O‘zbekiston | 17:17 / 30.01.2021
11146
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi bir qator diniy markaz va oliy maktablar qoshida xattotlik maktablari ochiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni Toshkent Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tashrif doirasida o‘tgan bino taqdimotida prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda xattotlik san'atini rivojlantirish borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Foto: Azon.uz

XATTOTLIK (arab. — husnixat yozuvchi), kalligrafiya — yozuv (xat) san'ati, kitob ko‘chirish hamda me'moriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitoblarini yaratish kasbi.

«Bizda xattotlik maktabi yo‘q. Bu maktablar, afsuski, yo‘q bo‘lib ketyapti. O‘zbekistondagi yagona xattotlardan biri Habibulla aka. 

Habibulla Solih 1998 yili Istanbulda o‘tkazilgan xalqaro xattotlar bellashuvida «Devoniy» xat uslubi bo‘yicha kuchli o‘nlikdan joy olgan. 1999 yili u xattotlikda yangi tarz, ya'ni naqshin bezak yozuvining alifbosini kashf qilgani uchun Lohurdagi xalqaro xattotlar bellashuvida «Parvin raqam» («Sharq yulduzi») unvoniga sazovor bo‘ldi.

Hozir bir qator mamlakatlarda xattotlik juda rivojlangan. Masalan, Turkiyada. Shuning uchun xattotlar maktabini yaratishimiz kerak. 

Xattotlik yaxshi yo‘nalish. Undagi har bir belgi va nuqtaning o‘z ma'nosi bor. Agar bu maktabni yaratmasak, ancha orqada qolib ketamiz. Odamlar aytishi mumkin, bu qayerda kerak bo‘ladi, deb. Kerak bo‘ladi. Katta-katta ilmiy maktablar qurilyapti, til, tillarga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgaryapti, demak, kerak bo‘ladi», – dedi prezident. 

Ta'kidlanishicha, kelgusida O‘zbekistondagi bir qator diniy markaz, oliy maktablar, shuningdek, Benkov nomidagi respublika rassomlik kollejida xattotlik guruhlari ochiladi. 

Davlat rahbari, shuningdek, xattotlar o‘rtasida har yili ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish bo‘yicha ham mas'ullarga topshiriq berdi.

Mavzuga oid