Light | 12:59 / 30.07.2018
8729
5 daqiqa o‘qiladi

Kastamonu safari, birinchi maqola: Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti

“Turkiya faqat dengiz, quyosh va qumdan iborat emas” – Turkiyaning sobiq turizm va madaniyat vaziri Nabi Avji tarafidan aytilgan bu so‘zlar, shundoq ham rivojlangan turizmni yanada rivojlantirish, turlarini ko‘paytirish hamda har qarich tuprog‘i tarix bilan, har qadami tabiat go‘zalligi bilan to‘la Turk diyorini dunyoga yanada kengroq tanitish borasida qardosh o‘lka Turkiyada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mazmunini o‘zida to‘la ifodalaydi.

O‘tgan hafta Turkiyada bo‘lib o‘tgan, 2016 yil 15 iyuldagi muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishiga xalqning munosabatini namoyon etgan tadbirlar doirasida dunyoning ko‘plab davlatlari xalqaro jurnalistlari qatorida Turkiyada bo‘ldik. Istanbulda Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘anning ishtirokida o‘tkazilgan yig‘inda ishtirok etdik.

Turkiy davlatlardan kelgan jurnalistlarni tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan ajoyib syurpriz kutib turardi: Istanbuldan so‘ngra, uch kunlik tashrif bilan Qoradengiz qirg‘oqlarida joylashgan Kastamonu viloyatiga media-tur tashkil etildi.

Nega Kastamonu va nega faqat Turkiy davlatlardan kelgan jurnalistlar, deysizmi?

Turkiy xalqlarning moddiy va madaniy merosini asrab-avaylash, rivojlantirish hamda kelajak avlodlarga yetkazib berishda turkiyzabon mamlakatlar hamkorligini ta'minlashni o‘z maqsad va vazifasi qilib belgilagan tashkilot bor: Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY. (TÜRKSOY)

O‘zbekiston, Ozarboyjon, Turkiya, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston madaniyat vazirlarining 1992 yildagi uchrashuvlarida bu tashkilotni tuzish g‘oyasi paydo bo‘lgan. 1993 yilda Olmaotada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda rasman Turkiy madaniyat va san'atni hamkorlikda rivojlantirish tashkiloti nomi bilan asos solingan. 2009 yilda tashkilot hozirgi nomini olgan.

Yuqorida nomi keltirilgan 6 davlatdan tashqari, Shimoliy Kipr, Moldaviya tarkibidagi Gagauziya muxtoriyati hamda Rossiyaning ba'zi turkiyzabon muxtor respublikalari bu tashkilotga a'zo hisoblanadi.

Bu tashkilot, 2012 yildan e'tiboran har yili turkiy davlatlar ichidan bir shaharni Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e'lon qiladi. 2012 yilda Ostona (Qozog‘iston), 2013 yilda Eskishehir (Turkiya), 2014 yilda Qozon (Tatariston), 2015 Marv (Turkmaniston), 2016 yilda Shaki (Ozarboyjon), 2017 yilda Turkiston (Qozog‘iston) shaharlari bunday nomni olishgan. Joriy, 2018 yilda aynan Kastamonu shahri Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti o‘laroq e'lon qilingan.

Istanbuldan 500 kilometr uzoqlikda joylashgan Kastamonu, miloddan avvalgi XVIII asrda barpo etilgan. Vizantiya imperatorligi tarkibida bo‘lgan shahar, 1070 yilda Saljuqiylar tomonidan ishg‘ol etilgan va shu paytdan boshlab turkiy hudud hisoblanadi.

Diqqatga molik xususiyatlardan biri, 1400-yillarda Amir Temurning tobora oshib borgan quvvati Kichik Osiyo mintaqasiga ham yetib boradi. O‘sha paytda Kastamonuda hukm surgan Isfandiyorbey, Amir Temur bilan aloqa o‘rnatib, o‘zining unga bog‘liqligini e'lon qiladi. Ma'lum davrda bu hududda Temur davlati tangalari amal qiladi...

Qisqasi, katta tarixga ega Kastamonu, o‘zining betakror tabiati, dengizi, dunyoga mashhur yog‘och mahsulotlari hamda hisobsiz mahalliy taom turlari bilan sizni o‘ziga maftun etadi.

Usmonlilar davrida to Istanbulga qadar bo‘lgan mintaqaning ma'muriy markazi bo‘lgan Kastamonu shahrida, 1902 yilda qurilgan va bugunga qadar 116 yil davomida (!) viloyat voliyligi (hokimligi) muttasil faoliyat olib borayotgan binoda Kastamonu voliysi Yashar Qoradengiz bilan uchrashdik.

Kastamonuda 2030 ta tarixiy obidaning mavjudligini, ham dengizda ta'til qilish, ham qish sportlari bilan shug‘ullanish imkoniyati bo‘lgan dunyoning kam sonli go‘shalaridan biri ekanini, 800 dan ziyod mahalliy taom turlarini tatib ko‘rish mumkinligini, hududining deyarli yarmi o‘rmonlar bilan qoplangan viloyatda dunyoga mashhur parket mahsulotlari va eshiklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini aytib o‘tgan voliy, “hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, tafsilotlarni aytib vaqtingizni olmay” deya, biz jurnalistlarni Kurshunlixan karvonsaroyi obidasi o‘rnida barpo etilgan mehmonxona hududidagi restoranga rasmiy tushlikka taklif etdi.

Turkiy davlatlar, xususan, O‘zbekistonning ham bayroqlari bilan bezatilgan ochiq hovlida tashkil etilgan ziyofatda, haqiqatan ham Kastamonu oshxonasi o‘ta boy ekaniga guvoh bo‘ldik...

Dilmurod Jumaboyev,
Kun.uz uchun maxsus
Suratlar muallifi Hotam Mamadaliyev

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid