Rossiya shaharlarida yana namoyishlar va qo‘lga olishlar. TIV Vashingtonni aybladi
Bugun, 31 yanvar kuni Rossiyaning ko‘plab shaharlarida qamoqdagi siyosatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar ayniqsa Moskva va Peterburgda keng ko‘lamli bo‘ldi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bo‘lib o‘tayotgan namoyishlarda AQShni ayblab chiqdi. «AQSh Rossiya ichki ishlariga aralashishi internetda ruxsat etilmagan namoyishlarga chorlovchi chaqiriqlarni «aylantirishi» bilan ham isbotlandi. Bu Rossiyaga qarshi rejalashtirilgan ish ekaniga shubha yo‘q. Suveren mamlakatning ichki ishlariga aralashishni to‘xtatishlarini talab qilgan holda bu uchun javobarlik borligini eslatamiz», deyilgan Rossiya TIV bayonotida.
AQShning Rossiyadagi elchixonasi namoyishlar vaqtida ko‘plab odamlar qo‘lga olinayotganidan xavotirda ekanini ma'lum qilib, Facebook'dagi sahifasida shunday post qoldirdi: «Aleksey Navalniyni qo‘llab o‘tkazilayotgan namoyishlarda Rossiya hukumati ko‘plab faollar va jurnalistlarni qo‘lga oldi. Rossiyani inson huquqlari talabini bajarishga chaqiramiz».
Rossiya TIV bu postga ham munosabat bildirdi. «Siz jon kuydirib oqlayotgan namoyishlar noqonuniy hisoblanadi. Bunaqa ishlarda Amerikaning o‘zida nima qilishlarini bilasizmi? Odamlarga o‘q uzishadi. Ikkiyuzlamachilik sizning hayot tarzingizga aylangan, desak bo‘larkan-da?», deyilgan Rossiya TIV izohida.
Peterburgda namoyishchilarga qarshi gaz va elektroshokerlar qo‘llandi — shuningdek, tabel qurol bilan tahdid qilingan. Namoyishchilar yo‘llar to‘sib qo‘yilgani tufayli Nevskiy prospektiga chiqa olishmagan, ammo ular Yosh tomoshabinlar teatri binosi oldidan shahar qonunchilik yig‘ilishi binosigacha marsh qilib borishgan. Bu marshrutning o‘rtalarida — Sennoy maydonida — politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan. Bunga namoyishchilar qo‘lga olinganlardan birini politsiya qo‘lidan qaytarib olishga uringanida sodir bo‘lgan. «Fontanka» xabariga ko‘ra, shu yerda politsiyachilardan biri tabel qurolini namoyishchilarga o‘qtalgan. Bundan tashqari, politsiyachilar, Rosgvardiya va OMON xodimlari odamlarni dubinkalar bilan kaltaklagan. Peterburgdagi aksiyada jami 800ga yaqin kishi qo‘lga olingan. Norozilik aksiyasi bo‘yicha jinoiy ishlar ochilmoqda — qo‘lga olinganlardan biri omonchilardan birining «bosh sohasiga ikki qo‘llab tushirish»da ayblanmoqda.
Namoyishlarda butun Rossiya bo‘ylab 4 mingdan ortiq fuqarolar qo‘lga olingan. Ulardan 82 nafari jurnalist ekani ma'lum. Ijtimoiy tarmoqlarda OMON odamlarni qo‘lga olayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Suratlardan birida namoyishchilarni olib ketgan avtobusda qon izlari ko‘ringan. Qo‘lga olishlar davomida hatto namoyishlarda qatnashmaganlar ham avtobuslarga tiqib olib ketilgan.
Aleksey Navalniyning xotini Yuliya ham namoyishlar chog‘ida qo‘lga olinib, boshqarmaga olib ketilgan.
Rossiya vaqti bilan soat 18:00da Peterburgda namoyishlar to‘xtagani e'lon qilindi. Bu vaqtga kelib Moskvadagi namoyishlar sabab yopilgan 11ta metro stansiyasi ham ochildi. Xususan, Kreml yaqinidagi bekatlar ham yopilgandi va ular Moskva vaqti bilan soat 18:00dan faoliyatini tikladi.
Moskva militsiyasi vakillari «Matrosskaya tishina» tergov hibsxonasi oldini ayniqsa jiddiy qo‘riqlashdi. Chunki u yerda Aleksey Navalniy saqlanmoqda. Hibsxona yaqinida ko‘plab namoyishchilar qo‘lga olingan. Namoyishchilar OMON zobitlariga «Biz dushman emasmiz» deb baqirishdi.
Ma'lumot uchun, rossiyaliklar 17 yanvar kuni qo‘lga olingan muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab ikkinchi marta ko‘chalarga chiqishdi. Navalniy 20 avgustda zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgach, 22 avgust kuni Berlinga davolanish uchun olib ketilgandi. U 7 sentyabrgacha koma holatida bo‘ldi. Navalniy o‘zini zaharlashni Rossiya hukumati buyurtma qilgani va zaharlash uchun «Novichok» og‘usi ishlatilganini aytadi. Siyosatchi Rossiyaga qaytishi bilan qo‘lga olindi.
Navalniy qo‘lga olingach, uning Vladimir Putinning 1 milliard dollarlik saroyi borligi haqida surishtiruvi e'lon qilindi. Surishtiruv juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va Putin bu saroyni hech qachon ko‘rmaganini aytdi. Keyinroq Vladimir Putinning yaqin do‘sti ekani aytiladigan Arkadiy Rotenberg saroy o‘ziga tegishli ekanini «ortiq sir tutmoqchi emasligini» aytib, bayonot berdi.
Mavzuga oid
21:30 / 22.03.2023
Navalniy hamkasbi Mariya Pevchix xalqaro KQKF rahbari bo‘ladi
17:39 / 17.01.2023
«Rossiya - mening mamlakatim. Men zulmat chekinishiga ishonaman». Aleksey Navalniyning qamoqdan maktubi
23:41 / 22.12.2022
Navalniy jamoasi darknetda «maxfiy shtab-kvartira» ishini muvofiqlashtiruvchi sayt ochdi
21:45 / 02.10.2022