Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“5 kunlik”ka o‘tayotgan tibbiyotchilar va naqdsiz savdodagi yangi talablar: 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Zo‘ravonlikka uchragan ayollar uchun «SOS» chaqiruv imkoniyati ishga tushiriladi;
Nukus shahrining ayrim aholi punktlarida yashovchilarga bog‘cha to‘lovlarida imtiyozlar joriy qilinadi;
Keksa yoshdagi notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi oshiriladi.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotib olish taqiqlanadi.
Kun.uz an’anaga muvofiq, 2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib o‘tadi.
Davlat shifoxonalari 5 kunlik ish tartibiga o‘tadi
2025 yil 9 noyabrda prezidentning “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, 1 apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tadi.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda uzilish bo‘lmasligi uchun bayram va dam olish kunlarida navbatchilik tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali shifoxonalar va boshqa davlat tibbiyot muassasalari zarur holatlarda faoliyatini davom ettiradi.
Mazkur tartib tibbiyot muassasalarida ish jarayonini samarali tashkil etish, xodimlarning mehnat yukini maqbullashtirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, bu o‘zgarish aholi uchun tibbiy yordam olish imkoniyatlarini cheklamasligi ta’kidlanmoqda.
Hujjatda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan. Qayd etilishicha, davlat tibbiyot muassasalari xodimlari “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.
Radarlar ham jarima ballari yozadi
2026 yil 1 apreldan e’tiboran radarlar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun ham haydovchilarga jarima ballari yoziladi.
Hukumat qarori bilan jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi asosida foydalanuvchi boshqa haydovchilar o‘rtasida taqsimlash tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, o‘ziga tegishli avtomobilni boshqarish uchun boshqa shaxsga bergan mulkdorlar shaxsiy elektron kabinet ochib, mashinani kimga topshirayotganini ko‘rsatishi, o‘sha shaxs esa mashinani boshqarish uchun qabul qilib olganini tasdiqlashi kerak. Agar qabul qilib oluvchi buni tasdiqlamasa, radarlar qayd etgan jarima ballari haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan taqdirda mashina egasining hisobiga yoziladi.
Agar qabul qilib oluvchi shaxs buni tasdiqlamasa, shuningdek, transport vositasining mulkdorida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa, bunday transport vositalarida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblanadigan jarima ballari yig‘indisi 12 balldan oshganda, jarima maydonchasiga joylashtirish orqali vaqtincha ushlab turiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini hisoblash tartibi – uzoq kechikishlardan keyin – 2025 yil 1 iyundan boshlandi. Shundan buyon faqat yo‘l harakati xavfsizligi xodimi tomonidan qo‘l rejimida qayd etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima ballari hisoblab kelinmoqda.
Bu tizimda qoidabuzarliklarning yigirmaga yaqin turi uchun 0,2 balldan 2 ballgacha jarima ballari belgilangan. Xususan, tezlikni ruxsat etilganidan soatiga 20 kilometrgacha oshirib yuborganlik uchun 0,5 ball hisoblanadi. 12 oy ichida 12 ball to‘plagan haydovchilar 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘ladi.
Naqdsiz savdo davri boshlanadi
O‘zbekistonda bir qator to‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda qabul qilina boshlaydi. Bu prezidentning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
- qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
Farmonga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilangandi.
Qayd etilishicha, barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.
Chet elliklar uchun tax free tizimi ishga tushadi
2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda chet el fuqarolariga QQSni (qo‘shilgan qiymat solig‘i) qaytarish — tax free tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga ko‘ra, ushbu tizim respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida amal qiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan QQSni naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Bunda belgilangan QQS stavkasi miqdorining 85 foizi xaridorga qaytariladi, 15 foizi esa tax free tizimi operatorining xizmatlari uchun yo‘naltiriladi.
Shuningdek, QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan kechiktirilmagan holda amalga oshiriladi.
QQSni qaytarish uchun minimal xarid qiymati, qo‘shilgan qiymat solig‘ini inobatga olgan holda, 300 ming so‘m etib belgilandi.
Bundan tashqari, tax free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro‘yxati bekor qilindi. Mazkur qoida oziq-ovqat mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.
Boshqa o‘zgarishlar
2026 yil 1 apreldan boshlab:
- davlat organlari va tashkilotlari (harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bundan mustasno) tomonidan budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hamda budjet parametrlari doirasida zarur mablag‘larni kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalariga yo‘naltiriladi;
- Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pilla yetishtiruvchilarga “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
- biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga bojxona imtiyozlari tatbiq etiladi;
- himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi («SOS» chaqiruv) «my.ihma.uz» mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi;
- ma’muriy boshqaruv jihatdan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga shahar (tuman)larning toifasidan qat’i nazar 50 foiz kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanila boshlaydi;
- suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va Davlat budjetidan subsidiya ajratilgan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlarini ishlatmasdan, an’anaviy usulda sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi va foydalanilgan har ming kub metr suv uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashga asos bo‘ladi;
- o‘zbek tilini bilish darajasi to‘g‘risida kamida V1 darajadagi malaka sertifikatiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi;
- mahalliy budjet xarajatlariga birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari hamda oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish xarajatlari doirasida budjetdan ajratiladigan mablag‘larni ko‘paytirish yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishish amaliyoti bekor qilinadi;
- ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi;
- o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi;
- notarius lavozimida bo‘lishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi. Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra notarius o‘z roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirishi mumkin bo‘ladi;
- 2030 yil 1 yanvarga qadar eksperiment tariqasida davlat organlari va tashkilotlarida mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi ustidan ta’sirchan nazorat olib borish tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, bir qator davlat organlari va tashkilotlarida Hisob palatasining vakili sifatida bosh inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- “Raqamli startaplar” dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi;
- maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik sub’yektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi.
Mavzuga oid
14:22 / 26.02.2026
Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish rejasi, notariuslarga yangi vakolat va “mehrli oila” xizmati: 1 martdan nimalar o‘zgaradi?
19:57 / 30.01.2026
Hajga navbat endi onlayn bo‘ladi, 50 “yoshdan” oshgan mashinalar tarixga kiradi - 1 fevraldan nimalar o‘zgaradi?
15:57 / 27.12.2025
Ishga tushadigan “eskrou”, tibbiyot xodimlariga imtiyoz va boshlanadigan “eko-stiker”lar davri – 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?
19:24 / 28.11.2025