Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoning eng yirik samolyoti: Rossiya armiyasi yakson qilgan An-225 «Mriya»ni tiklab bo‘ladimi?
2022 yil 25 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya harbiylari Kiyev viloyatining Gostomel shahridagi angarda turgan An-225 «Mriya»ga shikast yetkazdi. Shu tariqa 35 yildan buyon dunyodagi eng yirik transport samolyoti maqomini egallab kelayotgan An-225 yaroqsiz holga keldi. Ukraina tomoni hozir ikkinchi An-225 samolyoti yasalayotganini ma’lum qilgan. Biroq uning qachon foydalanishga topshirilishi noma’lum.
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirdi va qisqa muddatda mamlakatning ancha qismini bosib oldi. Rus harbiylari Ukrainadagi ko‘plab shaharlarni vayron qilishdi. Infratuzilmani izdan chiqarishdi. Suv omborlari, AESlar xavf ostida qoldi.
Bundan tashqari, Rossiya armiyasi Ukraina faxri bo‘lgan, dunyodagi eng yirik transport samolyoti sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan samolyotga shikast yetkazishdi.
Rus harbiylari Kiyev viloyatidagi Gostomel shahridagi angarda turgan An-225 «Mriya» samolyotini yaroqsiz holga keltirishdi.
An-225 «Mriya» tarixi
1980-yillar boshida SSSR ministrlar soveti rekord darajada yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lgan og‘ir transport samolyotini yasash haqida qaror chiqaradi.
Qarorga ko‘ra taniqli aviakonstruktor Viktor Tolmachev yangi samolyotni yasab chiqishga mas’ul etib tayinlanadi. Samolyotga An-225 «Mriya» nomi beriladi va uni Kiyevdagi Antonov nomidagi mexanika zavodida yig‘ish belgilanadi.

Muhim loyihaga Tolmachevning rahbar etib tayinlanishi bejizga emasdi. U biroz avval An-124 «Ruslan» deb nomlangan og‘ir yuk ko‘taruvchi transport samolyotini yasab chiqqandi. An-124 ham Kiyevdagi zavodda yig‘ilayotgandi.
1985 yilda KPSS markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosida An-225 «Mriya»ni yasab chiqishni tezlashtirish haqida qaror qabul qiladi.
Gigant samolyotni yasash juda ko‘p ehtiyot qismlar talab qilardi. Shu sababli An-225ga kerak bo‘ladigan asosiy ehtiyot qismlarni Antonov zavodi bilan birga SSSRdagi boshqa aviatsiya birlashmalarida ishlab chiqarish ko‘zda tutilgandi. Bu uchun aviatsiya zavodlari kooperatsiyaga birlashtiriladi.
Kooperatsiya tarkibida Toshkent aviatsiya zavodi ham bor edi va bu yerda An-225 uchun qanotlar va boshqa ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.
Bir necha yillik mehnatdan so‘ng nihoyat 1988 yil dekabr oyida samolyot tayyor bo‘ladi. Uning ilk sinov parvozi o‘sha yili 21 dekabrda amalga oshiriladi. Bir yarim soat davom etgan parvozda An-225 da jiddiy kamchiliklar ko‘rinmaydi va u sinovdan ijobiy o‘tadi.
An-225 samolyotining imkoniyatlari
- Turboreaktiv dvigatellar soni – 6 ta;
- Qanotlarning umumiy uzunligi – 88,4 metr;
- Samolyotning uzunligi – 84 metr;
- Balandligi – 18,2 metr;
- Samolyotning og‘irligi – 216 tonna;
- Bo‘sh holda uchish masofasi – 15 400 km;
- Yuk bilan uchish masofasi – 4 000 km;
- Yuk ortish kabinasi o‘lchami – uzunligi 43 metr, eni 6,4 metr, balandligi 4,4 metr;
- Ekipaj soni – 6 kishi;
- Maksimal yuk ko‘tarish quvvati – 250 tonna;
- Qo‘nmasdan uchganda tavsiya etilgan yuk og‘irligi – 180-200 tonna;
- Qit’alararo uchganda tavsiya etilgan yuk og‘irligi – 150 tonna;
An-225 kosmik kema uchun yasalganmi?
1980-yillar boshida SSSR kosmosni o‘zlashtirishda AQShliklardan ortda qola boshladi. Bunga sabab AQSh kosmik raketalar uchirishda ancha muvaffaqiyatga erishgan va parvozlar uchun kamroq pul sarflardi.
Gap shundaki, 1981 yilda AQSh ko‘p marta foydalanadigan kosmik kema yaratadi va parvozlarda ulardan foydalana boshlaydi. SSSRda esa unday qurilma yo‘q edi. Barcha parvozlar bir martalik kosmik kemalarda amalga oshirilar va shu sababli xarajatlar oshib ketardi.
Ana shunday sharoitda SSSRda konstruktorlar oldiga ko‘p marta foydalanadigan kosmik kema yaratish topshirig‘i qo‘yiladi. Nihoyat 1989 yilga kelib SSSRda «Buran» nomi bilan bir dona (!) ko‘p marta foydalanadigan kosmik kema yasaladi.

