Jahon | 22:28 / 22.12.2025
12338
4 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni bir yil ichida rekord darajada ko‘p odamni qatl qildi

Saudiya Arabistonida ketma-ket ikkinchi yil rekord darajada ko‘p odam qatl etilmoqda. Ushbu mamlakatdagi qatllarni kuzatib boruvchi Britaniyaning Reprieve inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil kamida 347 kishiga nisbatan oliy jazo qo‘llangan bo‘lsa, 2024 yilda 345 kishi qatl etilgan edi.

Foto: picture-alliance/dpa

Reprieve ma’lumotlariga ko‘ra, bu «qirollikda monitoring boshlanganidan beri eng qonli yil» bo‘lgan, deb yozdi BBC.

So‘nggi qatl etilganlar Pokistonning giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan ikki fuqarosi bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, bu yil qatl etilganlar orasida yana bir jurnalist va namoyishlar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan paytda o‘smir bo‘lgan ikki yigit ham bor. Qatl etilganlarning besh nafari ayollardir.

Biroq, Reprieve ta’kidlaganidek, ularning aksariyati - taxminan uchdan ikki qismi - odamlarning qurbon bo‘lishiga olib kelmagan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan, bu esa BMT fikriga ko‘ra, «xalqaro me’yorlar va standartlarga mos kelmaydi».

Qatl etilganlarning yarmidan ko‘pi chet el fuqarolari bo‘lib, aftidan, giyohvand moddalarga qarshi urush doirasida oliy jazoga hukm qilingan.

Shu hafta 2021 yilda Saudiya Arabistoni hududiy suvlarida hibsga olingan va giyohvand moddalar kontrabandasiga majburlanganini da’vo qilgan misrlik yosh baliqchi Issam al-Shazliy qatl etildi. Reprieve tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 96 ta qatl faqat gashish giyohvandlik moddasi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Saudiya Arabistoni hukumati 2022 yil oxirida o‘lim jazosiga norasmiy moratoriyni bekor qilganidan beri giyohvand moddalar bilan bog‘liq qatllar soni keskin oshdi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ushbu faktni «chuqur qayg‘uli» deb atadi.

Reprieve tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, odatda qatl etilganlarning oilalari oldindan xabardor qilinmaydi, ularga qatl etilganlarning jasadi qaytarilmaydi va ular qayerda dafn etilganini bilmaydi.

Saudiya rasmiylari ham qatl usulini oshkor qilmayapti. Bu yo boshini tanasidan judo qilish yoki otib tashlash deb hisoblanadi.

BMT, shuningdek, iyun oyida 2018 yilda hibsga olingan va terrorizm va davlatga xiyonat qilishda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan jurnalist Turkiy al-Jassirning o‘zi yozgan maqolalar asosida qatl etilishini qoraladi.

O‘tgan yil dekabr oyida BMT ekspertlari Saudiya Arabistoni rasmiylariga maktub yo‘llab, giyohvand moddalar savdosida ayblanib, o‘limga hukm qilingan 32 nafar misrlik va bir nafar Iordaniya fuqarosidan iborat guruh taqdiridan xavotir bildirgan edi. Shundan beri bu guruhning aksariyat a’zolari qatl etilgan.

BBC Saudiya Arabistoni rasmiylaridan ushbu ayblovlar yuzasidan izoh so‘ragan, biroq javob olmagan.

Ammo, 2025 yil yanvar oyida yozgan maktubida - BMT maxsus ma’ruzachilari tomonidan bildirilgan xavotirga javoban - Ar-Riyod Saudiya Arabistoni inson huquqlarini «himoya qilishi va qo‘llab-quvvatlashini» va uning qonunlari «qiynoqlarni taqiqlashi va jazolashini» ma’lum qilgan.

«O‘lim jazosi faqat eng og‘ir jinoyatlar uchun va o‘ta cheklangan hollarda tayinlanadi, - deyiladi xatda. - Barcha instansiya sudlarida sud muhokamasi tamomlanmaguncha hukm chiqarilmaydi va ijro etilmaydi».

Mavzuga oid