O‘zbekistonda kartoshka narxlari ko‘tarilishiga nima sabab bo‘ldi va kelajakda narx pasayishi mumkinmi?
Hozirgi kunda O‘zbekistonda kartoshkaning ulgurji narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravar yuqoriroq hisoblanadi. 2020 yilda kartoshka narxi 42 foizga o‘sdi, bu 2020 yildagi umumiy inflatsiya ko‘rsatkichiga nisbatan deyarli 4 baravar yuqoriroqdir. Xo‘sh, kartoshka narxlari keskin ko‘tarilishiga nima sabab bo‘ldi va yaqin kelajakda narxlar pasayishi mumkinmi?
So‘nggi 4 yil ichida O‘zbekistonda kartoshka narxlarining yuqori o‘zgaruvchanligi kuzatilgan. EastFruit mutaxassislarining fikriga ko‘ra, 2017 yilda ushbu mahsulot narxi 90 foizga o‘sgan.
2020 yil oxirida O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi 42 foiz o‘sish kuzatilgani haqida xabar berdi. Bu yillarda mamlakatda inflatsiya tezlashdi, lekin kartoshka narxlarining o‘sish sur'ati umumiy inflatsiya darajasidan ham, oziq-ovqat mahsulotlaridagi inflatsiyadan ham bir necha baravar oshib ketdi.
So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda kartoshka narxi keskin o‘sishiga nima sabab bo‘ldi? EastFruit mutaxassislari ushbu o‘sishning asosiy sabablarini aniqlash uchun so‘nggi yigirma yillikdagi kartoshka ishlab chiqarish, import va iste'mol qilish tendensiyalarini tahlil qildi.
2000 yildan 2020 yilgacha O‘zbekiston aholisi 24,8 million kishidan 34,6 million kishiga ko‘paydi, ya'ni shu davr oralig‘ida umumiy o‘sish 39,3 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, ushbu davrda O‘zbekistonda kartoshka yetishtirish hajmi 731,1 ming tonnadan 3,14 million tonnaga ko‘paygan. Umumiy o‘sish 330 foizni yoki 4,3 baravarni tashkil etmoqda.
Bular faqat shu davrdagi o‘zgarishlarni ko‘rsatadigan umumiy xulosaviy ko‘rsatkichlardir. Ushbu davrda aholining o‘sish dinamikasi va O‘zbekistonda kartoshka ishlab chiqarish hajmi sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilsa, o‘tgan davr mobaynida narxlar o‘zgarishining bir necha muhim nuqtalarini ko‘rsatish mumkin.
Birinchidan, O‘zbekistonda aholi nafaqat o‘sib bormoqda, balki o‘sish ko‘rsatkichi ham oshib bormoqda. Masalan, 2000 yildan 2006 yilgacha aholining yillik o‘sishi o‘rtacha 1,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2007 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan keyingi 11 yil ichida aholi sonining yillik o‘sishi o‘rtacha 1,7 foizni tashkil etgan. 2018 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda aholi soni o‘rtacha 1,9 foizga ko‘paygan. Boshqacha aytganda, so‘nggi 21 yil ichida aholining o‘sish sur'atlari yiliga o‘rtacha 1,2 foizdan 1,9 foizgacha o‘sgan. Ushbu fakt aholining kundalik iste'molida nondan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan mahsulotni iste'mol qilishni prognozlashda juda muhim hisoblanadi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda kartoshka yetishtirish hajmi yildan yilga aholi soniga nisbatan tezroq oshib bormoqda. Kartoshka yetishtirishning yillik o‘sish sur'ati aholi o‘sishidan ancha yuqoriroqdir. Natijada 2000 yildan 2020 yilgacha aholi jon boshiga kartoshka ishlab chiqarishning yillik hajmi 29,5 kilogrammdan 91 kilogrammgacha, ya'ni 3 baravar oshdi.
Hozirgi holatni chuqurroq anglash uchun, so‘nggi 4 yilda kartoshka ishlab chiqarish o‘sishining dinamikasiga e'tibor qaratish kerak. 2017 yildan 2020 yilgacha kartoshka yetishtirishning o‘rtacha o‘sish sur'ati yiliga 3,1 foizni tashkil etdi, bu hali ham aholining o‘rtacha yillik o‘sishidan yuqori hisoblanadi. Umumiy qilib olganda, kartoshka hajmining o‘sishi 4 yil ichida 8,2 foizni tashkil etgan.
Holatni to‘liq anglash uchun, yana ikkita tarkibiy qism - import va eksport hajmini taqqoslash kerak. O‘zbekiston kartoshkani deyarli eksport qilmasligi inobatga olinsa (eksport hajmi shunchalik kichikki, ularni e'tiborsiz qoldirish mumkin) bu juda muhim.
Nima uchun kartoshka narxi bu qadar keskin qimmatlashib ketdi?
Mamlakatda 2017 yilda kartoshka yetishtirish hajmi pasayishi sababli import hajmi 4 baravarga oshgan va ichki bozor yetarli darajada mahsulot bilan ta'minlangan, ammo narx-navo 90 foizga qimmatlashgan. 2017 yilda narx-navo oshishini import mahsuloti ko‘payishi bilan izohlash mumkin, chunki import qilinadigan mahsulotlar tannarxi jahon bozoridagi vaziyat va logistika xarajatlari asosida shakllanadi.
