Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eron Fors ko‘rfazida yangi hujumlar boshladi
Dushanba kuni AQSh kuchlari Eronning oltita harbiy kateri yo‘q qilingani hamda savdo kemalarini esminetslari hamrohligida Ho‘rmuzdan olib o‘tganini ma’lum qildi. Eron esa BAAdagi neft portiga raketalar bilan hujum qildi. Port yaqinidagi 4 ta kema dronlar hujumidan shikastlangan.
Ho‘rmuzda patrullik qilayotgan Eron harbiy kateri / Foto: Reuters
AQSh va Eron o‘zaro dengiz qamali orqali Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishga urinmoqda, bu esa mo‘rt sulh kelishuvini larzaga keltirmoqda. Reutersʼning yozishicha, 4 may kuni kechroq Ko‘rfazdagi bir qancha savdo kemalari portlashlar yoki yong‘inlar haqida xabar bergan.
Raketa va dronlarning yangi zarbalari AQSh prezidenti Donald Trampning bo‘g‘oz orqali qolib ketgan kemalarni o‘tkazishga yangi urinishidan so‘ng sodir bo‘ldi. Energiya savdosi uchun hayotiy muhim bo‘lgan ushbu yo‘lak AQSh va Isroil Eronga hujum boshlaganidan beri deyarli yopiq qolmoqda.
Fujayraga raketa zarbalari
Dastlab Eron bo‘g‘ozga yaqinlashayotgan AQSh harbiy kemasiga qarata o‘t ochgani va uni ortga qaytishga majbur qilganini aytgandi. AQSh esa kema urib tushirilgani rad etdi, keyinroq Eron rasmiylari bu holatda «ogohlantiruvchi o‘qlar» uzilganini aytdi.
Shuningdek, kun davomida BAAning muhim neft porti hisoblangan Fujayrada yong‘in keltirib chiqargan dron va raketa hujumlari haqidagi xabarlar tarqaldi. BAA Eronning hujumlarini jiddiy eskalatsiya deb atadi va javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirdi.
Footage captures the momens after a drone caused a fire at an oil facility in Fujairah.
— Al Jazeera Breaking News (@AJENews) May 4, 2026
The UAE says Iran fired 15 missiles and four drones on Monday, while Iranian state media is indicating Iran wasn’t behind the attack. pic.twitter.com/G7SimR4JCS
BAA hukumati, shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan maktab o‘quvchilari uchun masofaviy ta’lim joriy etilayotganini ma’lum qildi. Reutersʼning yozishicha, Fujayra bo‘g‘ozdan tashqarida joylashgan bo‘lib, bu Yaqin Sharq neftini bo‘g‘ozdan o‘tmasdan eksport qilish imkonini beruvchi kam sonli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, harbiylar BAAga qilingan hujum «AQSh harbiylarining avantyurizmiga» javob ekanini tasdiqlagan.
Shuningdek, Muxofizlar korpusi o‘z nazorati ostidagi kengaytirilgan dengiz hududi xaritasini e’lon qildi. Bu hudud bo‘g‘ozdan ancha uzoqqa, BAA qirg‘oq chizig‘ining katta qismini o‘z ichiga olgan holda cho‘zilgan.
Kemalarga hujum
Janubiy Koreya o‘zining savdo kemasi bo‘g‘ozda bo‘lgan vaqtida – mashina bo‘limida portlash va yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Bortdagilardan hech kim jabrlanmagan, biroq vakilning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in hujum natijasida kelib chiqqanmi yoki ichki nosozlikmi, hozircha aniq emas.
Bundan tashqari, Britaniya dengiz xavfsizligi agentligi BAA qirg‘oqlari yaqinida ikkita kema zarbaga uchraganini xabar qildi.
BAAning ADNOC neft kompaniyasi esa o‘zining bo‘sh neft tankerlaridan biriga Eron dronlari hujum qilganini bildirdi.
AQSh harbiylari esa AQShning ikki savdo kemasi harbiy-dengiz kuchlarining raketa tashuvchi esminetslari hamrohligida bo‘g‘ozdan o‘ta olganini ma’lum qildi. Biroq vaqtini ochiqlamadi.
Eron so‘nggi soatlarda hech qanday o‘tish sodir bo‘lganini rad etmoqda. Ammo, kema egasi bo‘lgan kompaniya ham u harbiylar hamrohligida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Ko‘rfazdan chiqqanini tasdiqladi.
Mintaqadagi AQSh kuchlari Eronning oltita kichik katerini yo‘q qilganini aytdi. Eron esa buni ham rad etdi. Admiral Bred Kuper Eron kuchlariga o‘z missiyani bajarayotgan AQSh harbiy obektlariga yaqinlashmaslikni «qat’iy tavsiya qildi».
Xalqaro OAVlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganni yozmoqda. Chunki urishayotgan tomonlar bir-biriga zid bayonotlar bermoqda. Eron hujumlari kuchaygani haqidagi xabarlar ortidan neft narxi o‘zgaruvchan savdolarda 5% dan ko‘proqqa ko‘tarildi.
«Inqirozning harbiy yechimi yo‘q»
Kechagi harbiy harakatlar – o‘tgan oyda AQSh va Eron e’lon qilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan beri bo‘g‘ozni ochish uchun harbiy kuch ishlatilgan birinchi urinish bo‘ldi.
Biroq, Trampning so‘nggi harakati dastlabki bosqichda kutilgan natijani bermadi: savdo kemalari qatnovi ko‘paymadi. Aksincha Eron va’da qilingan kuch namoyishini boshlab yubordi.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi oldin ham ushbu yo‘l faqat ularning ruxsati bilan ochilishi mumkinligini ta’kidlagandi. Yirik yuk tashish kompaniyalari bo‘g‘ozdan o‘tishga urinishdan oldin harbiy harakatlar rasman to‘xtashini kutishlarini ma’lum qildi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi dushanba kungi voqealar inqirozning harbiy yechimi yo‘qligini ko‘rsatganini aytdi. U Pokiston vositachiligida tinchlik muzokaralari davom etayotganini ta’kidlab, AQSh va BAAga «yomon niyatli kimsalar tomonidan tayyorlangan botqoqlikka» tushib qolishdan ogohlantirdi.
Noaniq muzokaralar
Yangi hujumlar fonida Eronning birlashgan qo‘mondonligi tijorat kemalari va neft tankerlariga o‘z qurolli kuchlari bilan muvofiqlashgan holda harakat qilishlari kerakligini eslatdi. «Biz ogohlantiramizki, har qanday xorijiy qurolli kuchlar, ayniqsa AQSh armiyasi, agar Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqinlashish va unga kirish niyatida bo‘lsa, hujumga uchraydi», deyiladi bayonotda.
AQSh va Isroil to‘rt hafta oldin Eronni bombardimon qilishni to‘xtatgan va tomonlar yuzma-yuz tinchlik muzokaralarining birinchi raundini o‘tkazgandi. Ammo keyingi uchrashuvni tashkil etish urinishlar muvaffaqiyatsiz tugamoqda.
Ayni vaqtda AQSh Eronning 14 banddan iborat taklifiga Pokiston orqali javob qaytargan. Eron uni ko‘rib chiqayotganini xabar qildi. Hech bir tomon tafsilotlarni keltirmadi.
Eron taklifi – urushni tugatish va Ho‘rmuz masalasida kelishuvga erishilgunga qadar Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni kechiktirishni ko‘zda tutadi. Tramp buni hali o‘rganayotganini, ammo katta ehtimol bilan rad etishini aytgan.
Mavzuga oid
08:33
Obama nima uchun AQSh o‘zga sayyoraliklarni yashira olmasligini tushuntirdi
08:24
Epshteynning o‘limidan oldingi ehtimoliy xati surati e’lon qilindi
23:45 / 06.05.2026
Eron yana BAAga raketa otdi: Tehron Trampni mensimayaptimi?
21:16 / 06.05.2026