, kompensatsiya bir gap bo‘lar” qabilidagi gaplar ketmaydi”, deydi Ruslanbek Davletov.

Adliya vaziriga ko‘ra, yer uchastkasini olib qo‘yish tashabbusini ma’qullashdan boshlab, uni olib qo‘yish, olib qo‘yilgan yer uchastkasidagi ko‘chmas mulklarni buzishgacha bo‘lgan jarayonlarda ushbu masala mahalliy kengash deputatlari tomonidan naqd 3 marotaba ko‘rib chiqiladi. Bunda Konstitutsiyaga kiritilayotgan mahalliy kengash va hokimlik vakolatlari aniq ajratib qo‘yilayotganini inobatga olsak, tashabbuskorlarning buzish jarayonlarini “tezlashtirib” yuborishi borasida xavotirga o‘rin qolmaydi.

“Qonunning eng asosiy prinsiplaridan biri bu jarayonning ochiqligidir, shunga monand ravishda huquq egalari bilan ochiq muhokama o‘tkazishdan boshlab, qolgan har qanday bosqichda jarayonlar 100 foiz ochiq, ya’ni huquq egalari OAV, jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilishi belgilandi.

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga jismonan majbur qilish maqsadida turar yoki noturar joyni suv, kanalizatsiya, elektr, aloqa (internet ham), issiqlik va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yishga, kirib chiqish yo‘lini to‘sib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deydi u.

Ta’kidlanishicha, qonun bilan quyidagi huquqlar kompensatsiya qilib berilishi aniq qilib belgilab qo‘yilyapti:

  • ko‘chmas mulk obektlarining bozor qiymati;
  • olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati (qishloq xo‘jaligi yerlaridan tashqari);
  • ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati;
  • ko‘chish va boshqa uyni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar;
  • yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulk obektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda;
  • huquq egasining boshqa xarajatlari va zararlari.

Adliya vazirining qo‘shimcha qilishicha, hatto ko‘pchilik davlatlarda mavjud bo‘lmagan yangi turdagi to‘lov kompensatsiya kiritilmoqda, huquq egasiga keltirilgan noqulayliklar uchun ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi. Bundan tashqari, huquq egasiga qonuniy tegishli bo‘lgan yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar va noturar joylar uchun ham kompensatsiya to‘liq beriladi.

Shu bilan birga, buzishga tushganda kompensatsiya beriladigan uy-joylar ko‘lami kengaytirildi – endi agar aholi punkti ichida joylashgan, lekin “kadastri bo‘lmagan” uylar buzilsa ham, agar ushbu yer bo‘yicha 15 yildan ortiq soliqlar to‘lab kelingan bo‘lsa kompensatsiya to‘lanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu qonun 3 mlnga yaqin hujjatsiz uylarni buzilishdan “sug‘urtalaydi”.

Qayd etilishicha, endilikda “snos” bilan bog‘liq barcha huquqiy jarayonlar elektron tizimlar orqali amalga oshiriladi, shu jumladan, qabul qilingan qarorlar, tuzilgan shartnomalar va berilgan kompensatsiyalarning hisobi elektron yuritiladi.

Mavzuga oid