Jahon | 14:11 / 12.11.2025
4260
6 daqiqa o‘qiladi

“Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi korrupsiya muammosidan yaxshi xabardor” - Rabbimov

“Energoatom ishi” Yevropa Ittifoqi Ukrainaga berayotgan yordamlarga ta’sir qilmaydi, chunki ittifoq Ukrainadagi korrupsiya muammosini yaxshi biladi va hozir ular o‘zlarining kelajakdagi xavfsizligi uchun yordam berishyapti, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov. Ammo professor Anvar Yo‘ldoshev jamoatchilik bosimi ostida moliyaviy yordam kamayishi mumkinligini istisno qilmadi.

Ukrainada yana bir yirik korrupsion jinoyat – “Energoatom ishi” tergov qilinmoqda. Mamlakatdagi korrupsiya darajasi NATO davlatlarining Ukrainaga berayotgan moliyaviy yordamiga ta’sir qilishi mumkinmi? Bu savol Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida muhokama mavzularidan biri bo‘ldi.

Kamoliddin Rabbimov: Ukrainadagi korrupsion janjal NATO a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik keltirib chiqarishi mumkin. Chunki bu masalaga munosabat borasida turli pozitsiyalar mavjud. Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari bir qarashda bo‘lsa, AQShdagi Donald Tramp ma’muriyati boshqacha pozitsiya bildirishi mumkin. Tramp jamoasi bu korrupsion mojaro orqali o‘z siyosatini oqlashga urinadi: “Mana, biz Ukrainaga mablag‘ ajratmasdan, to‘g‘ri qilganmiz”, deya o‘z qarorini himoya qiladi.

Yevropa Ittifoqiga kelsak, ittifoq aslida “ukrainaliklar chiroyli bo‘lgani uchun” emas, balki o‘z xavfsizligi uchun yordam ko‘rsatyapti. Hozir YeIning kamida to‘qqizta davlati “keyingi hujum navbati bizga bo‘lishi mumkin” degan xavotir bilan urushga tayyorgarlikni kuchaytirgan. 2024 yilda Yevropa Ittifoqi mudofaa va xavfsizlikni mustahkamlash, Rossiyaga qarshi turish maqsadida jami 700–800 milliard yevro mablag‘ ajratgan. Demak, Ukrainaga berilayotgan yordam aslida Yevropa xavfsizligini ta’minlash uchun sarflanayotgan sarmoyadir.

Yevropa Ittifoqi Ukrainada sovet merosi tufayli hokimiyat tizimida korrupsiyaga moyillik saqlanib qolganini yaxshi tushunadi. Shu bilan birga, ittifoqda korrupsiyaga qarshi kurash tajribasi va samarali mexanizmlari bor. Bugun dunyoda korrupsiyaga qarshi ikki xil yondashuv mavjud. Birinchisi – Xitoy, Shimoliy Koreya yoki Rossiya misolida kuzatiladigan avtoritar model. Bunda oliy hokimiyat o‘ziga yoqmagan korrupsionerlarni jazolaydi, lekin o‘zi ham korrupsiya botqog‘ida qolaveradi. Ikkinchi model esa demokratik tizimlarga xos bo‘lib, unda hokimiyat bo‘linadi va fuqarolik jamiyati tomonidan muntazam nazorat qilinadi. Bu jarayon tez kechmaydi – 20-30 yil vaqt talab etadi, Ukraina ham aynan shu yo‘ldan bormoqda.

Ukrainada fuqarolik jamiyati shakllanmoqda, so‘z erkinligi mavjud. Urush sharoitida bo‘lishiga qaramay, Zelenskiy hokimiyati axborot maydonini to‘liq nazorat qila olmayapti, siyosiy elita va parlament ustidan ham mutlaq nazorat o‘rnatilmagan. Korrupsiyaga qarshi kurash byurosi yuqori lavozimli mansabdorlarni javobgarlikka tortmoqda. Bu holat Yevropa Ittifoqi uchun muhim signal, ya’ni Ukraina hanuz isloh yo‘lida va uni moliyalashtirishda davom etadi. Chunki Yevropa davlatlari uchun bu faqat Ukraina emas, o‘z xavfsizligi masalasidir.

Anvar Yo‘ldoshev: Mening fikrimcha, yordam kamayish ehtimoli yuqori. Chunki Yevropada ham, AQShda ham nufuzli nashrlar bu haqda maqolalar chiqardi. “Nima uchun biz shuncha pul beryapmiz, agar u korrupsion maqsadlarda ishlatilayotgan bo‘lsa?” degan savollar tug‘ilmoqda. Yevropa Ittifoqidagi ayrim OAV ham shu mavzuda tanqidiy materiallar beryapti.

Yevropada jamoatchilik nazorati kuchli, fuqarolar hukumatdan hisob so‘raydi. Soliqlardan olingan mablag‘lar maqsadli, shaffof ishlatilishini talab qilishadi. Agar yordam noqonuniy yoki maqsadsiz ishlatilsa, bu jamiyatning noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois ko‘pchilik yordamni cheklash yoki shartlar bilan bog‘lash tarafdori bo‘lishi mumkin.

Shuhrat Rasul: So‘nggi yillarda Ukrainaga eng ko‘p moliyaviy yordam ko‘rsatayotgan davlatlardan biri – Norvegiya. Mening fikrimcha, Norvegiya Ukrainaga mablag‘ ajratishni to‘xtatmaydi. Chunki Yevropaning eng barqaror va tajribali davlatlari xavfsizlikni strategik jihatdan ko‘radi, ular uchun Ukraina – Yevropa xavfsizligining kafolati, birinchi mudofaa qalqonidir. Shu sababli ular Ukrainani oxirigacha qo‘llab-quvvatlash tarafdori.

Zelenskiy atrofidagi shaxslar oxirgi yillarad bir necha marta korrupsiyada ayblangan bo‘lishiga qaramay, bu holat yordam hajmiga ta’sir qilmadi. 2022 yil oxiri va 2023 yil boshlarida korrupsiya masalasi bundan ham kengroq muhokama qilingan edi, ammo yordam kamaymadi. Aksincha, o‘sha paytda bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olindi, hatto mudofaa vaziri almashtirildi. Shunga qaramay, bu lavozimdagi o‘zgarishlar yoki korrupsiya mojarolari Yevropa va Norvegiyaning yordam siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.

Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid