Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qo‘lbola bombalar va o‘q otish maydonidagi mashg‘ulotlar. Politsiya Bondi-Bichdagi hujum tafsilotlarini ochiqladi
Yangi sud hujjatlariga ko‘ra, Bondi-Bichda otishma uyushtirishda gumonlanayotgan shaxslar o‘t ochishdan oldin odamlarga qarata portlovchi qurilmalar uloqtirgan, biroq ular ishlamagan. Shuningdek, ular hujumdan bir necha hafta oldin o‘q otishni mashq qilishgan.
Supplied
14 dekabr kuni Sidneydagi Hanuka bayramida plyajda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar yaralandi.
24 yoshli Navid Akrom 59 ta jinoyat, jumladan, 15 ta qotillik va bitta terrorchilik harakatida ayblanmoqda. Ikkinchi o‘qotar – uning otasi Sajid Akrom voqea joyida politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan.
Hujjatlarga ko‘ra, ular hujumni bir necha oy davomida «puxtalik bilan» rejalashtirgan va otishmadan ikki kun oldin plyajga razvedka uchun borishgan.
O‘tgan hafta sud hujumdan omon qolganlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash maqsadida politsiyaning faktlar bayon etilgan ma’lumotnomasini e’lon qilishni vaqtincha taqiqladi. Dushanba kuni bu taqiq olib tashlandi va hujjatlar ayrim istisnolar bilan e’lon qilindi.
E’lon qilingan materiallarda gumondorlarning hujumdan oldingi harakatlari aks etgan bir nechta videoyozuvlarning tafsilotlari mavjud.
Oktyabr oyida mobil telefonga olingan videolardan birida ushbu shaxslar IShID guruhi bayrog‘i tasviri oldida o‘tirgani aks etgan. Videoda ular hujum motivlari haqida gapirgani va «sionistlarning harakatlari»ni qoralagani eshitiladi.

Politsiya ma’lum qilishicha, oktyabr oyida olingan yana bir videoda ota va o‘g‘il «ovloq joyda o‘qotar quroldan foydalanishni o‘rganishgani» ko‘rsatilgan. Videoyozuvda ular «miltiqdan o‘q uzishi va taktik harakatlarni amalga oshirgani»ni ko‘rish mumkin, deya qo‘shimcha qildi huquq-tartibot idoralari vakillari.

12 dekabr kuni kechqurun olingan videokuzatuv kamerasi orqali olingan videoda ushbu ota va o‘g‘il Bondi-Bich yaqinida avtomobilda ketayotganini ko‘rish mumkin.
«Ayblanuvchi va uning otasi S.Akrom avtomobildan tushib, piyodalar ko‘prigidan atrofni ko‘zdan kechirgan. Ular ikki kun o‘tib shu yerdan odamlarni o‘qqa tutgan. Politsiya bu razvedka va terrorchilik aktini rejalashtirish bo‘lganini tasdiqlaydi», – deyiladi hujjatda.
Hujum kuni soat 02:00 atrofida kuzatuv kameralari ikki erkakning Sidney Kempsi chekkasidagi ijaraga olingan uydan chiqib, «adyolga o‘ralgan uzun va beso‘naqay narsalar»ni mashinaga joylashtirganini qayd etgan.
Hujjatlarda qayd etilishicha, adyol ichida ikkita bir stvolli miltiq, Beretta vintovkasi, to‘rtta qo‘lbola portlovchi qurilma hamda IShID bayroqlari bo‘lgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, soat 17:00 lar atrofida ushbu shaxslar ijaraga olingan uyni tark etgan. Boshqa kadrlarda esa ular soat 18:50 da plyajga yetib kelib, bayroqlarni mashinaning old va orqa oynalarining ichki tomoniga o‘rnatishganini ko‘rish mumkin.

Shundan so‘ng ular mashinadan o‘qotar qurollar va portlovchi moddalarni olib, piyodalar ko‘prigi tomon yo‘l olishadi.
Politsiya taxminicha, ular aynan shu yerdan odamlar tomon portlovchi qurilmalar – quvur bo‘laklaridan yasalgann va tennis to‘pi shaklidagi uchta qo‘lbola bombani uloqtirgan, biroq ularning hech biri portlamagan.
Biroz vaqt o‘tgach, ular olomonga qarata o‘t ochishadi. O‘n to‘rt kishi voqea joyida halok bo‘ladi. Yana bir kishi olingan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Sajid Akrom politsiyachilar bilan otishma paytida otib o‘ldirilgan. Navid Akrom ham politsiya o‘qidan og‘ir yaralangan. Dushanba kuni uni kasalxonadan qamoqxonaga o‘tkazishdi.

Yangi qonunchilik
Bondi-Bichga qilingan hujum ortidan qurolga egalik qilish bo‘yicha cheklovlarni kuchaytirish va yahudiylar jamoasini kuchayib borayotgan antisemitizmdan himoya qilish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqiriqlar paydo bo‘ldi.
Dushanba kuni Yangi Janubiy Uels shtati hukumati shoshilinch ravishda parlamentni chaqirib, «intifadani globallashtirish» iborasini taqiqlash, bir kishi ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan qurollar sonini cheklash va politsiyaning namoyishlarga qarshi vakolatlarini kengaytirish kabi bir qator yangi qonunlarni muhokama qildi.
Yangi Janubiy Uels bosh vaziri Kris Minns ba’zilar uchun bu o‘zgarishlar «haddan ortiqcha» ko‘rinishi mumkinligi, ammo bu jamiyat xavfsizligini ta’minlash uchun zarurligini ta’kidladi.
Minns Avstraliya va butun dunyodagi norozilik namoyishlarida «intifadani globallashtirish» shioridan foydalanish «global intifadaga chaqiriq» ekanini ta’kidlagan: «Bu aynan shuni anglatadi. Yaqin Sharqda emas, Isroil yoki G‘azoda emas, shu yerda, Sidneyda».
Yangi qonunchilikka ko‘ra, politsiya aksiya vaqtida namoyishchini huquqbuzarlik, shu jumladan, kichik huquqbuzarlik sodir etganlikda gumonlasa, uning yuzidagi niqobni olib tashlashi mumkin bo‘ladi. Bungacha politsiyachilar bunga faqat namoyishchi hibsga olinganidan keyin qo‘l urishi mumkin bo‘lardi.
Namoyishlar to‘g‘risidagi yangi qonunlar politsiyaga ibodat joylarida namoyishlarni cheklash va qoidabuzarliklar uchun qattiqroq jazolar qo‘llash imkonini ham beradi.
Shtatdagi yahudiy tashkilotlarini birlashtirgan Yangi Janubiy Uels yahudiy vakillari kengashi prezidenti Devid Ossip «intifada» shiorlarini taqiqlash choralari nafrat va provokatsiyaga qarshi kurashda «burilish nuqtasi» bo‘lganini ta’kidladi.
U norozilik namoyishlari chog‘ida politsiya vakolatlari kengaytirilishini ham olqishlagan.
Fuqarolik huquqlari himoyachilari va qurolga egalik qilish huquqi tarafdorlarining fikricha esa, yangi qonunlar o‘qotar qurollarni ham, norozilik namoyishlarini ham haddan tashqari cheklaydi.
Yangi qonunchilikka ko‘ra, Yangi Janubiy Uelsda litsenziya olganlar to‘rttadan ortiq o‘qotar qurolga ega bo‘lishi mumkin emas, bunda 10 tagacha stvolga egalik qilishi mumkin bo‘lgan fermerlar va sportchi merganlar uchun istisno qilinadi.
Shunga o‘xshash qonunlar joriy yil boshida G‘arbiy Avstraliya shtatida qurolga egalikni cheklash maqsadida joriy etilgandi. Mamlakatning boshqa qismlarida qurol savdosining boshqacha qoidalari mavjud, ammo litsenziyalangan egasi egalik qilishi mumkin bo‘lgan birliklar soni cheklanmagan.
Qurol to‘g‘risidagi qonundagi boshqa o‘zgarishlar orasida qurol egalari uchun litsenziyani muntazam ravishda uzaytirish muddatini besh yildan ikki yilgacha qisqartirish, shuningdek, ko‘pchilik fuqarolar uchun ochiq savdoda bo‘lgan o‘qotar qurol turlarini qayta ko‘rib chiqish kiradi.
Mavzuga oid
18:29 / 17.12.2025
Ahmad al Ahmad - Avstraliyaning suriyalik qahramoni
11:29 / 15.12.2025
Sidneyda o‘t ochganlardan birining qurolini olib qo‘ygan kishi qahramonga aylandi. Uni Tramp ham maqtadi
08:50 / 15.12.2025
AQShda universitetdagi otishmada o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi
15:10 / 14.12.2025