O‘zbekiston | 15:41 / 28.04.2026
3487
10 daqiqa o‘qiladi

Qurilishda yangi talab, qog‘oz sarfiga cheklov va elektromobilni quvvatlashda subsidiya: 1 maydan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2026 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib o‘tadi.

Qog‘oz sarfi cheklanadi

2026 yil 1 maydan boshlab keyingi 5 yil davomida davlat tashkilotlarida qog‘oz xarajatlari kamaytirib boriladi. Bu haqda hukumatning 2026 yil 18 martdagi tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:

  • kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
  • printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
  • har oyda 1 marotaba «Qog‘ozsiz bir kun» ekoaksiyasi o‘tkaziladi.

2026 yil 1 iyunga qadar ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi qutilari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.

Bundan tashqari, 1 maydan har oyda bir marotaba «Qog‘ozsiz bir kun» ekoaksiyasi o‘tkaziladi. Ushbu kun davomida xodimlarning hujjatlarni to‘liq elektron shaklda yuritishi tashkil etiladi.

1 maydan idoraviy arxivlardagi hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda ularni davlat arxiviga elektron shaklda topshirishni yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan.

Domofonsiz ruxsat yo‘q

2026 yil 1 maydan boshlab yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylar uchun ayrim talablar qo‘yilmoqda. Bu davlat rahbarining 2026 yil 5 fevraldagi tegishli qarorida qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir pod’yezdga, liftlarga va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon komplekslari o‘rnatish nazarda tutiladi:

Bunda:

  • ushbu obektlar loyiha hujjatlariga kiritilmaganda loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish taqiqlanadi;
  • mazkur mulklar umumiy mol-mulk hisoblanadi va ular saqlash uchun belgilangan tartibda boshqaruvchiga topshiriladi hamda tegishli ma’lumot «Mening uyim» ABTning «Turar joy» axborot bo‘limiga kiritiladi.

Qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan kadastr pasporti «Mening uyim» ABTning «Turar joy» axborot bo‘limida avtomatik ravishda aks ettiriladi. Kuzatuv kameralari va domofon o‘rnatilmagan hollarda ko‘p kvartirali uyni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylardagi markaziy elektr taqsimlovchi qurilmalar hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan (hisobidan) ekspluatatsiya qilinadi.

Markazlashgan oqova suv tarmoqlariga ulanmagan ko‘p kvartirali uylarning oqova suvlarini olib chiqib ketish xizmati «O‘zsuvta’minot» AJning tizim korxonalari tomonidan rejali tarzda, iste’molchilar bilan shartnoma asosida yoki xizmat narxi ichimlik suv tarifiga qo‘shilgan holda amalga oshiriladi.

«10 ming qadam piyoda» tashabbusi tiklanadi

2026 yil 25 martda prezidentning «Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, 1 maydan “10 ming qadam piyoda” tashabbusi qayta tiklanadi va “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Platforma uchun har yili Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 10 mlrd so‘m ajratiladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 maydan boshlab tabiatni muhofaza qilish sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan yoshlar hamda ekoa’lochi maktab o‘quvchilarini rag‘batlantirish maqsadida «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Ko‘krak nishon quyidagi darajalarda bo‘ladi:

  • maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali “Yosh ekolog”;
  • texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida II darajali “Yosh ekolog”;
  • xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida I darajali “Yosh ekolog”.

Elektromobilni quvvatlashda subsidiya beriladi

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kWh elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Bunday tartib 2026 yil 1 maydan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.

Bu – prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturida ko‘rsatilgan.

Shuningdek, quvvatlash stansiyalari uchun sotib olinadigan yer maydonlarining auksiondagi boshlang‘ich narxi ularning bozor qiymatidan 2 barobar arzon narxda belgilanadi. Bu topshiriq ijrosi ham 2026 yil 1 maydan boshlanadi.

Boshqa o‘zgarishlar

2026 yil 1 maydan boshlab:

  • muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarni, shuningdek, askarlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • Hisob palatasi hududlarda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini o‘rganib borish bo‘yicha ishchi guruhlar orqali g‘olib bo‘lgan loyihalarni qonunchilikka asosan moliyalashtirish va ularning samaradorligini ta’minlash jarayonlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi va har yil yakuni bo‘yicha Prezident administratsiyasiga axborot kiritib boradi;
  • patensiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat ko‘rsatishni) yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026 yil 1 maydan 2029 yil 1 maygacha bo‘lgan davr uchun foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi;
  • har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi;
  • Prezident Virtual qabulxonasi axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi;
  • aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi;
  • har qanday darajadagi standartlardan foydalanishga ixtiyoriy tus beriladi, xalqaro (mintaqaviy, xorijiy) standartlarni respublika hududida qabul qilishning xalqaro amaliyoti joriy etiladi hamda standartlarning rasmiy ro‘yxati milliy standartlar darajasida shakllantiriladi;
  • Umra tadbiriga olib borish “Haj va Umra” yagona portalida majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi. Ziyoratchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni portalga kiritmasdan ushbu tadbirlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • ta’lim kreditini olish uchun arizalar Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Ta’lim krediti” axborot tizimi (talim-krediti.mf.uz) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali taqdim etiladi;
  • tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi;
  • arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda ayrim hujjatlarni talab qilish bekor etiladi;
  • eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan, sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadigan “aqlli” migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi;
  • nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironligi bo‘lgan, I va II guruh nogironlari) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi;
  • barcha turdagi litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi hamda faqat “Lisenziya” axborot tizimi yoki Yagona portal orqali amalga oshiriladi. Bundan Markaziy bank hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli bo‘lgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari mustasno.
Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid