Jahon | 18:01 / 30.12.2025
5639
6 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Yamanga zarba berdi. Nishon – ayirmachi guruhlarni qo‘llash uchun BAAdan yuborilgan qurollar bo‘lgan

Saudiya boshchiligidagi koalitsiya kuchlari seshanba kuni Yamandagi Mukalla portiga havo zarbalari berdi. Qirollikka ko‘ra, ushbu portga «Janubiy O‘tish Kengashi» kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun BAAning Fujayra shahridan ikkita kemada qurol-yarog‘ olib kelingan.

Saudiya boshchiligidagi koalitsiya zarbasidan keyin Yamanning Al-Mukalla portida shikastlangan harbiy texnikalar. Foto: AFP / Getty Images

30 dekabr kuni Saudiya Arabistoni harbiylari Yamandagi Mukalla port shahrini bombardimon qildi.

Yamandagi qonuniy hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Koalitsiya seshanba tongida BAAdan kemalar Mukallaga yetib kelganidan keyin ularga zarba berilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Yaman mahalliy kuchlar o‘z nazoratidagi hududlarda barcha chegara o‘tish punktlarini, shuningdek, aeroportlar va dengiz portlariga kirishni 72 soatga yopdi.

Saudiya boshchiligidagi Koalitsiya matbuot kotibi Turki al-Malikiyning aytishicha, ikki kema 27-28 dekabr kunlari BAAning Fujayra portidan kelgan. Ular Koalitsiya qo‘shma kuchlar qo‘mondonligidan rasmiy ruxsat olmagan hamda yuk tushirishdan oldin kemalarning kuzatuv tizimlari o‘chirib qo‘yilgan.

Al-Malikiyga ko‘ra, bu harbiy yuklar Sharqiy Yaman viloyatlarida mojaroni avj oldirishga qaratilgan bo‘lgan. Shu sababli Yaman prezidentlik idorasi Hadramavt va al-Mahra hududlarida tinch aholini himoya qilish uchun zarur barcha choralarni ko‘rish haqida murojaat qilgan.

«Shundan so‘ng koalitsiya havo kuchlari seshanba kuni erta tongda Mukalla portida tushirilgan qurol va texnikani nishonga olgan cheklangan, aniq operatsiyani amalga oshirdi», deyiladi bayonotda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, ushbu zarba oqibatlari ekani aytilgan, lekin tasdiqlanmagan foto

Ikki manbaning Reutersʼga aytishicha, zarba ikki kemaning yuklari tushirilgan maxsus platforma – dokni nishonga olgan. Saudiya harbiylari «hech qanday qo‘shimcha zarar bo‘lmasligi» uchun hujum tunda amalga oshirilganini bildirdi. Koalitsiya shuningdek, Yamanning qonuniy hukumati va ular bilan muvofiqlashtirilmasdan har qanday davlat turli guruhlarga harbiy yordam yetkazilishining oldini olishda davom etishini bildirdi.

Hujumdan keyin Saudiya davlat televideniyesi razvedka samolyoti yoki drondan olingan videolarni namoyish qildi. Unda zirhli texnika Mukalla orqali yig‘ilish hududiga harakatlanayotgani aks etgan. Texnika turlari ijtimoiy tarmoqlardagi kadrlarga mos keladi.

Hujumda Saudiya Arabistonidan tashqari yana qaysidir davlat harbiylari qatnashgan-yoki qatnashmagani aniq emas. Zarba oqibatida qurbonlar bo‘lmagani aytilmoqda.

BAA tomoni jim

BAA hozircha ushbu zarba yuzasidan izoh bermadi. The Associated Press nashrining yozishicha, AIC sun’iy yo‘ldosh telekanali zarbalarni tan olgan. Biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, hujum St. Kits bayrog‘i ostida suzuvchi «Greenland» nomli kemaga qaratilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kema 22 dekabr kuni BAAdagi Fujayra portida bo‘lgan va yakshanba kuni Mukallaga yetib kelgan. Ikkinchi kema esa hozircha noma’lum, darhol aniqlanmadi.

Yaman bo‘yicha ekspertlar «har ikki tomondan ehtiyotkorona keskinlashuv bo‘lishini kutmoqda. Shu bilan birga, Saudiya havo hududini nazorat qilgani sababli portga hujumidan so‘ng guruhga qurol oqimi cheklanadi.

Janubiy O‘tish Kengashi va urush girdobidagi Yaman

Saudiya hujum qilgan Mukalla ham Yamanning Hadramavt viloyatida – Aden shahridan 480 kilometr shimoli-sharqda joylashgan. So‘nggi kunlarda aynan shu hududni Janubiy O‘tish Kengashi kuchlari egallab olgandi.

Yaman xaritasida Mukalla portining joylashuvi

AP'ning yozishicha, Kengash tarafdorlari ko‘proq 1967–1990 yillarda alohida davlat bo‘lgan Janubiy Yaman bayrog‘ini hilpiratmoqda.

Aslida Saudiya va BAA qo‘llayotgan Yamandagi turli guruhlar, xususan, Janubiy O‘tish Kengashi (STC – Southern Transitional Council) 2010 yillarda «bitta front»da bo‘lgan.

Janubiy O‘tish Kengashi separatistlari ham Eronga aloqador ko‘rilgan husiylarga qarshi urushda Saudiya boshchiligidagi alyans tarkibida jang qilgan. Biroq keyinchalik ular janubda o‘zini o‘zi boshqarishni talab qilishga o‘tdi.

2022 yildan beri ular hokimiyatni bo‘lishish tashabbusida bo‘lgan alohida guruhga uyushdi. Hozirda BAA tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuchlar janubda, jumladan, strategik jihatdan muhim Hadramavt viloyatini ham o‘z ichiga olgan katta hududlarni nazorat qilmoqda.

Janubiy O‘tish Kengashining harbiy kuchlari / Foto: Reuters

Hadramavt esa Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh bo‘lib, ular madaniy va tarixiy aloqalarga ega. Ko‘plab nufuzli saudiyaliklar o‘z ildizlarini shu hududga bog‘laydi.

Saudiya-BAA ziddiyati ortib bormoqda

Separatistlarning bu harakatlari esa Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi munosabatlarni yanada taranglashtiradi. Ular yaqin ittifoqchilar va OPEC a’zolari bo‘lishiga qaramay, so‘nggi yillarda mintaqaviy ta’sir va xalqaro biznes uchun raqobatga kirishgan.

Tahlilchilar Saudiyaning bu hujumlarini Janubiy O‘tish Kengashiga Hadramavt va Mahra viloyatlaridan chiqib ketish haqidagi ogohlantirish sifatida baholamoqda.

Bundan tashqari, Qizil dengiz bo‘yidagi yana bir davlat — Sudanda ham zo‘ravonlik kuchaymoqda. U yerda ham Saudiya va BAA qarama-qarshi tomonlarni qo‘llab-quvvatlayapti.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid