O‘zbekiston | 08:04 / 22.02.2020
13893
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Turkiya universitetining filiali ochiladi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filialini ochish yuzasidan memorandum imzoladi

Foto: Anadolu Agency

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga qilgan rasmiy tashrifi doirasida 19 fevral kuni Anqara shahrida o‘tkazilgan Oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya birinchi strategik hamkorlik yig‘ilishi natijalari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabariga ko‘ra, keyingi yillarda turk biznesi vakillari O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirdi. 2019 yilda o‘zaro savdo aylanmasining hajmi 2,5 milliard AQSh dollaridan oshdi.

Tadbir doirasida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘yicha ham qator kelishuvlar o‘rin oldi. Xususan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Turkiya Palatalari va birjalari ittifoqi «TOBB» qoshidagi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filialini ochish yuzasidan memorandum imzoladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filialini ochish tashabbusi 2019 yilning oktabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi doirasida o‘tkazilgan muzokaralarda ilgari surilgan va kelishilgan edi.

Poytaxtda ochilishi ko‘zda tutilgan universitet filiali dual ta'lim tizimi asosida biznes va tadbirkorlik yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydi.

Bundan oldin, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan tashrifini misli ko‘rilmagan deb atagandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid