O‘zbekiston | 19:05
3088
2 daqiqa o‘qiladi

Orif Bo‘tayev chorvachilik va yaylov xo‘jaligiga mas’ul bo‘ldi

Veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi – Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi sifatida qayta tashkil etildi. Agentlik bundan keyin ham Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida faoliyat yuritadi.

Prezident qarori bilan, Orif Aliboyevich Bo‘tayev qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.

U 2020 yil fevralidan buyon Mikrokreditbank boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bundan avval Sanoatqurilishbank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Orif Bo‘tayev 2025 yil avgust oyida “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, 2025 yil oktyabr oyida imzolangan prezident qaroriga asosan, yaylov yerlarini tiklash bo‘yicha Osiyo taraqqiyot bank ishtirokida 63 mln dollarlik loyiha doirasida:

  • mahalliy aholi uy sharoitida boqadigan chorva mollarini oziqlantirish uchun jamoat yaylovlarini tashkil etish;
  • respublikada mavjud yaylov yerlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish;
  • yaylov yerlari holati va infratuzilmasini tiklash, xususan, sug‘orish quduqlarini qazish;
  • yaylov yerlarda o‘simlik turlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar (dronlar)dan foydalangan holda urug‘ sepish kabi choralar belgilangan.

Respublika bo‘yicha chorvachilikka ixtisoslashgan 200 ta mahalla ro‘yxati tuzilib, ularga veterinarlar jalb qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid