O‘zbekiston | 17:57 / 19.11.2025
3894
2 daqiqa o‘qiladi

Qaysi hokim natija ko‘rsatsa, shu tuman ko‘p mablag‘ oladi - prezident

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda ta’kidlanishicha 2026 yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi. Ammo mablag‘ teng taqsimlanmaydi, balki yaxshi natija ko‘rsatgan hokimlarning tumanlariga ko‘proq ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, 2026 yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi. Lekin bu mablag‘ hamma tumanga teng taqsimlanmaydi.

«Endi qaysi hokim tez harakat qilib, aniq loyiha asosida natija ko‘rsatsa, o‘sha tuman ko‘p mablag‘ oladi, dedi prezident.

Qayd qilinishicha, Do‘stlik tumaniga berilgan 5 milliard so‘m maqsadli ishlatilib, Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli ko‘chaning infratuzilmasi yaxshilandi, kun-u tun ishlaydigan maskanga aylantirildi. Ishning samarasi ko‘ringani sababli tumanga yana 10 milliard so‘m ajratilgan edi, ko‘chaga tutashgan daryo bo‘yi obodonlashtirildi, savdo-servis uchun qo‘shimcha joy ochildi. Natijada 130 nafar yangi tadbirkor ish boshlab, 700 nafar odamni band qildi. Lekin xuddi shunday loyihalar uchun mablag‘ olgan Uchko‘prik, Bektemir, Jomboy, Kitob, Toshkent tumanlarida hali natija ko‘ringani yo‘q.

Viloyat hokimlariga ish o‘rni yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga katta turtki beradigan loyihalarni saralab, barcha tayyorgarlikni shu yilning o‘zida oxiriga yetkazish topshirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid