Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron yana BAAga raketa otdi: Tehron Trampni mensimayaptimi?
Amerika prezidenti Tramp o‘tgan hafta Kongressga yozgan xatida Erondagi urush tugagani haqida aytgandi. Chindan Vashington va Tehron Pokistonda o‘tkazgan muzokaralardan keyin ikki tomon ham o‘t ochishni to‘xtatdi. Tramp Eronga shunaqa tahdidlar qildiki, bunaqa gaplardan keyin eronliklar qayergadir raketa otishini tasavvur qilish qiyin bo‘lib qoldi.
Amerika ham, Isroil ham «Eronning harbiy qudrati yo‘q qilingani, ular ortiq raketa ishlab chiqara olmasligini» aytishgandi. Buni qarangki, forslarning «urug‘likka asrab qo‘ygan» raketalari bor ekan, ular bilan BAAdagi neft obektlarini nishonga olishdi. Shuningdek, Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozida «kemalarni qutqarish operatsiyasi» e’lon qilganidan bir kun o‘tib bu suvlikdagi tijorat kemalari hujumga uchradi. Bu voqealar fonida urush qaytalanishi xavfi ortdi.
Nima bo‘ldi o‘zi?
Demak, dushanba kuni Eron BAAdagi neft obektlariga zarba berdi, katta yong‘in chiqdi. Arablar «Eronga javob berilishini» aytishdi, lekin tabiiyki, hech qanday javob bera olishmadi. O‘zi arablarning Eronga javob beramiz deganini «AQShga aytamiz, ular biz uchun javob beradi» deb tushunish kerak, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri Eronga zarba berishi hozirgi reallikka to‘g‘ri kelmaydi.
BAAga hujumdan keyin Amerika Eronning oltita harbiy kateri yo‘q qilingani, savdo kemalari raketa tashuvchi esminetslar hamrohligida bo‘g‘ozdan olib chiqib ketilgani haqida xabar berdi. Bir so‘z bilan aytganda, Amerika va Eron yana urushib ketdi. Bu to‘qnashuvlar yana katta urush qaytalanishiga sabab bo‘ladimi? Mana shu hozir asosiy savol.
28 fevral kuni Amerika va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagandi. Mart oyida Eron arab davlatlariga raketa otishi, Amerika Eronni bombalashi, forslarning harbiy kemalarini yo‘q qilishi yangilik emasdi. O‘sha vaqtlar katta urush ketayotgandi va kechagi voqealar juda oddiy qabul qilinardi. Lekin hozir amalda sulh davom etmoqda, tomonlar go‘yoki muzokara stolida. Tramp Eron «tavbasiga tayangani», endi raketa ishlab chiqara olmasligini aytdi. Amerika prezidentining gaplaridan endi Eronda ikki qo‘lini ko‘tarib taslim bo‘lishdan boshqa yo‘l qolmagandek edi. Va mana shunday hammasi tinchigandek ko‘rinayotgan bir vaqtda Eron mana senga deb arab davlatidagi neft obektini nishonga oldi.
Bu nimadan dalolat?
Eron va Amerika yana otishni boshlagani avvalo muzokaralar hech qanday samara bermaganini ko‘rsatadi. Eron bilan muzokaralarda ham Amrika tomonidan Rossiya va Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralardan o‘ta muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan kuchsiz tarkib ishtirok etdi: prezidentning kuyovi Jared Kushner, prezidentning milliarder do‘sti quruvchi Stiv Uitkoff. Ularga vitse-prezident Vensni boshliq qilib qo‘yishdi xolos. Bir urushni tugatish bo‘yicha muzokarada qatnashib hech nima qila olmagan odamlardan boshqa urushni tugatish bo‘yicha diplomatik mo‘jiza kutib bo‘lmasligi aniq edi.
Rossiya va Ukraina urushidan farqli Erondagi urushda vaziyat butkul boshqacha, bir tomonning ustunligi haddan tashqari katta, Eronni Amerika bilan solishtirib ham bo‘lmaydi. Jang maydonida amerikalik harbiylar Eronni butkul kuchsiz holatga keltirishdi, mamlakatning 40 yillik rahbari va yana eng katta harbiy qo‘mondonlar o‘ldirildi, Eron uchun qaror qabul qiladigan odam kimligi ham noma’lum.
Qo‘shimchasiga Tramp «Eronni yer yuzidan yo‘q qilishini» aytib yadroviy zarbaga ishora qildi. Bunday holatda muzokarachilardan shunchaki yengilishi aniq bo‘lgan tomonni mag‘lubiyatni rasman tan olishga ko‘ndirish qolgandi, lekin ular shuni ham uddalay olishmadi. Chunki o‘sha gap – tarkib kuchsiz. Tarkib kuchsiz bo‘lsa, hech qanday taktika foyda qilmaydi.
Eronning BAAga hujumlaridan yana bir xulosaga kelish mumkin: forslar o‘zini xotirjam tuta boshladi. Chunki Tramp Kongress ruxsatisiz urusha oladigan muddat tugadi, u yerda respublikachilar ko‘pchilik bo‘lsa ham, baribir hisob berish kerak. Bundan tashqari, hozir Amerika Eronni yana bombalab tashlasa, bu Trampdan norozi amerikaliklar tomonidan juda yomon kutib olinadi. Axir u «Eronda hech qanday harbiy qudrat qolmadi, ular endi raketa ishlab chiqarolmaydi» deb qo‘ygan, lekin Reuters Eron dasturi hech qanday zarar ko‘rmagani, forslar bir yil ichida atom bombasiga ega bo‘lishi mumkinligi haqida yozib chiqdi.
Xullas, vaqt aslo Amerikaning foydasiga ishlamayapti. O‘zidan ming chandon kuchsiz davlatga qarshi urushning har bir cho‘zilgan kuni prezident Trampni katta bosim ostida qoldiradi. Eron urush boshidagi kabi ko‘p miqdorda raketa uchira olmasligi aniq, buncha bombalashlardan keyin raketa zaxiralari ham katta ehtimol yo‘q qilingan, forslar buni juda yaxshi bilishadi. Lekin ular bir nechta raketa otib ham Amerikaning bayonotlarini yo‘qqa chiqarishdi. Eron BAAga «qani Amerika nima qilarkin» deb raketa otgan ko‘rinadi. Chunki endi buyog‘iga ko‘rfazida otilgan har bir o‘q Amerikaning zarariga ishlaydi.
Mavzuga oid
21:16 / 06.05.2026
AQSh va Eron mojaroni to‘xtatish bo‘yicha memorandum imzolashga yaqin - OAV
19:37 / 06.05.2026
Trampning siyosati, G‘azo va migratsiya. Pulitser mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi
19:21 / 06.05.2026
“Nojo‘ya ta’sirlari haqida yetarlicha ogohlantirishmagan” - AQShda “ozdiruvchi vositalar” ustidan shikoyatlar ko‘paydi
13:58 / 06.05.2026