2018 yilda uchta omil kartoshka narxini 28 foizga pasaytirdi:
- ishlab chiqarish 4,2 foizga o‘sdi (shu yilgi aholi o‘sishidan 2,3 baravar ko‘p);
- ichki bozorda kartoshka narxi yuqoriligi import hajmini yanada oshirdi va bozorda mahsulot hajmi oshdi;
- hukumat 2018 yilning boshidan 2019 yilning 1 yanvarigacha kartoshka importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2019 yilda kartoshka ishlab chiqarish 2018 yildagiga nisbatan 6 foizga o‘sdi (shu yilgi aholi o‘sish sur'atidan 3 baravar ko‘p), import hajmi qariyb 300 ming tonnaga yetdi, mahalliy kartoshkani sotish QQSdan ozod qilindi. Bu o‘zgarishlar narxlar barqarorligini ta'minlashga imkon berdi va kartoshka narxi inflatsiyadan pastroq bo‘lgan darajada, ya'ni 12 foizga oshdi.
2020 yilda kartoshka narxi 42 foizga o‘sdi, bu 2020 yildagi umumiy inflatsiya ko‘rsatkichiga nisbatan 4 baravar yuqoriroqdir. Narx keskin oshishini quyidagi 5ta omil bilan izohlash mumkin:
1. Dunyo miqyosidagi koronavirus pandemiyasi va ish joylarining yo‘qolishi tufayli 600 mingga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari o‘z vatanlariga qaytishdi. 2020 yil mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oyi boshlarida karantin joriy qilinishi va chegaralar yopilishi natijasida mehnat muhojirlari yil davomida O‘zbekistonda qoldi. Bu ichki bozorda talabni oshirib yubordi.
2. 2020 yilda kartoshka yetishtirish (1,7 foizga oshgan) aholining o‘sish dinamikasidan (1,9 foiz) kam bo‘ldi. Natijada ichki bozorni yetarli ta'minot bilan ta'minlash pasaydi.
3. Pandemiya sababli mamlakatga yetarli darajada import mahsulotlari olib kirilmagan.
4. Chegaralarda karantin cheklovlari tufayli import logistikasi narxi va savdo xatarlari keskin ko‘tarildi. Bu importchilarni narxni oshirishga majbur qildi, bu esa, albatta, ulgurji va chakana narxlarga ta'sirini o‘tkazdi.
5. Chakana va ulgurji narxlarning yuqori bo‘lishidan kelib chiqqan holda urug‘lik kartoshkaga talab keskin o‘sdi. Kartoshkani yetishtirishning rentabelligi oshdi. Shunga ko‘ra, sotiladigan kartoshkaning bir qismi urug‘ uchun ajratilgan va shu sababli bozorga chiqmadi.
Yuqoridagi omillardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, narxlar barqarorligini ta'minlash uchun ichki bozorda kartoshka ta'minotining yillik o‘sishi 5,5-6,5 foiz atrofida bo‘lishi kerak. Joriy yilda O‘zbekiston kartoshka ichki bozoridagi ta'minotining prognoz hajmi 3,63-3,67 million tonnani tashkil etadi.
O‘zbekistonda kartoshka narxini pasaytirishga imkon bermaydigan yana bir muhim omil mavjud. Bu mamlakat ichida sifatli urug‘lik kartoshka ishlab chiqarish yetishmasligi omilidir. Mamlakatning iqlim sharoitini hisobga olgan holda, O‘zbekistonga tashrif buyurgan xalqaro ekspertlarning aksariyati mamlakatda yuqori sifatli urug‘lik kartoshkasini yetishtirish juda qiyinligi, hatto imkonsizligini ta'kidlashgan.
2018 yilda O‘zbekiston urug‘ kartoshkasi importi bo‘yicha dunyoda 12-o‘rinni egallab, 34 ming tonnadan ortiq import qildi. O‘zbekistonga urug‘lik kartoshkasining asosiy yetkazib beruvchilari Qozog‘iston, Niderlandiya va Rossiya hisoblanadi. Transport komponenti va olib keluvchining foydasi urug‘lik kartoshka narxi oshib ketishiga, bu esa umumiy kartoshka yetishtirish xarajatlari oshishiga olib keladi.
O‘zbekistondagi kartoshkaning yuqori narxlari yengib bo‘lmaydigan bir qator omillar bilan izohlanadi, ulardan eng muhimi – aholining yuqori talabidir. Agar aholining daromadlari miqdori oshsa, kartoshkaga bo‘lgan talab o‘rni nisbatan kaloriyasi yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlar bilan qoplanishi mumkin. Aholi daromadlarining pastligi va urug‘lik kartoshka muammosi tezda hal etilmasligi sababli, O‘zbekistonda kartoshka narxlari darajasi uzoq vaqt davomida nisbatan yuqori bo‘lib turish ehtimoli katta.
Mavzuga oid
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024