O‘shanda «Buran»ni yaratish ustida ishlar ketayotganda uni olib yurish uchun maxsus samolyot yasashga qaror qilishadi. Bu An-225 bo‘lishi kerak edi.
Tasodifmi yoki belgilangan reja shunday bo‘lganmi, An-225 va «Buran» oldinma-keyin tayyor bo‘ladi. 1988 yil noyabrda «Buran»ning, dekabrda An-225 ning ilk sinov parvozi muvaffaqiyatli o‘tkaziladi.
An-225 va «Buran»ning birgalikdagi parvozi
1989 yilda An-225 va «Buran» birgalikda bir necha marta birga uchishadi. Bunda «Buran» An-225 ning tepasiga ortiladi va maxsus uskunalar bilan mahkamlanadi. Ular shu tarzda parvoz qilishadi.
Birinchi parvozda An-225 «Buran»ni Moskvadagi zavoddan Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga olib keladi. So‘ng uni Parijdagi xalqaro aviashouda namoyish etish uchun Fransiyaga olib boradi. Uchinchi parvozda An-225 «Buran»ni ustiga mindirib Vladivostokkacha borib keladi.
Biroq «Buran» baribir o‘zini oqlamaydi va biron marta ham fazoga parvoz qilmasdan «brak»ka chiqadi. An-225 samolyoti esa...
An-225 ning qayta tirilishi
SSSR parchalanib ketgach An-225 Ukraina tasarrufida qoladi. Biroq samolyot 1994 yilda parvozlarni to‘xtatadi. Uning dvigatellari parvoz qilib yurgan An-124 samolyotlariga olib qo‘yiladi.
2000 yil boshida Ukrainadagi Antonov davlat aviatsiya korxonasida An-225 qayta ta’mirlanadi. 2001 yilda xalqaro aviatsiya qo‘mitasi unga xalqaro sertifikat beradi. Shundan so‘ng An-225 tijorat parvozlarini boshlab yuboradi.
Ukrainada samolyotga Antonov aviatsiya korxonasi qoshida ochilgan Antonov Airlines egalik qiladi.

2016 yilda An-225 Ukrainadan Avstraliyaga parvoz qiladi. Bu uning uzoq masofaga qilgan ilk parvozi edi.
Samolyot manzilga yetguncha to‘rt joyda, Praga, Turkmanboshi, Haydarobod va Kuala-Lumpurda qo‘nib o‘tadi. Samolyot Avstraliyaning Petr shahri aeroportiga qo‘nganda uning ichida 117 tonna og‘irlikdagi generator bor edi. O‘shanda An-225 15,5 ming kilometr masofani bosib o‘tgandi.
O‘sha yili An-225 Braziliyaga ABB kompaniyasining 155 tonnalik elektroturbinasini olib boradi. O‘shanda yukning umumiy og‘irligi 182 tonna bo‘lgan.
O‘sha yili 10 noyabr kuni Germaniyaning Leypsig shahri aeroportida An-225ni samolyotlar turargohiga joylash vaqtida uning ikkinchi dvigatelda nosozlik ro‘y beradi. Tekshirib ko‘rilganda nosozlik jiddiy emasligi oydinlashadi. Samolyot ertasi kuni yana parvoz qiladi.
2019 yilda samolyot ta’mirlanadi va unga «Ivchenko-Progress» kompaniyasida ishlab chiqarilgan yangi dvigatellar o‘rnatiladi. 2020 yilda ta’mirdan so‘ng ilk parvozni Xitoyning Tyanszin shahriga amalga oshiradi. Yo‘lda Olmaota shahrida to‘xtaydi va unga yoqilg‘i quyiladi.
Samolyotning vayron qilinishi
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan kuni An-225 Kiyev viloyati Gostomel shahridagi Antonov Company korxonasiga qarashli angarda turgan edi.
Samolyotning bitta dvigateli ta’mirlash uchun yechib olingan va u dushmanlardan qochib ketish uchun ucha olmas edi. 25 fevral kuni Rossiya harbiylari Antonov aeroportini egallash uchun hujum boshlaydi.
Qaqshatqich janglar davomida rus harbiylari angarda turgan An-225 ga jiddiy talafot yetkazadi. Oqibatda dunyodagi eng yirik transport samolyoti yaroqsiz holga keladi.

2022 yil 3 mart kuni Rossiya markaziy telekanalida An-225 turgan angardan lavha efirga uzatiladi. Unda shikastlangan samolyot ham ko‘rsatiladi. Lavhada samolyot fyuzelyajining old qismi yong‘in oqibatida yaroqsiz holga kelgani ko‘rsatiladi.
Ko‘p o‘tmay rus harbiylari Kiyev viloyatida mag‘lubiyatga uchrab chekinishadi. Shundan so‘ng An-225 yaroqsiz holga kelgani, biroq uni ta’mirlash mumkinligi oydinlashadi.
O‘shanda Ukraina mudofaa vazirligi An-225 ni ta’mirlash uchun 3 milliard dollar mablag‘ va bir necha yil lozimligini ma’lum qiladi.
Ikkinchi An-225
1980-yillar oxirida birinchi An-225 ning sinov parvozi muvaffaqiyatli amalga oshirilgach Antonov zavodida ikkinchi samolyotni yasash ishlari boshlab yuboriladi. Biroq SSSR parchalanib ketgach ishlar to‘xtab qoladi.
Keyinchalik Ukraina buyurtma bo‘lsa ishni oxiriga yetkazib ikkinchi An-225 samolyotini yasab berishini ma’lum qiladi, biroq narx juda balandligi uchun xaridor chiqmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, samolyotning sentroplan, fyuzelyaj va qanotlari tayyor bo‘lgan va u Antonov aviatsiya zavodlaridan birida saqlangan.
2016 yilda Antonov korxonasi Xitoyning Aerospace Industry Corporation of China kompaniyasi bilan ikkinchi An-225 ni to‘liq bitkazish va Xitoyga sotish bo‘yicha kelishuv imzolaydi.
Biroq 2017 yilda OAVda Xitoy samolyotni sotib olish fikridan voz kechgani haqida xabarlar tarqaladi.
2019 yilda Britaniyaning Daily Mirror nashri Ukraina o‘z kuchi bilan ikkinchi An-225 ni qurib bitkazishga qaror qilgani haqida yozib chiqadi.
2022 yilda An-225 yakson qilingandan so‘ng Ukraina tomoni ikkinchi An-225 ni tiklashini, uning 70 foiz ishi bajarilganini ma’lum qildi.
2022 yil 7 noyabr kuni Antonov korxonasi maxfiy joyda ikkinchi An-225 samolyoti yasalayotganini va shikastlangan birinchi An-225 samolyotining ehtiyot qismlari unga qo‘yilayotgani haqida xabar berdi.

An-225 ga tegishli rekordlar
An-255 aviatsiya tarixida havoga ko‘tarilgan eng og‘ir yuk samolyoti hisoblanadi.
U ilk rekordni 1989 yilda o‘rnatgan va o‘shanda 156,3 tonna yuk ortib parvoz qilgan.
2004 yilda Zeromax GmbH kompaniyasi buyurtmasi bilan Pragadan Toshkentga 250 tonna maxsus texnikalardan iborat yukni olib keladi. Bu yangi rekord edi.
2009 yilda An-255 ning yana bir rekordi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritiladi. O‘shanda samolyot Armanistonda qurilayotgan elektrostansiya uchun Germaniyadan Yerevanga 187,6 tonna yuk olib kelgan (174 tonna og‘irlikdagi ulkan generator va boshqa jihozlar).

2010 yilda samolyot eng uzun o‘lchamdagi yuk ortish bo‘yicha yana bir rekord o‘rnatadi. U shamol elektrostansiyasiga o‘rnatiladigan, har birining uzunligi 42,1 metr bo‘lgan ulkan ikkita parrakni ortib parvoz qiladi.
Samolyotning og‘ir yuk ko‘tarish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichi 253,8 tonna bo‘lgan.
Umumiy hisobda An-225 yuk ortish va ko‘rsatkichlar bo‘yicha jami 250 dan oshiq dunyo rekordlarini o‘rnatgan.
An-225 pochta markalari va pul birliklarida
- 1987 yilda SSSRda An-225 tasviri tushirilgan maxsus konvert chiqarilgan;
- 1996 yilda Ukraina pochtasi An-225 tasviri tushirilgan pochta markasi chiqargan;
- 2002 yilda Ukrainada An-225 tasviri tushirilgan 5 va 20 grivnalik yubiley tangalari zarb etilgan;
- 2003 yilda Solomon orollarida zarb etilgan 25 dollarlik, 2008 yilda Kuk orollarida zarb etilgan 1 dollarlik kumush tangalarga An-225 samolyoti tasviri tushirilgan.

Dunyoning eng yirik transport samolyotlari
An-225 «Mriya»
Yakson qilinishidan avval An-225 «Mriya» dunyodagi eng yirik transport samolyoti edi.
Boeing 747 Dreamlifter
Boeing 747 Dreamlifter samolyotining birinchisi 2006 yilda ishlab chiqarilgan. Hozirgi kunda undan to‘rtta bor. Ushbu samolyot 100 tonnadan oshiq yukni ko‘tarib ucha oladi.
Aero Spacelines Super Guppy
Aero Spacelines Super Guppy samolyoti 1965 yilda aerokosmik tadqiqotlar uchun NASA buyurtmasi bilan Boeing kompaniyasida ishlab chiqarilgan. Mazkur samolyotdan 5 dona yasalgan va u 77 tonnadan oshiq yukni ortib ucha oladi.
An-124 «Ruslan»
An-124 «Ruslan» samolyoti 1980-yillar boshida ishlab chiqarilgan. Keyinchalik mazkur samolyotning turli modifikatsiyalaridan Ukraina va Rossiyada 55 dona ishlab chiqarilgan. Garchi An-124 «Ruslan»ning yuk ko‘tarish quvvati 120 tonna bo‘lsa ham u asosan 50-60 tonna yuk ortib uchadi.

Lockheed C-5 Galaxy
Lockheed C-5 Galaxy samolyoti 1968 yilda AQSh harbiy havo kuchlari uchun ishlab chiqarilgan. Uning maksimal yuk ko‘tarish quvvati 122 tonna. Biroq odatda unga ham 50-60 tonna atrofida yuk ortiladi. Mazkur samolyotlardan jami 131 dona ishlab chiqarilgan.
Airbus A300-600ST Beluga
Airbus A300-600ST Beluga samolyoti ilk bor 1995 yilda foydalanishga chiqarilgan. Bu samolyotdan jami 5 dona yasalgan va u 47 tonna yuk ko‘tara oladi.
An-22 «Antey»
An-22 «Antey» samolyotining ilk parvozi 1965 yilda amalga oshirilgan. 1965-1976 yillar oralig‘ida Toshkent aviatsiya birlashmasida undan jami 67 dona ishlab chiqarilgan. An-22 «Antey» samolyotlaridan asosan SSSR harbiy havo kuchlari foydalangan. Mazkur samolyotlarning maksimal yuk ko‘tarish quvvati 80 tonna bo‘lsa ham, unga 30-40 tonna yuk ortilgan.
Boeing C-17 Globemaster III
Boeing C-17 Globemaster III samolyoti 1991 yilda harbiy maqsadlarda foydalanish uchun ishlab chiqarilgan. O‘shandan buyon Boeing kompaniyasi mazkur samolyotlardan qariyb 300 dona ishlab chiqargan. Bugun ulardan AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya harbiy havo kuchlari foydalanmoqda. Mazkur samolyotning maksimal yuk ortish quvvati 77 tonna bo‘lsa ham, unga asosan 30-40 tonna yuk ortiladi.
Il-76
Il-76 samolyotining ilk parvozi 1971 yilda amalga oshirilgan. Il-76 dan qariyb mingta ishlab chiqarilgan va hanuzgacha undan dunyoning ko‘plab davlatlari harbiy maqsadlarda foydalanib kelmoqda.
O‘z vaqtida Il-76 samolyotlari Toshkent aviatsiya birlashmasida ham ishlab chiqarilgan. Ularning maksimal yuk ortish quvvati 60 tonna bo‘lsa-da, Il-76 larga asosan 30-40 tonna yuk ortilgan.

Airbus A400M Atlas
Airbus A400M Atlas samolyoti nisbatan yangi model hisoblanadi. U ilk parvozni 2009 yilda amalga oshirgan. To‘laqonli foydalanish 2013 yildan boshlangan. O‘tgan yillar mobaynida bu samolyotdan 115 dona ishlab chiqarilgan. Airbus A400M Atlas 30-40 tonna yuk ortiladi.
Lockheed Martin C-130J Super Hercules
Harbiy maqsadlar uchun chiqarilgan mazkur samolyotning ilk parvozi 1954 yilda amalga oshirilgan. Hozirgi kunda undan AQSh, Jazoir, Angola, Argentina, Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Boliviya, Botsvana, Braziliya kabi davlatlarda harbiylari foydalanishmoqda. Bu samolyotdan jami 2600 dona ishlab chiqarilgan. Samolyotning yuk ko‘tarish quvvati 19 tonna.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
15:18 / 22.01.2026
Grenlandiya bo‘yicha bahs Ukrainaga ko‘mak haqidagi muzokaralarni izdan chiqardi
14:05 / 22.01.2026
RF Ukrainaga “Iskander” va qariyb 100 ta dron bilan hujum qildi
12:56 / 22.01.2026
Tramp Davosda Zelenskiy bilan uchrashmoqchi
10:13 / 22.01.2026